“Matbuot tarqatuvchi”dagi qing'irliklar yoki qo'yningdan to'kilsa qo'njinggami?

Yurtimizda boy-badavlat, to'q, farovon turmush kechirayotganlar soni ko'p, ularning safi tobora ortayapti. Albatta, bu maqtovga loyiq. Ayni paytda arzimagan maosh olib, kambag'allik yoqasida, o'rtamiyona ro'zg'or tebratayotganlar ham kam emas. Afsus, mana shu kamxarj insonlar safida yurtimiz targ'ibot-tashviqot mashinasini harakatlantirayotgan, elga ezgulik urug'ini sochayotgan, jamiyatda ro'y berayotgan voqea, xabar va yangiliklarni odamlar onggiga to'xtovsiz yetkazayotgan sharafli va mashaqqatli kasb sohiblari — jurnalistlar ham bor.

“Qarg'a qarg'aning ko'zini cho'qimaydi”, degan gapni ko'p eshitganmiz. Buni qarangki, jinoyat ishlari bo'yicha Xorazm viloyat sudida ko'rilgan ishda ma'lum bo'ldiki, “Matbuot tarqatuvchi” aksiyadorlik jamiyatining Xorazm viloyat sho''ba korxonasi rahbarlari o'z hamkasblarining haqini o'zlashtirishdan tap tortmaydiganlardan ekan. Korxona direktori Oybek Qurbonov 2017-2018 yillarda obunachilar tomonidan to'langan 1,3 milliard so'm pul mablag'laridan 562,3 million so'mini o'g'liga qarashli “Urganch ziyo”  MChJga o'tkazib yuboradi. Sho''ba korxonasi negizida  tashkil etilgan, “Xazorasp bosmaxonasi” balansida bo'lgan, haqiqiy bahosi 750 million so'mlik binoni ham “Urganch ziyo” MChJga 16,7 million so'mga “sotib” yuboradi. O'z manfaati yo'lidagi “hotamtoylik” ni qarang!

Nachora, olib borilgan sud va tergov jarayonlarida matbuotchilarni “chuv” tushirgan “matbuotchi”ning haqiqiy basharasi ko'rinib qoldi. Matbuotimizni davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash choralari ko'rilayotgan bir paytda qalamkashlar, tahririyatlarning ona sutiday halol  rizq-nasibasiga ko'z olaytirish orqali mol-dunyo orttirishga mukkasidan ketgan bu kimsalarni qanday atash mumkin?

Oybek Qurbonovning ma'lumoti o'rta maxsus. Shundanmi, mazkur  korxonada hisobchi lavozimida ishlab  kelgan. Tekshiruv natijasida sho''ba korxonada muqaddam bosh hisobchi lavozimida ishlagan Muborak Nurmatova direktor hisoblansa-da, o'zi “tobe” bosh hisobchining itoatida ish yuritgan. Faqatgina tegishli hujjatlarga rahbar sifatida imzo chekish bilan cheklanganligi ma'lum bo'ldi. Ko'rinib turibdiki, direktorlik vazifasini to'laligicha O.Qurbonovning o'zi ado etgan.

Shu joyda aytish kerakki, “Xazorasp bosmaxonasi” balansida bo'lgan 739,9 million so'mlik bino va inshootlarni O.Qurbonovning o'g'li A.Qurbonov tog'asi S.Sharipov bilan bosh­qarayotgan “Urganch ziyo” MChJga o'z narxidan qariyb 46 barobar arzon baho evaziga “sotib” yuborilgani amaldagi qonunchilikka ham mutlaqo to'g'ri kelmaydi. Chunki “Matbuot tarqatuvchi” aksiyadorlik jamiyatida joriy etilgan tartib-qoidaga muvofiq bu tarzdagi mulkiy savdo  yuqori organning ruxsati va roziligi bilan amalga oshirilishi kerak edi.

Nega sho''ba korxonasi mutasaddisi bu qoidaga amal qilmadi? Hatto bosmaxona rahbari O'.Qurbonov mazkur joy sotilganini yangi “xo'jayin” “haqini” so'rab kelganida bilib qoladi.

Sho''ba korxonaga yil mobaynida birgina obuna tadbirlaridan kelib tushadigan pulning o'zi milliardlarcha mablag'ni tashkil etadi. Xorazmliklar ham gazetxon odamlar. Birov qarshilik qilmasa, gazeta, jurnallarga obuna bo'lishdan o'zini chetga olmaydi. Ming-minglab jismoniy va yuridik shaxslarning obuna pullari shu tariqa sho''ba korxonasi tomon oqib  kelaveradi.

Tekshiruv hujjatlarida qayd etilishicha, o'g'liga tegishli korxona ushbu mablag'ni “Ko'rsatilgan  xizmatlar va bajarilgan ishlar”, ya'ni  gazeta va jurnallarni  egalariga tarqatish sohasidagi faoliyati uchun sarflagan deyilsa-da, aslida matbuot yo'nalishida sariq chaqachalik ham xizmat ko'rsatmagan. Buni bosmaxonani 2013 yildan buyon  boshqarib kelayotgan O'ktam Qurbonov ham: “Aslida sho''ba korxonasi ushbu mablag'ni soliq tekshiruvida ochilib qolgan qarzlarini yopish uchun ishlatgan”, deya tasdiqladi.

Shu o'rinda, jinoiy faoliyat yuzasidan o'tkazilgan sud majlislarida fuqaroviy da'vogar sifatida qatnashgan Jamoliddin Rasulov: “Moliyaviy yordam tadbiri zaif ahvoldagi korxonani moddiy jihatdan sog'lomlashtirish va oyoqqa turg'azish maqsadida uyushtirilmog'i zarur. Taassufki, sho''ba korxonasi “yoshulli”lari ushbu ibratli taomilga qiyo  ham boqishmadi. “Qo'yningdan to'kilsa qo'njingga”, qabilida  ish tutishdi”, — dedi afsus bilan.

“Matbuot  tarqatuvchi” AJning Xorazm viloyati sho''ba korxonasi bilan  obuna va nashrlarni  chakana sotish  bo'yicha  har yili hamkorlik qilib  kelayotgan “Xorazm haqiqati”, “Xorezmskaya pravda”, “Yangiariq ovozi”, “Gurlan hayoti”, “Xorazm ma'rifati” kabi gazetalar tahririyatlari moddiy va moliyaviy jihatdan murakkab holga tushib qolganiga qaramay, qator  yetakchi nashrlarning obuna puli, ya'ni 1 milliard 366 million so'm mablag'i ko'r-ko'rona o'zga shaxslarga “tortiq” qilib yuborilganiga nima deysiz?!

Shu tariqa sho''ba korxonaning mo'maygina mablag'i moddiy yordam bahonasida “yoshulli” O.Qurbonovning o'g'li A.Qurbonovga qarashli “Urganch ziyo” mas'uliyati cheklangan jamiyatiga, 2017-2018 yillar oralig'ida, shunchaki “himmat” etib o'tkazib yuborgan mablag'i 934,2 million so'mni, amalda  uyushtirilmagan obuna (ushbu jamiyat aslida obuna ishi bilan shug'ullanmaydi) tadbirlari uchun 314,7 million, ko'rsatilmagan xizmatlar  uchun esa 116,9 million, jami 1 milliard 366 million so'mni tashkil etgan.

Qing'ir ish shu bilan to'xtadi deysizmi, yo'q, yana gazak oldi. Shunday qilib, “Matbuot tarqatuvchi”ga mutlaqo aloqasi bo'lmagan “Intellekt servis” MChJ 10 million, “Jabbergan Kumush” fermer xo'jaligi 3,5 million, “Sirli Jayhun daryo” xususiy korxonasi 20 million, “Ahmad cho'pon” fermer xo'jaligi  5 million so'm yordam puli bilan  siylandi. Kelishuv shartnomalarga binoan o'tkazilgan mablag' ma'lum foizlari bilan egasiga qaytarilishi kerak edi. Ammo bu masala muallaqligicha qolgan. Eng muhim joyi, moddiy  yordam begonaning emas, asosan “yoshulli”ning o'z yaqinlari hisob-raqamidan joy oldi. “O'zim xon, ko'lankam maydon”, degani shu bo'lsa kerak-da…

Hayotda bir bor  yo'l qo'yilgan xato diyonatli odamlar uchun katta saboq bo'ladi, o'zligini bilgan inson borki, qaltis va xatarli manzillarga qayta qadam bosmaydi. Bu toifadagi odamlar insoniylikka isnod amallarni takroran ixtiyor etmaydilar. Afsus, sho''ba korxona mutasaddilari diyonatdan ancha yiroq odamlar ekan. Hatto sodir etilgan talon-toroj va uning ortidan  qo'zg'atilgan jinoyat ishi ham mutasaddilar uchun saboq bo'lmadi. Aksincha, qilmishini xaspo'shlash va izini  yashirishga qaratilgan harakatlar yuz berdi. “Moddiy yordam” mablag'larini ortga qaytarish muddati  o'tib  ketgani, bu hol tergov va taftish uchun yana bir dastakka, aybdor tarafga esa chinakam “bosh  og'rig'i”ga aylandi. Shu bois, “Yotib  qolguncha otib  qol” qabilida ish tutildi. Muqaddam rasmiylashtirilgan shartnoma hujjatlari matni o'zgartirildi, to'lov muddatlari esa ancha ortga surilgan  yangi yozuvlar bilan to'ldirildi. Boshqacha aytganda, bir  qing'irlik boshqasiga ulandi. Achinarlisi, zikr etilgan yangi yozuvlar tergov-taftish tadbirlari olib borilayotgan bir pallada ro'y bergan.

Korxonada goh bosh  hisobchi, goh direktor vazifasini bajargan M. Nurmatova sudda ayblanuvchi maqomida ko'rsatma berar ekan, rahbarlik vazifasini amalda bosh  hisobchi O.Qurbonov o'tagani, o'zi esa doimo uning izmida bo'lgani, ko'rsatmalarini kanda qilmay bajarganini ochiqchasiga tan oldi.

Sudda guvohlik bergan “Xorazm haqiqati” va “Xorezmskaya pravda” gazetalari birlashgan tahririyati bosh muharriri S. Rahimberganova obuna tadbirlari asosan “Matbuot  tarqatuvchi” sho''ba korxonasi va “Xorazm pochtasi” orqali uyushtirilishi, mazkur tashkilotlar obuna mablag'larini boshida bir qismini,  so'ngra qolganini hisob-raqamga o'tkazib berishi shart ekanligi, biroq, bu majburiyat yil yakunida ham bajarilmaganini ta'kidladi. “Yangiariq ovozi” gazetasi vakili J.Yusupov esa korxona rahbari O.Qurbonovga bir necha bor murojaat qilganini, ammo  bundan biron natija chiqmaganini, tahririyat sho''ba korxonadan 33,9 million so'm miqdoridagi pulini hamon undira olmaganini aytdi.

G'ayriqonuniy harakatlari uchun javobgarlikka tortilgan sho''ba korxonasi sobiq direktori Oybek Qurbonovni O'zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining o'zlashtirish yoki qarzdorlik yo'li bilan o'zganing mulkini talon-toroj qilishga oid  167-moddasi 3-qismi “a” va “g”  bandlari, hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste'mol qilish va mansab soxtakorligiga doir 205- hamda 209-moddalarining 2-qismi “a”bandi bo'yicha aybli, deb topgan bo'lsa-da, sud  jarayonida tahririyatlarning  noqonuniy o'zlashtirilgan 619 million so'm mablag'i va “Xazorasp bosmaxonasi” MChJga qarashli 740 million so'mlik mol-mulklar  egalariga qaytarilgani inobatga olindi. Kodeksning jazoni yengillatishga qaratilgan  57-moddasini aybning ba'zi  holatlari bo'­yicha qo'llash maqsadga muvofiq hisoblandi.

Jazoni yengillatuvchi holatlar tabiiyki, bag'rikenglikka yetakladi. Ayb­lanuvchilarga ozodlikdan mahrum etish bilan bog'liq bo'lmagan jazo ta­yinlandi.

Ulug'bek Bakdurdiyev,

jinoyat ishlari bo'yicha Xorazm

viloyat sudi raisi vazifasini bajaruvchi.

Abdulla Sobirov,

jurnalist.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

19 − seventeen =