Hamzaning guppi choponi

(“O'ylab topilmagan hikoyalar” turkumidan)

Shohimardonga kiraverishda bir tup sadaqayrag'och bor. Shu yerdan guzar boshlanadi — sharqirab oqib yotgan simobrang suvli soyning ikki qirg'og'ida choyxonalar, qush uyasidek tepaga qarab bir-biri bilan qavatma-qavat bo'lib ketgan uylar. Yoz oxirlari, bu yerda sayil boshlanadi, odamlar hech yerga sig'may ketadi, hammayoqda o'ng qirg'oqdagi — Shalang tepaligiyu, chap tomondagi baland Jannat arig'i bo'ylarida ham odamlar gavjum.

Ayniqsa, ro'paradagi tepalikka — Hamzaning qabrini ziyorat qilish uchun ko'tarilayotganlarning son-sanog'i yo'q. Ular tik zinada turnaqator bo'lib borishadi. Bu zinapoyada roppa-rosa ikki yuz o'ttiz to'rtta pillapoya bor. Bu zinalardan qari-qartanglar bir-bir bosib, yosh-yalanglar esa sakrab-sakrab chiqishadi.

Mana, pillapoyalar ham tugadi, tepalik yonbag'ridagi maydonchada ajib bir mahzun naqshlar chizilmish maqbara, unda beorom qalb egasi bo'lgan shoir abadiy tin olib yotibdi. Qabr toshiga uning barqanot misralaridan biri bitilgan:

Tuzamiz yangi turmushni

                                   zamon ichra,

Abadiy so'ngra yashaymiz

                                 jahon ichra.

Nariroqda bir to'p qiz-qizaloqlar davra olib, chirmandasini “dap-dap” chalgancha qo'shiq aytishayapti.

Pastda, guzarda hayot qaynaydi — bir tomonda dor, bir tomonda polvonlar. Shohimardonlik Lochin polvonning atrofida davra olgan kimu, o'z o'g'illarini hind afsungarlari singari yonib turgan olov ustidan yalang'och yurish, bir uyum shisha sinig'i ustiga sakrashni o'rgatgan Tursunali polvonni olqishlagan kim…

Hozir Shohimardon xiyla o'zgargan — qator yangi choyxonalar, dam olish uylari qurilibdi, kelgan sayohatchilar uchun hamma narsa muhayyo. Biz Shohimardonga borgan paytlarimizda joy masalasi xiyla muammo edi. Kelib, surishtirib bir tanishimiznikiga tushgandik.

— Shohimardonga kiraverishda bir tup sadaqayrag'och bor, shundan burilib Zinnat xolaning uyini so'rasalaring hamma biladi, — deb tayinlashgandi bizga. Bu uyni qiynalmay topdik — tor ko'chadan shundoqqina ko'tarilganda ko'hnagina ikki tabaqali eshik, boloxonali hovli ekan. Uy egasi, yoshi yetmishlardan oshgan Zinnat xola degan qotma, dilovorgina kampir ekan. U bizni ko'rishi bilan peshvoz chiqdi, das­turxon yozib, turshagu bargaklardan qo'ydi.

— Olinglar, yenglar, bolalarim, Shohimardonning mevasi tavarik…

Men Zinnat xoladan o'tmish davr­lar to'g'risida surishtiraman, gap orasida uning shoir Hamzani ko'rgan-ko'rmaganligini so'rayman.

— Voy, nega ko'rmas ekanman, aylanay, — Zinnat xola hayajonlanib, yuzlari yorishib ketadi, — axir, Hamzaxon aka Shohimardonga kelganda biznikiga tushardi, mana shu boloxonada turgan…

Quloqlarimga ishonmayman. Mana shu mo''jazgina, ko'hna boloxonada Hamza Hakimzoda Niyoziy yashagan, ijod qilgan.

— Juda shirinso'z, mehribon kishi edi, — xayolga berilgancha hikoyasini davom ettiradi Zinnat xola. — Men o'shanda bu uyga endi kelin bo'lib tushgandim, unga yangi chopon tikib berganman, xursand bo'lib, alqab-alqab ki­yib yurardi…

Kampir o'sha davr xayollariga berilib biroz jim qolib, keyin yana hikoyasini davom ettiradi:

— Juda pokiza kishi edi, dutorni chertganda eshitganni sel qilib yuborardi. Qurib ketgur yomonlar uning boshiga yetishdi…

Xola shoirning fojiali o'limi, uning qotillari ustidan o'tgan sudni gapirib berdi.

Toshkentga qaytgach, Shohimardon safarim, Zinnat xola haqida lav­ha yozib, gazetada e'lon qildirdim. Lavha ko'pchilikka ma'­qul keldi shekilli, tabriklaganlar ham bo'ldi. Lekin o'zini yirik hamzashunos deb sanovchi bir kalondimog'roq olim meni tahririyat yo'lagida ko'rib, to'xtatib, qovog'ini sol­gancha e'tiroz bildira ketdi:

— Hamza to'g'risidagi lavhangizni o'qidim. Shuni bilib qo'ying­ki, Hamza juda madaniy, ta'bi nozik odam bo'lgan. Har qanaqangi qalang'i-qasang'i qishloqi xotinlar tikkan choponlarni kiyavermagan… Gapirishaveradi-da Hamzaga yaqinroq ko'rinaman deb, ehtimol, biron narsaning ilinjida… Har qanaqangi gaplarga laqqa tushmasdan yozishdan avval tekshirish, isbotlash kerak, uka!..

Men Hamzaning choponlarini bosh­qa kimlar tikkan-tikmaganligini so'rab-surishtirishni o'zimga ep ko'rmadim, bunga vaqtim ham bo'lmadi. Lekin Zinnat xolaning samimiy hikoyasi rostligiga zarracha ham shubham yo'q edi.

Yillar o'tdi. Ittifoqo qo'limga bir kitobcha tushib qoldi, unda o'sha davrda Shohimardonda bo'lib o'tgan voqealar haqida hikoya qilingan, uch-to'rtta fotosuratlar ham bosilgan edi. Ulardan birida Shohimardonda Qo'shchi soyuzi tuzishga bag'ishlangan anjuman tasvirlangan bo'lib, majlis ahli orasida egniga guppi chopon kiygan Hamza ham turardi. Men shoirning qat'iyatli siymosiga va egnidagi odmigina yangi choponiga uzoq tikilib qoldim. Choponning oddiy qishloq ayollari qo'lida qavib-tikilganligi shundoq bilinib turardi, matosi ham oddiygina — urushdan oldin Farg'ona tarafda rasm bo'lgan yo'l-yo'l Chimyon alagidan edi. Hamza choponi ustidan belini belbog' bilan bog'lab olgan edi. Bu, o'sha — Zinnat xola tikib bergan chopon edi, uni Hamza aka xursand bo'lib “alqab-alqab” kiyib yurgan…

…Shohimardonga kiraverishda bir tup sadaqayrag'och bor. Chap tomonga qayrilsangiz mo''jazgina boloxonali hovli oldiga chiqasiz. Ikki tabaqali ko'hna ko'cha eshigini taqillatsangiz sizni keksaligidan qaddi bukchayib qolgan bo'lsa ham hali tetik nuroniy kampir kutib oladi. U — Zinnat xola, ha, Hamza Hakimzoda Niyoziyga guppi chopon tikib bergan tabarruk ona bo'ladilar.

* * *

Men bu hikoyani yozganimga bir necha o'n yillar o'tdi. Zamon o'zgardi, tariximizdagi ba'zi voqealar, shaxslarga bo'lgan nuqtai nazar ham o'zgardi. Hamza Hakimzoda Niyoziy o'z davrining ilg'or ziyolisi, ma'rifatparvar inson bo'lishi bilan birlikda hozirgi zamon inkor etgan sho'rolar tuzumining shiorlarini ko'tarib chiqqan shoir ham edi, shu munosabat bilan uning shaxsi va ijodi xususida turli salbiy fikr va qarashlar ham paydo bo'ldi. Yaqinda borib ko'rdik — Shohimardon ham o'zgarib ketibdi, unga kiraverishdagi o'sha — bir tup sadaqayrag'och ham endi yo'q, Zinnat xola ham olamdan o'tibdi. Hamza Hakimzodaning maqbarasi oldiga Hazrat Alining mozori tiklanibdi, uning ro'parasiga yana bir avliyo uchun honaqoh tiklanayapti. Ammo Hamza Hakimzoda Niyoziy o'z maqbarasida abadiy uyquda, xayriyat, unga tegishmabdi. Men avliyolarning muhtasham qabrlariga ko'z yugirtirdimu, shoir maqbarasi tomon shoshildim va xayolan: “Assalom ustoz, garchi davr shamollari sizga qanchalik ters esmasin, sizning porloq xotirangiz abadiy o'chmagay, chunki siz o'z asarlaringizda odamlarga ezgulikni tarannum etdingiz, shu yo'lda qurbon bo'ldingiz”, dedim.

Muxtor Xudoyqulov.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five × 4 =