O'qituvchi kompyuterda ishlay olsin

Ma'lumki, Hazrati Alisher Navoiy ijodi — bir buyuk ummon. Ammo bobomiz merosini to'laligicha umumiy o'rta ta'lim maktablari darsligiga kiritishning umuman imkoni yo'q.

Bugun kompyuterlashtirilgan texnologiyalar imkoniyatlaridan keng foydalanilmoqda. Shu qatori adabiyotshunoslik fani, undagi atoqli mutafakkir shoirlar ijodini ilmiy o'rganishda internet tizimi qulay manbaga aylandi. Endilikda barcha til va adabiyot fani o'qituvchilari o'z kompyuteriga ega bo'lishi, dars jarayonini zamonaviy texnik jihozlar bilan olib borishi kerak.

Kompyuteri yoki noutbuki bor, internetga ulangan o'qituvchilar, oz bo'lsa-da, maktablarimizda bor, ammo ularning orasida kompyuterda ishlashni bilmaydiganlari ham talaygina.

Masalaning yana bir jihati shundaki, darsda berilgan uyga vazifani o'quvchi bajaraman desa, juda oson, uning qo'lida mobil aloqa vositasi bor, internetga kirib kerakli ma'lumotni olishi mumkin. Ammo bugungi kun o'quvchisi kun sayin yengil hayotga o'rganib borayapti. Ularni mumtoz adabiyotga qiziqtirish uchun oilada ota-onasi, maktabda o'qituvchisining o'zlari mumtoz adabiyotni bilisharmikin?..

Ochig'ini aytsam, o'zim dars beradigan maktabda g'azalnavis shoirlarimiz ijodiga qiziqadigan o'quvchilar ko'p. Ular Navoiy, Lutfiy, Atoiy kabi klassik adiblar yaratgan o'ziga xos falsafiy maktab g'oya­lariga, ma'naviy yetuklikka chorlovlariga o'zgacha qiziqish bilan yondashadi. G'azallardagi nafislikdan tashqari, ma'no va mohiyatini bilishga harakat qilishadi. Dars jarayonida ham bilgisi kelgan narsasini so'rashdan hech ikkilanishmaydi. Aslida o'quvchi ana shunday bo'lishi kerak.

Bunday payt o'qituvchi oson va zavq bilan dars o'tadi. O'z ishidan mamnun bo'ladi. O'quvchining o'zida o'rganishga ishtiyoq bo'lsa, biron asarni internetdan topishga, qog'ozga chiqarishga hamda yodlashga tutinadi, buni qiynalmay bajaradi. Albatta, qiziqishi yo'q bolalarga o'qituvchining o'zi shu asarni topib, qog'ozda nusxasini chiqarib, qo'liga tayyor qilib berishi  kerak. Ularni qiziqtirishning oson yo'li shu, uyda dars qilmaslikka bahona qoldirmaslik lozim.

Alisher Navoiyni o'rganish — o'zligimizni anglashdir. O'qituvchi sifatida ota-onalar farzandlariga eng qimmatbaho qo'l telefoni o'rniga kompyuter olib berishi lozim, deb o'ylayman. Kompyuter bolada mas'uliyat hissini uyg'otadi, qo'l telefonlari turli ijtimoiy tarmoqlarga kirishga, bo'lar-bo'lmas filmlar ko'rishga odatlantiradi.

Mazkur yilni muhtaram Prezidentimiz “Ilm, ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”, deb nomladilar. Endilikda hayotning barcha jabhalarini raqamli taraqqiyotga o'tkazish, jumladan, maktablarda ham kompyu­­terdan foydalanishni kuchaytirishni davrning o'zi taqozo etmoqda.

Nigora Bo'ronova,

Shofirkon tumanidagi 15-umumiy

o'rta ta'lim maktabi o'qituvchisi.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

nineteen − 6 =