Xorazm ehromi

Men Xorazmda tug'ilmaganimda qaerlik bo'lardim, degan savol  o'yga toldiradi gohida. Otam Onamni uchratmaganida, Onam go'zal Idil mavjlarining tovushini Jayhunning pahlavon musiqiy sadolariga alishmaganida nima ro'y berardi? Albatta, bular ahyon-ahyonda xayollarimni bir jimirlatib o'tadigan so'roqlar, xolos. Xudoga shukrki, men xorazmlik bo'lib ko'z ochganman, yanayam shukrki, Otam ham, Onam ham bir umr shu yurtni Vatan bilib yashab o'tishdi.

Men ustozning ilk suhbatlaridan so'ng Xorazmni yuragimning to'rt tomoni bilan kashf etganman. So'zni, asl ma'nodagi adabiyotni va inson degan vujudning ichida qo'nim topgan juda ko'p ezgu va noezgu tushunchalarni Urganch­ning Tinchlik ko'chasidagi o'sha kamtargina ish kabineti guvohligida tamoman boshqa tomondan kashf etganman. O'zimni, tuyg'ularimni  qattiqqo'l muharrir bo'lib tahrir qilishga kirishganman.

Ha, rostlik bilan uchrashganimda juda yosh qizaloq edim. “Ko'zoynak”im yo'q edi. Shu bois juda ko'p narsalarni, turfa rang­larni Matnazar akaning ko'zi bilan ko'rishga odatlandim. Ichimda o'zim anglab — ang­lamagan “Bu ko'zlar meni adashtirmaydi” degan mantiqiy va hissiy to'xtam bor edi. Ana shunday, Matnazar aka tuhfa etgan botiniy ko'zoynakdan so'ng men chinakamiga yashashni boshlaganman. Agar inson nafas olishni boshqa bir insondan o'rganishi mumkin deyishsa, men bu tabiiy zaruratni Matnazar akadan o'rganganman degan bo'lardim.

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Xorazm viloyati bo'limiga boradigan kunlarim men uchun chinakam bayramga aylanardi. Chunonchi, u yerda meni hamma ezgu tushunchalar jamuljam bo'lib kutardi: mehr, muhabbat, hayrat, titroq, kamtarlik, jonfidolik va dunyodan, hayotdan beta'ma bo'lgan She'r ishqi, adl So'z xumori!  Suhbatlarda Matnazar aka kitob javonidan “Layli va Majnun”ni olib undan misralar o'qisa, men  bir necha kun mobaynida Layliga evrilib, tomir-tomirlarimda qovrilardim. Bedildan she'rlar o'qisa marjonga aylanar, “Ellada” haqida mushohada qilsa, asar qahramoni bo'lgan kichkina bolakayday ko'ksimdagi Vatanni qutqarib qolar, Karl Yung yo Zigmund Freyd asarlari haqida fikr­lasa, shulardagi xohlagan bir predmet, deylik soyabonga do'nib, hammaning miyasini bo'lmag'ur fikrlardan muhofaza qilishga tushardim.

“Bunday qilma emas, bunday bo'lma”, deb yozardi Ustoz maktublarida. Shuningdek, har bitta maktubning eng oxirida “Qattiq ishlay(miz)!” degan ilovalar bo'lardi. Men dunyoga, insonga, hayotga Matnazar akaning yuragi orqali qarashni xohlardim. “Bunday fikr yuritsam, Matnazar aka qanday qabul qilgan bo'lardi?”, “Bu taxlit ishlasam, Matnazar aka nima derdi?”, “Deylik, biror-bir ko'ngilsizlikka uchraganda Ustoz bu chohlardan qanday chiqib ketgan bo'lardi?” Xullas, Misr ehromlari monand bir-birini takrorlamaydigan piramidalar paydo bo'ldi ichimda. Biroq bular Adabiyot ehromlari edi. Ularning har biriga Matnazar Abdulhakim deb yozib qo'yilgan edi.

Men Moskvada Maksim Gorkiy nomidagi Adabiyot instituti qoshida tashkil etilgan Oliy adabiyot institutida tahsil oldim. O'tgan yili Amerikaning Xalqaro Adabiyot shahri deb e'lon qilingan Ayovada 35 mamlakatdan yig'ilgan shoir-yozuvchilar ichida Matnazar Abdulhakim she'riyati xususida ma'ruzalar qildim. Bir necha Xalqaro adabiy festivallarda ishtirok etdim. Shuni yorug' e'tirof va majnuna mehr  bilan aytmoqchimanki, mukammal So'zni aytayotgan Shoirning o'zi ham, tuy­g'ulari ham mukammal bo'lishinida Matnazar aka sabab angladim. U ilk kashf etganimdagi balandligi va shijoati bilan botinimdagi “obodu vayron ustina” zarlar to'kib yashayveradi. Ayovaning muhtasham zallaridan birida Ustozning “Bitta yomon kitobga qarshi bitta yaxshi kitob yozib kurashmoq lozim” degan hikmatli so'zlarini aytgandagi qarsaklar ummonorti kitobxonining asl so'z uchun olqishlari edi. Meni taqdir Matnazar Abdulhakimday Ustoz bilan siylagani uchun o'z qismatning ko'zlariga minnatdor tikilaman bugun.

Rossiyada tahsil olgan yillarida besh yil o'zi bilan Navoiyning “Xamsa”sini olib yurib mutolaa qilganini gapirgan edilar. O'ylaymanki, ustoz Navoiy she'riyatining bor mahobati-yu go'zalligini ko'ra olgan.

Bog'ot tumaniga borib Ro'ziboy Qulmatning hikoyalarini, Gurlandan Murod Ibrohim va Mahmud Rajabning, Qo'shko'pirdan Yo'ldosh Eshmurodning, Xivadan Otabek Ismoilovning,  Xozaraspdan Shokirbek va Yangiariqdan Jumanazar Yusupovning she'rlarini yig'ib markaz nashrlariga jo'natish ustoz uchun odatiy mashg'ulot edi. Bularni hech qanday ovozalarsiz, ustozlik da'vo qilmagan holda qilardi. O'ziga yoqqan biror asarni og'zidan boli tomib gapirmasdi, shunday bir nuqtasini topib hikoya qilardiki, bu zavq, bu hayajon suhbatdoshga ham yuqardi. Matnazar akada o'z zavqini, o'z hayajonini yuqtirish fazilati juda kuchli edi. Ilohiy ishora bor edi har bir so'zida. “Mahalliychilik qilmagan holda bir-birlaringni qo'llab-quvvatlanglar”, deya bizni ahillikka undardi. Hayotining so'nggi kunlarida bergan “Mangulik jamoli” kitobiga ham “Yurakka yaqin qo'lim bilan yozdim” deb imzo chekkan ekan.

Matnazar aka Adabiyotni qanday mezonlarda baholardi? Yolg'on she'rlarni eshitsam, maqolasiyrat tizmalarni o'qisam, xitob-she'r­lardan kajlansam, olamon didini kiyib olgan she'rlarni tinglasam ana o'sha savol ichida yashay boshlayman. O'tmishga, badiiy didi yuksak bo'lgan ajdodlar asriga kun so'rab ketgim keladi. Ketolmayman. “She'r shoirning yuragi yetib, aqli yetmagan nuqtalardan boshlanadi”, deydi Ustoz. Xo'sh, she'r­xonning she'rni qabul qilish didi-chi, u qaysi nuqtalardan boshlanadi? Shirasiz she'rlarga aldanishdan tiyiladigan vaqtimiz keldi-ku! Ha darvoqe, Matnazar akaning she'r baholash mezonlari haqida fikr yuritmoqchi edim. Bir tomondan mumtoz adabiyotni, ikkinchi tomondan butun jahon mumtoz va zamonaviy  adabiyotini teran tahlil qiladigan ijodkorda bir yoqlamalik yo'q edi. G'azallaru she'r yozardi, shuning barobarida sar­bastda yozilgan zamonaviy yo'nalishdagi  asarlarni ham boriday qabul qilardi. An'anaviy yo noan'anaviy she'r deb adabiyotdagi qaysidir  oqimlarni o'gaysiratmaslik Ustoz uchun umrbod an'anaga aylandi. Xafa bo'lsa badiiy adabiyotdagi yo'nalishlardan emas, yomon she'r yozgan shoirlardan  xafa bo'lardi.

Qoraqalpog'iston respublikasining Ellik­qal'a tumani Bo'ston shahrida “Darsdan so'ng” she'riga haykal qo'yilgan.  Matnazar aka so'z timsolida hali hayotlik chog'idayoq o'ziga haykal o'rnatgan.

So'zni, qalamni va yuragining tilini topib, ichidagi “men”ni xor etmasdan yashadi.

O'z o'ylaridan xijolat bo'lmasdi…

Xayollari ovoz chiqarib surgulik edi…

Hayotning, ko'ngilning eng diqqinafas, biqiq nuqtalariga yuragi va so'zi ham yeta olgan ShOIR edi.

Ustozdan go'zal bir adabiy muhit, she'r­ni, So'zni yuraklariga tumor qiladigan sog'­lom ma'noda matnazarparast shogirdlar qoldi. Zero, biz kaftni-kaftga ish­qab emas, qalamni yurakka surib she'rlar yozamiz, polvon So'z aytishga chog'lanamiz. Zero, “Arslonlar qo'rqquvchi kitoblar”ni yozgan bu xalq­dan abadiyatni uyg'otadigan shoirlar, yozuvchilar chiqishiga ishonaman, qattiq ishonaman.

Yuqorida “Men xorazmlik bo'lmaganimda nima bo'lardi?”, degan savolni o'rtaga qo'ydim. O'ylab ko'rsam, bu u qadar vahimali emas. Biroq agar Matnazar aka Xorazm­da tug'ilmaganida nima yuz bergan bo'lardi? Bu albatta juda ulkan bir bo'shliqni yaratgan, yo'qlikni yaratardi. G'ovak yuraklarimiz bilan “Adabiyot” deb unvon olgan “g'imir”u jimirlar orasida qolib ketishga mahkum bo'lardik, ehtimol.

Shukrki, biz Matnazar Abdulhakimi bor O'zbekiston farzandlarimiz…

Go'zal Begim.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 × 5 =