Avtobus mashmashalari

— Orqa eshikni ham ochib yuborgin, o'g'lim, — baland ovozda qichqirdi tushishga shaylangan otaxon.

Otaxonning gapini eshitmadi shekilli, haydovchi bekatda to'xtamadi.

— Hoy, eshitmadingmi? Nega bekatda to'xtamaysan?

— Avvalroq tushishingizni ayting-da, ota, — dedi haydovchi pinagini buzmay.

— Aytmasa to'xtatmaysanmi, axir sen har bir bekatda to'xtatishing kerak-ku! Yo tavba, shunaqasiyam bo'larkanda! Vazifangni halol bajarmaysanmi?

— Ey, ota, hozir halol ishlaydiganning o'zi qoldimi?..

“Boshidan o'tganni, qoshidan o'tma”, degan maqol bor. Yozning issiq kunlarining birida Navoiy ko'chasidagi bekatda avtobus kutayotgandim. Tushlik mahali emasmi, oradan 25 daqiqa o'tdi hamki, men kutgan avtobusdan darak bo'lmadi. Kutilmaganda «ofatijon» avtobus ko'rindi. Chiqishga shaylanib, endi yurishimni bilaman, sekinlashib kelayotgan avtobus tezligini oshirdi-yu o'tdi, ketdi. Miyamga g'alati fikr keldi. To'g'risi, jahlim chiqdi. Taksi to'xtatdim. Uch bekat o'tib, unga yetib oldim-da, orqa eshikdan chiqib, old tomonga yurdim.

Haydovchi chamasi 50 yoshlardagi kishi ekan. Unga «Avvalo uzru, aka, nega ikki bekat oldin to'xtamay o'tdingiz, axir issiqda bir soat kutgandim!» Haydovchining o'zi tajangmikin, asabiga mendan boshqalar ham tegib qo'yganmi, jahl bilan: «Senga o'xshaganlar ko'p, qaysi biringga to'xtatay? Nima, boshqa avtobus qurib qolganmi, kelganiga chiqavermaysanmi?» — dedi sansirab mendan yosh bo'lishiga qaramay. Men ham gapdan qolishmadim: «Bekat-ku axir, bitta odam bo'lsayam to'xtatishingiz kerak!».  «Xohlasam to'xtayman, nima qila olarding!? Borgan joyingga boravermaysanmi, qo'rqadigan joyim yo'q!» — dedi ko'zlari olayib.

Ko'pgina avtobuslarda chiptachilari bor, bekatlarni e'lon qilib borishdan tashqari, yoshlarni kattalarga joy berishga ham undaydi. Bekatlarni oldindan aytib boradi. Ba'zi avtobuslarda chiptachi bor, ammo old eshikda turib olib chipta sotadi. Yo'lkirasini to'lash uchun yo'lovchilar oldingi eshikka borishga majbur bo'ladi. Salonda shaharga ilk marta kelgan yoki nogironligi bo'lgan ko'zi ojiz, eshitish tizimi xasta kishilar bo'lsa bormi, ular bir amallab to oldingi eshikka yetib borguncha avtobus bekatda turaveradi. Odamlarning vaqtini o'g'irlayotgani ularning xayoliga ham kelmaydi.

Aytish joizki, mamlakatimizda turizm sohasi rivojlanib, xorijiy sayyohlarning oqimi ko'payib borayotgan bir paytda, transport vositalaridagi o'zaro munosabatlarni tartibga solish, insoniylik burchimizni ado etish vazifamiz bo'lsa, haydovchi yo'l-transport hodisalarining oldini olishga xizmat qilishi shart ekanligini unutmasligimiz kerak!

Tan olish kerak, haydovchilar va chiptachilar orasida insofli, diyonatli, yo'lovchilarni hurmat qiladiganlari bisyor. Ammo ertalabki yoki kechki payt kimo'zarga poyga qo'yish, bir-birining yo'lini to'sish, kabinadan boshini chiqarib o'z yo'nalishidagi kasbdoshi bilan baqirishib gaplashishlar yo'lovchilarning asabiga tegib, e'tirozlarga sabab bo'ladi, albatta.

— Yigirma yildan buyon yo'lovchilarni manziliga sog'-salomat yetkazishdek mas'uliyatli kasbda faoliyat ko'rsatib kelaman, — dey­di 5-avtosaroyga qarashli Qo'yliq-TTZ yo'nalishida qatnovchi 110-avtobus haydovchisi Reshat Qurbonov. — Ilk faoliyatimni bosh­lagan yillarim edi. Avtobusni yo'lda biroz shoshib bosh­qardim shekilli, bir yo'lovchi salon ichida qalqib yiqilgan. Ammo jarohat olmadi. To'xtab u odamdan kechirim so'radim. Bu menga dars bo'ldi, boshqa bu xatoni takrorlamadim.

Ayni paytda, uzog'imizni yaqin qilish uchun xizmat qilayotgan jamoat transportlarining son jihatidan ko'pligi yaxshi. Lekin ularning yo'l harakati qoidalariga rioya etishi, kasbiy etikasi va madaniyati talab darajasida deb bo'lmaydi. Jamoat transporti haydovchilarining ba'zilari bozorlar atrofidagi piyodalar o'tish joyida to'xtamay o'tadi, ba'zan haydovchilar yo'lovchi talashib, bir biri bilan janjallashadi, yoinki chiptachilarning muomala madaniyatidan odamning dili ranjiydi.

Yana shuni aytish joizki, yaqin o'tgan davrlarda jamoat transportida ibratli va xayrli imtiyozlar ham bor edi-ki, u kelajagimiz bo'lgan bolalarga berilgan edi. 12 yoshgacha bo'lgan bolalar, ayniqsa, o'quvchilar barcha turdagi avtoulovlardan bepul foydalanish huquqiga ega edilar. Ayni paytda, soha mutasaddilari ushbu imtiyozni tiklasalar, yosh avlodga bo'lgan g'amxo'rlikning yana bir namunasi bo'larmidi?!

Afsuski, keyingi paytlarda sohada faoliyat yuritib kelayotgan ko'plab haydovchilar, chipta sotuvchilarda kasbiy mas'uliyat, o'z ishiga nisbatan faollik va tartib-intizomga odatlanish kabi ijobiy holatlar kam kuzatilmoqda. Bunday muammo va kamchi­liklarni bartaraf etishda, mazkur sohaga yo'naltirilgan tashkilot vakillari, fuqarolik jamiyati institutlari jamoatchilik nazoratini amalga oshirsalar, albatta, tizimda o'zgarishlar yaqqol ko'zga tashlanishi shubhasiz.

Eng muhimi, jamoat transportiga kim chiqishidan qat'i nazar, salonga chiqishi bilan yo'lovchiga aylanadi. Ularni manzillariga sog'-salomat, osoyishta yetkazib borish esa haydovchining vazifasidir.

Shunday ekan, har bir haydovchi o'zi va yo'lovchilar uchun yo'l qoidalariga, xavfsizlik talablariga, muomala madaniyatiga va odobiga to'la rioya etishlari lozim. Loqayd­lik, beparvolik salbiy oqibatga, ko'ngilsizliklar, qolaversa,  inson salomatligiga zarar yetkazadigan omillarga sabab bo'ladi.

Maryam Ahmedova.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

three × three =