Pok niyatlar, xayrli ishlar ijobati

O'zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri, xalq artisti Ozodbek Nazarbekovga

Hurmatli Ozodbek Ahmadovich!

Sizni avvalo O'zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri etib tayinlanganingiz bilan samimiy tabriklayman. Bu sharafli lavozimga har jihatdan loyiqsiz. Sohani yaxshi bilasiz. Ipidan-ignasigacha desam, aslo mubolag'a bo'lmaydi. Chunki, ko'p yillardan buyon vazirning o'rinbosari, birinchi o'rinbosari vazifalarida ishlab katta tajribaga ega bo'ldingiz. Sizga ko'proq davlat odami, sohaning asosiy rahbari sifatida murojaat qilyapman. Ayni paytda xalqimizning sevimli va ardoqli san'atkori sifatida ham.

Men salkam 40 yildan buyon matbuotda san'at va madaniyat jurnalistikasi bo'yicha faoliyat yuritib kelayotganim bois, til uchida turgan ayrim mulohazalarimni aytishni lozim topdim. Bunga ozgina bo'lsayam ma'naviy haqqim bor, deb o'yladim. Qolaversa, bu dadillikka Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasi ham undadi.

Murojaatnomada shunday ibratli so'zlar bor: “Sharq donishmandlari aytganidek: “Eng katta boylik – bu aql-zakovat va ilm, eng katta meros – bu yaxshi tarbiya, eng katta qashshoqlik – bu bilimsizlikdir!”

Shu sababli hammamiz uchun zamonaviy bilimlarni o'zlashtirish, chinakam ma'rifat va yuksak madaniyat egasi bo'lish uzluksiz hayotiy ehtiyojga aylanishi kerak”.

Shubhasiz, “yuksak madaniyat”ni shakllantirish, odamlar ongiga singdirish oson jarayon emas. Ayniqsa, bu yoshlar tarbiya­sida katta ahamiyatga ega.

Keling, yaxshisi gapni Sizga bevosita yaqin va aloqador bo'lgan milliy qo'shiqchilik va ashula san'atiga oid mulohazalarimni bildirishdan boshlasam. O'z vaqtida kamina ham ushbu mavzuda ko'plab ijobiy va tan­qidiy maqolalar yozganman. Kamchiliklarni bartaraf etaman, deb yozaverib sochlarim oqarib ketgani ham rost…

Bugungi kunda milliy musiqa va qo'shiqchilik, estrada san'ati sohasida yutuqlar bilan birga ancha-muncha muammolar, kamchiliklar to'planib qolgani – bor haqiqat. Bundan aslo ko'z yumib bo'lmaydi.

O'zingiz ham yaxshi bilasizki, har bir davrning o'z san'atkorlari, ularning o'z muxlislari, tinglovchilari bo'ladi. Bu tabiiy hol. Masalan, mashhur qo'shiqchilar hayoti va faoliyati bilan tanishsangiz, ular hamisha xalq bilan birga bo'lgan. Faqat to'y-ma'rakalar bilan cheklanib qolmay, qaerda ulkan ishlar, bun­yo­d­korliklar boshlangan bo'lsa, ular ham faol qatnashib, o'zlarining betakror kuy-qo'shiqlari bilan odamlarga kuch-g'ayrat bag'ishlab, madadkor bo'lganlar. San'at tarixida bunga misollar ko'p. Lekin ular hozirgi ayrim san'atkorlarga o'xshab, pulni birinchi o'ringa qo'ymaganlar.

Masalan, biz bolaligimizdan Ma'murjon Uzoqov, Jo'raxon Sultonov, Komiljon Otaniyozov, Faxriddin Umarov, Olmaxon Hayitova, Bobomurod Hamdamov, Otajon Xudoyshukurov qo'shiqlarini tinglab voyaga yetganmiz. Esimda: 3-sinfda o'qiyotgan davrimda o'sha paytda mashhur bo'lib ketgan Faxriddin Umarovning “Olma to'la savatingni yerga qo'y” qo'shig'ini aytib berib 5 baho olganman. Bolalikda nimalar bo'lmaydi deysiz? Aslida bu qo'shiqning yuksak ta'sir kuchi edi…

Mamlakatimiz mustaqil bo'lganidan so'ng milliy kuy-qo'shiqlarga ko'p tomonlama munosabat o'zgarib ketdi. Qo'shiqchilikning ko'lami, dolzarbligi ortdi, mavzusi yangilandi. El sevgan ko'plab xonandalar kashf bo'ldi. Mavridi keldi aytib o'tay, Siz ham mustaqillik davrida xalqimiz qalbidan o'rin olgan taniqli san'atkor bo'lib tanildingiz. Bugun ko'plab iste'dodli shogirdlarning ustozisiz.

Bugun qo'shiqchilik san'atimiz batamom o'zgarib ketganligining ijobiy va salbiy tomonlari mavjud. Ijobiy tomoni ko'plab yosh iste'dodlar paydo bo'layotir. Xalqaro ko'rik-tanlovlarda g'olib bo'lib, Vatanimiz sharafini yuksaklarga ko'tarmoqda. Salbiy tomoni esa shou-biznes bilan estrada qorishib, to'g'risi qovushib ketdi. Ularni ajratib olish mushkul bo'lib qoldi.

Ustoz san'atkor Bobomurod Hamdamov aytganidek: “Ilgari faqat ovozi borlar, hozir esa ko'pincha og'zi borlar qo'shiq aytayapti”. Shaxsan men bu fikrga qo'shilaman. Siz-chi?..

Pala-partishlik, sayozlik, bachkanalik, baqir-chaqir oqibatida estrada qo'shiqchilik san'atining obro'si bir qadar tushib ketdi. Tinglovchi bunday “qo'shiqlar”ni tinglamaydigan darajaga yetdi. Diydasi ham, qulog'i ham toshday qotdi. Bir narsaga hayronman: “O'zbeknavo” (hozirgi “O'zbekkonsert”) degan tashkilot litsenziya berib, litsenziyani bekor qilib, yana uch kundan so'ng yana qaytarib beradigan bozor­qo'mga o'xshab qoldi. Katta sahnalarda berilayotgan konsertlarning dasturlarini ko'rish, ularga kerakli maslahatlar berish “O'zbekkonsert”ning asosiy fao­liyati bo'lishi kerak emasmi? Qachonki, bugun estrada qo'shiqchiligi boshi berk ko'chaga kirib borayotgan, bachkanalik va sayozlik tobora avj olayotgan ekan, bunga kimdir javob berishi lozim, albatta.

Yana bir jiddiy sababi o'tgan yigirma besh yil ichida qo'shiqchilik, ayniqsa, estradaga bilib-bilmay aralashish oqibatida, bir qator kamchiliklar ro'y berdi. Ayrim el sevgan taniqli hofizlar sahnalardan, teleekranlardan chetlashtirildi. Yillar davomida qo'shiqlari berilmadi. Bunday shafqatsizlik faqat qo'shiqchilikda emas, san'atning boshqa sohalarida ham ro'y berdi. Ba'zan bilib, ba'zan bilmay sho'ro davrini ro'kach qilib, ko'pgina qadriyatlardan, hayotimizga singib ketgan milliy urf-odatlar, an'analardan voz kechildi. Afsuslar bo'lsinki, sho'ro davri “mahsuloti” deb kutubxonalardagi noyob va kerakli kitoblardan ham voz kechildi. Yuksak mahorat bilan yaratilgan badiiy va telefilmlar, ayrim videofilmlar o'chirib tashlandi. Salla va soqolli qahramonlar aks etgan barcha turdagi filmlar hamda ayrim spektakllar qatag'onga uchradi. Aslida asosiy nuqson filmlardagi qahramonlarning sallasida emas, balki yaxshi kitoblarni ayovsiz yo'qotgan, ayrim film va spektakllarni taqiqlagan, no'noq kimsalarning kallasida edi.

Yaratganga shukrki, muhtaram Shavkat Mirziyoyev O'zbekiston Prezidenti etib saylanganlaridan so'ng ADOLAT qaror topdi. So'nggi uch yildan buyon Prezidentimiz rahbarligida izchil olib borilayotgan barcha sohalardagi ulkan islohotlar, innovatsion yuksalishlar qatorida milliy adabiyot, san'at va madaniyat gurillab rivojlanmoqda. Daryolar o'zanlariga qaytmoqda. Toptalgan taqdirlar qadr-qimmati tiklanmoqda. Prezidentimizning farmonlari bilan “Maqom” va “Baxshichilik” san'ati bo'yicha xalqaro ko'rik-tanlovlarning o'tkazilishi tarixiy voqea bo'ldi. Bu qadim san'atlar barhayotlik fasliga kirdi.

Sizdan iltimosim shuki, mamlakatimizning ulug' mutafakkir bobomizning muborak nomlari bilan ataladigan Navoiy viloyatida teatr umuman yo'qligidan yaxshi xabardorsiz. Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasida: “Joriy yilda byudjet mablag'lari hisobidan 22 ta teatr va madaniyat ob'yektlari quriladi va rekonstruksiya qilinadi”, deb qat'iy belgilab qo'yilgan. Navoiyliklar zamonaviy teatr bun­yod etilishiga umid qilsalar bo'ladi. Shunday emasmi?

Yana bir taklifim: badiiy kengashlarni yanada jonlantirish, ularning faoliyatini qaytadan jiddiy ko'rish – zamon talabi. Badiiy kengashning qarori adolatli va haqiqiy qaror bo'lsin. Ishlamagan va o'zgartirilgan qarordan putur ketadi. Oqibatda bachkana, yengil-elpi qo'shiqlar ko'sak qurtiday bolalab ko'payadi.

Ayniqsa, kliplarni ham tartibga solish payti allaqachon kelgan. Chunki, olinayotgan kliplar nihoyatda achinarli va sharmandali ahvolga tushib qoldi. Aksariyat qizlarimiz o'zbekligini, hayosini, or-nomusini unutib qo'yayotgan bo'lsa? O'ylab qolaman, jilla qursa ularning ota-onalari qayoqqa qarayapti?

Qadrli Ozodbek Ahmadovich!

Gapirsak gap ko'p. Muammolar ham, kamchiliklar ham yetarli. Men avvalo, yuqorida aytganimdek, siz mashhur san'atkor va qo'shiqchilik san'atini teran tushunadigan yangi vazir bo'lganingiz uchun o'z mulohazalarimni e'tiboringizga havola etdim. Bundan ranjimaysiz, degan umiddaman. Chunki niyatimiz bitta — milliy madaniyat va san'atimiz jahonga chiqsin, yanada rivoj topsin.

Go'zal madaniyatimiz va san'atimiz siz Madaniyat vaziri bo'lgan davrda yana yuksaklarga ko'tariladi deb umid qilib qolamiz.

Hurmat bilan,

Ashurali Jo'rayev,

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

7 − one =