O'zbek jurnalistikasi antologiyasi yaratiladi

O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 21 oktyabrdagi “Internet jahon axborot tarmog'ida milliy kontentni rivojlantirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori va ushbu hujjatga ilova qilingan “2019-2021 yillarda Internet jahon axborot tarmog'ida milliy kontentni yanada rivojlantirish bo'yicha kompleks dasturning 22-bandi (O'zbekiston milliy jurnalistikasi rivojlanish tarixi antologiyasini yaratish, unga rivojlanishning muhim bosqichlari, mamlakatning mashhur olimlari va jurnalistlarining media-sohasini rivojlantirishga qo'shgan hissasi haqidagi maqolalarini kiritish) ijrosini ta'minlash bo'yicha Milliy matbuot markazida O'zbe­kiston  jurnalistikasining  rivojlanish tarixi va bugungi taraqqiyotiga oid  antologiyani yaratish  masalalariga  bag'ishlangan yig'ilish bo'lib o'tdi. Unda milliy jurna­listika sohasining  taniqli olimlari,  tadqiqotchilari va  jurnalistlar ishtirok etdi.

Yig'ilishni O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Sa'dulla Hakimov ochib, yurtimizda keyingi yillarda  jurnalis­tika sohasini ri­vojlantirishga katta e'tibor  qaratilayotgani,  bu borada keng qamrovli ishlar olib borilayotganini ta'kidladi.

— O'zbek jurnalistikasi kecha paydo bo'lgani yo'q va u  sermazmun, biz g'ururlansak arziydigan  tarixga ega, dedi u. —  Bu  tarixni  tadqiq etish,  har bir davrning eng yaxshi asarlarini   kelgusi avlodlarga  yetkazish burchimiz. To'g'ri, jurnalistika bo'­yicha ko'p kitoblar chop etildi, darslik va qo'llanmalar yaratildi. Bularni e'tirof etgan holda, shu vaqtga qadar O'zbek jurnalistikasi antologiyasiga qo'l urilmaganligini ham tan olish lozim.

Yig'ilishda  antologiyani yaratish bilan bog'liq masalalar muhokama qilindi, olim va mutaxassislar o'rtasida o'zaro fikr almashuvlar bo'lib o'tdi. Jurnalistika tarixi davrlari bo'yicha guruhlar va ularning rahbarlari tayinlanib, amalga oshirilishi lozim bo'lgan vazifalar  belgilab olindi.

Antologiya  avval  elektron shaklda tayyorlanadi  va  Jurnalistlar ijodiy uyushmasi saytiga joylashtiriladi. Keyin esa kitob shaklida  chop etiladi.

Antologiya  soha xodimlari,  mutaxassislar, jurnalist-kadrlar tayyorlovchi  oliy o'quv yurtlari va keng  o'quvchilar  ommasiga  mo'ljallanadi.

O'z muxbirimiz.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five × 3 =