Shabnamli daraxtlar yarqirab ketdi

Vatan

Tunlari cho'g' kabi yaltirar yulduz,

Kunduzi olovday yonadi oftob.

Issiq kunlarida o'riklar gullar,

Issiq tuprog'ida o'sadi paxta.

Yomg'irlar yog'adi, shamollar esar,

Go'yo yo'q hech qanday mo''jiza-yu sir.

Baribir quvonchim, armonim bilan

Shu yerda yashagim kelar bir umr.

 Quvonch

Tog'lar yelkasiga sig'magan irmoq–

Sasidan sukunat eshigi sindi.

Rangin chechaklarga aylandi tuproq,

Zaminning chiroyi endi bilindi.

Quyoshniki bo'ldi bepoyon samo,

Nurlarning yo'llari uzaydi.

Orzuli-havasli kunlar beorom

Novdalarni gullar bilan bezaydi.

Ildizdan boshlab uchiga qadar

Gulga to'lib ketdi og'ochlar jismi.

Bog'larda adashib qoldi shabada,

Rangidan mastmi yo bo'yidan mastmi?..

Oftobning anhorga chizgan naqshini

Majnuntol kun bo'yi ko'rib to'ymaydi.

Yuksakda kuylamoq shuncha yaxshimi,

Odamlardan ko'proq qushlar kuylaydi.

Yana o'z ranglari qaytgan bag'ringda,

Yurtim, ko'nglim to'lib yurib quvondim.

Yana kuz zahmati, qishning zahridan

Omon chiqqaningni ko'rib quvondim.

O'zbekiston. Bahor

Quyosh – bir mehribon:

tog'larning bo'yniga mingan muz– yuqni

ohista itarib tushirdi.

Lolalar aqlli:

anorrang ko'ylak kiyib, toshlarning

ko'rimsiz joylarin yashirdi.

Yalpizlar kuyunchak:

ikki qirg'oqaro siqilmasin deb,

baravar ko'tardi bari qoshiga.

Daraxtlar bir ahil:

shavq bilan qo'liga tizgan gullarni

baravar ko'tardi bari boshiga.

Qizg'aldoq jur'atli:

tomlaring ustiga yugurib chiqib,

shamolda yiqilmay turibdi kulib.

Bulutlar fidoyi:

marvarid, durlarni sochib tashlashdi,

o'tkir chaqmoq bilan ko'ksini tilib.

Yer qattiq quvondi, uning quvonchi

Yuziga yoyildi bo'lib gul, chechak.

Shunchalar yaxshi bu o'lkada endi

Eng yaxshi odamlar yashashi kerak.

* * *

Fevralga sochilib qoldi sukunat,

Daryolar bag'riga quyildi ko'shiq.

Tog'larga yoyilib ketdi lolalar –

Cho'qqilar boshiga qo'nganday ufq.

Zangori kengliklar sayyohi – Quyosh

Yerni nur qo'lida silay boshladi.

Bir fasl qo'shig'in asragan bog'lar

Bulbulning tilida kuylay boshladi.

Shirinlashib ketdi havoning hidi,

Ulkan tuyg'ulardan jonim suyunar.

Qish, sokin xonamda o'ylagan o'yim,

Orzuim o'zimga kichik tuyilar.

Ko'ryapman: moviy ko'k, alvon ufqlar,

Bu kunlar ko'plarning yuragida bor.

Eng buyuk orzular yashasin, deya

Qalblarni ulg'aytib yubordi bahor.

 Mening nasibam

Yozilgan bo'larmish mening nasibam,

Ko'rarmishman unda nima bo'lsa ham.

Tezoqar daryoning to'lqinlariga,

Yangi yongan gulxan yolqinlariga,

Haqiqat so'zining yaqinlariga

Yozilgan bo'lsaydi mening nasibam.

Mitti boychechakning bardoshlariga,

Bahor bulutining baxt yoshlariga,

Saraton ko'kining quyoshlariga,

Yozilgan bo'lsaydi mening nasibam.

Qo'llardan ko'kargan yerlarga tutash,

Yurak parchasiday she'rlarga tutash,

Faqat yonish, manglay terlarga tutash

Yozilgan bo'lsaydi mening nasibam.

Yozilmagan bo'lsa shularga agar,

Oppoq-oppoq tursin, o'zim yozaman.

* * *

Sovuqdan kichrayib qolgan quyoshni

Isitgim keladi bag'rimga bosib,

Havoyi bulutning kuydirib ko'zin.

Sal o'tmay turnalarning qanotlaridan

Tushib qolar edi xushbo'y bir fasl,

Quchoqlab yalpizning yoqimli isin.

Kurtaklar jilmaya boshladi asta…

Ular bir ochilib jilmayganida

Labida unardi ol, pushti gullar.

O'rikzor bog'larni qilib elagi,

Quyoshning ming tusli shu'lalarini

Sermaysa zaminga elardi yellar…

Baridan ketyapman…

Qadrdon qishloqning yashil suvrati

Ko'zimdan qalbimga cho'kib ketar jim.

Endi olamdagi uzun yillarda

Qalbimga termulib yashaydi ko'zim.

* * *

Shu kunlar har tongda nam bulutlarga

Yuqadi quyoshdan sachrab ketgan rang.

Shu'lalar quyulib turganday tuyular

Keyin bulutlarning qatlaridan ham.

Shu kunlar

Shabnam-shabnam bo'lib yashamas uzoq,

Oftob tolasiga aylanib ketadi.

Keyin tanasida harorat sezib,

Maysalar titroqdan to'xtaydi.

O'rikning o'rikligi bilinmay qoladi.

Bilinmas bodomning bodom ekani

Ular baland-baland gulga o'xshaydi.

Shu kunlar

Bir bor gullamagan teraklardan ham,

Bir bor gullamagan giyohlardan ham

Gullarning nafasi keladi.

Eh shunda

Quyoshu samoning biri-birini

Sog'inib yashagan chog'lari tugab,

Visoli boshlangan fasllarda ham

Faqatgina sevgi tuyg'usi bilan

Yashay olmasliging alam qiladi.

 Siz shuncha yaxshisiz

(Turkumdan)

To'xtaysiz yana bir ko'rgingiz kelib…

To'xtaysiz yana bir ko'rgingiz kelib,

Qarog'ingiz – suvga cho'kayotgan cho'g'.

Tashlab ketmoqlikka ko'zingiz qiymas,

Olib ketolmaysiz, ilojingiz yo'q.

* * *

So'roqladim, topdim siz sevgan kuyni,

Siz sevgan gullarni saralab qo'ydim.

Siz sevgan ranglarda yasatib uyni,

O'zim ham shu rangda liboslar kiydim.

Lahzalar qalbimga sezdirib kechdi,

Siz bo'lib tuyuldi o'tgan har sharpa.

Eshikni ko'p marta yugurib ochdim

Va ohista yopdim yana ko'p marta.

Siz-chi ostonadan ketdingiz qaytib,

Sog'inchingiz… so'ngra uzringiz aytib.

* * *

Kelinchak oromin sindiradi Vaqt,

Hali qaylardadir mast uyquda tong,

Olamning ko'ylagi yupqa surmarang.

O'rikzorda mayin kuylab oqar soy,

Bulbulning sasiga basma-basiga.

Kelinchak shavq bilan tingladi lahza,

Suv… dalalar keldi birdan esiga.

Sabo naq yoniga keltirib to'kdi,

Atirgulning tansiq, jonbaxsh bo'ylarin.

Kelinchak entikib dil bilan o'pdi,

So'ng yana dalalar tortar o'ylarin.

Nigohida turib qoladi uzoq

Atirgulcha kelgan g'o'za bo'ylari.

Sog'inch bilan qarab qo'yib yoniga,

Turdi va bepardoz kiyindi zumda.

Yulduzli tun tamom ketib ulgurmay,

U sekin yo'l oldi uzun kunduzga…

QUTLIBEKA

Muallif haqida:

Qutlibeka Rahimboyeva — Turkmaniston Respublikasi Toshhovuz shahrida tug'ilgan. Farg'ona pedagogika institutining filologiya fakultetini tamomlagan (1974).

O'rta maktabda, Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot institutida, G'afur G'ulom nomidagi Adabiyot va san'at nashriyotida, “Saodat” jurnali va “Gulchehralar” gazetasida ishlagan.

“Yuragimda ko'rganlarim”(1981), “Uzun kunduzlar”(1984), “Uyg'onish fasli”(1989), “Ozodlik”(1998), “Ko'ksimdagi Tangritog'”(2000), “Qorako'zlarim”(2012) kabi she'riy to'plamlari nashr etilgan.

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi(1994).

“Shuhrat” medali sohibi (1999).

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

thirteen + five =