“Ku-Sam” — tafakkur o'yini

Dunyoda aqliy o'yin turlari ko'p. Ayniqsa, raqibing ham senga o'xshab fikr yuritib, dona suradigan o'yin ustasi bo'lsa, bahs qiziqarli kechadi. Albatta, mag'lub bo'lishni hech kim istamaydi. G'alaba qilsang, go'yo Himolay tog'ini zabt etgan alpinist kabi o'zingni mag'rur tutasan.

“Ku-Sam” o'yini haqida balki eshitmagandirsiz, chunki,  ixtiro qilinganiga o'n yil bo'lganiga qaramay ko'pchilik yaxshi xabardor emas. Buning esa o'ziga yarasha sabablari bor. Siz ham o'yin nomiga qarab Yaponiya yoki Koreya mamlakatini xayolingizga keltirmang, bu bahs turi o'zimizniki: O'zbekistonda ixtiro qilindi. Ixtiro muallifi Kushodbek Usmonov tahri­riyatimizga kelib, qiziqarli bu o'yin haqida gapirib berdi. “Ku-Sam” — biroz shaxmat, nardaga o'xshash aqliy o'yinlar sirasiga kirsa-da, uning o'ziga xos jozibali uslublari, fikrni tiniqlashtiradigan tomonlari borga o'xshaydi.

— Men bolaligimdan shaxmat, shashka o'yiniga qiziqardim. Nega shunga o'xshash bosh­qa xil o'yin turi bizda yo'q, bobolarimiz dunyo ilmiga ulkan hissa qo'shganlar, nahotki odamlarni fikrlashga undaydigan, ularda tafakkur uyg'otadigan qiziqarli o'yin o'ylab topishmagan, degan xayollar uzoq yillar davomida meni tark etmasdi.

Maktabda o'qirdim. Bir kuni miyamga “agar shaxmatni to'rt kishi o'ynasa nima bo'ladi”, degan fikr keldi. Shu tariqa “Ku-Sam”ning ilk lo­yihasini qog'ozga tushira boshladim…

Yillar o'tdi, men ixtiro qila boshlagan yangi o'yin turi takomillashib bordi. Albatta, matematika fanidan dars bergan ustozim Abdumajid Ikromovdan maslahat olib turdim. U kishi: “Sen yaratmoqchi bo'lgan o'yin insonning tafakkurini uyg'otsin. U barkamollikka intilib yashasin”, dedi…

Mana, o'zingiz ko'rib turganingizdek, men ixtiro qilgan “Ku-Sam” bahsi odamlarda kuzatuvchanlik, sezgirlik, topqirlik qobiliyatini o'stiradi. Siz dona surishdan oldin yoningizda turgan uchta raqibingizning harakati bilan ham hisoblashasiz, ya'ni fikr­lay boshlaysiz. Darrov miyangizda o'yinga qarshi o'yin taktikasini ishlab chiqasiz va qobiliyatingizni ishga solib, donaga qarshi dona surasiz. Demak, sizda tafakkur kurtaklayapti. Natija esa bitta — faqat g'alaba! Bunda o'z yutug'ingizdan g'ururlanish kayfiyati shakllanadi.

Yana bir tomoni, bu o'yin sizni doim harakatda bo'lishga undaydi. Chunki, “Ku-Sam” o'yini orqali doimiy ravishda fikringizni charxlab borasiz, butun vujudingizda xotirjamlikni his qilasiz, bir so'z bilan aytganda, miyangiz dam oladi, tanangizda qon aylanishi tezlashadi, — deb izoh beradi ixtiro muallifi Kushodbek Usmonov.

Kushod aka tahririyatimizga kelganda, sodda, kamsuqum, kamtarona xulq-atvor egasi, kattaga ham, kichikka ham birdek xushmuomalali bu odamning bunaqa ixtirolarga qo'l urganiga, avvaliga, ishonqiramay qaradik. Lekin mazkur ixtiro uchun Intellektual mulk agentligidan patent olinganligi to'g'risidagi hujjatlarni ko'zdan kechirib, beixtiyor xalqimizning: “Kamtarga — kamol”, degan naqli esga tushdi.

Avvaliga o'yinning nomlanishi bizni qiziqtirdi. Ixtirochi Kushodbek Usmonovdan so'raganimizda, u kishi: “Ku-Sam” aslida “Kushodbekning o'zbekona samimiy o'yini” degani”, deya izoh berdi.

Bu aqliy o'yin respublika “Innovatsion g'oyalar, texnologiyalar va loyihalar” yarmarkasida stol ustidagi intellektual sport turi sifatida namoyish etilgani, O'zbekiston savdo-sanoat palatasining “Tashabbus” ko'rik-tanlovida munosib taqdirlangani chindan ham bu o'yin kishida fikr uyg'otadigan, mulohaza yuritib, tafakkur hosil qilishda aqliy salohiyat borligiga yanada ishonch uyg'otadi.

— Bilasizmi, bu ixtironi yaratganimdan keyin, dunyo xalqlarida mana shunday o'yin turi bormi yo yo'qmi, degan fikrda kutubxonalarga kirib, sportga oid kitob­larni ko'zdan kechirdim. Yo'q, “Ku-Sam” o'yini hali Yer yuzida boshqa kashf etilmagan ekan. Negaki, hech bir kitob­da oxirgi 50 yil ichida dunyo­ning yirik davlatlari rees­trida qayd etilmagan va omma­viy axborot vositalarida ham bu xususda biror so'z yuritilmagan.

Tarixdan bilasiz, eramizdan avvalgi 3000-yillarda Hindistonda shaxmat (shatranj), milodiy 100-yillarda Rossiyada 64 katakli rus shashkasi kashf qilingan. O'shanda ayrim “kallali” odamlar: “Shu ham o'yinmi?” — deyishgan ekan. “Ku-Sam” o'yiniga patent olishga rosa yugurganman. Avvaliga hech kim tan olishmadi. Bunday o'yin hali yaratilmaganini isbotlaginimdan so'ng, 2010 yilga kelib patent olishga muvaffaq bo'ldim.

Faqat… Endi uni ommalashtirish masalasi muammo tug'dirayapti. To'g'ri, Oliy va o'rta maxsus, Madaniyat vazirliklari qo'llab-quvvatlagani sababli ko'pgina oliy o'quv yurtlari va kasb-hunar kollejlarida “Ku-Sam” to'garagi ish boshladi. Ular O'zbekiston “Savdo birlashmasi” markazi MChJ bosh­qaruvi hisob-raqamiga mablag' o'tkazishdi, biz o'z korxonamizda “Ku-Sam” doskalari va toshlarini yasab berdik.

Lekin bu yetarli emas. Men ushbu o'yin, avvalo, yurtimizda kengroq ommalashib, so'ng dunyo sport turlari qatoridan joy olishini xohlayman. Buning uchun investorlar ko'magi kerak. Respublika  Innovatsion rivojlanish vazirligi,  O'zbekiston savdo-sanoat palatasi ushbu musobaqa turini moliyalashtirish masalasida jiddiy e'tibor qaratsa,  Oliy va o'rta maxsus, Xalq ta'limi va Jismoniy tarbiya va sport vazirliklari bu o'yinni “Umid nihollari”, “Barkamol avlod” Universiada musobaqalariga kiritsalar, olamshumul voqea bo'lardi.

Qolaversa, mamlakatimizda “Ku-Sam” o'yini musobaqasi tashkil etilib, keyinchalik xalqaro turnirlar o'tkazilsa, katta yangilik bo'lar edi, deydi K.Usmonov.

Tahririyatimizda ushbu o'yin doskasida hamkasblar bilan o'zaro bahslashdik. Bildikki, shaxmat yoki shashka o'yini ikki kishi o'rtasida kechadi. “Ku-Sam”ni esa yuqorida aytilganidek, to'rt kishi o'ynaydi. Ularning ichidan faqat bir kishi mag'lub bo'ladi. Shaxmatda 64 ta katakda, shashkada 32 xonada oq va qora donalar o'rtasida “taxt­ni egallash uchun jang” kechsa, “Ku-Sam”da bu holat 48 ta raqamlangan xonada, murakkab “jang” strategiyasini qo'llagan holda amalga oshiriladi. Bu o'yin shashkadan ancha murakkab, shaxmatdan esa qolishmaydigan bahs turi ekaniga o'zimiz ishonch hosil qildik.

— Men yaratgan o'yinda qo'shimcha xonalar 12 ta bo'lib, ular 4 ta oddiy, 4 ta rag'bat va 4 ta jarima xonasidan iborat, — deb tushuntiradi  ixtirochi K.Usmonov. — O'yin davomida bu xonalardan har kim o'z ehtiyojidan kelib chiqib, xohlasa foydalanadi, xohlamasa yo'q. “Ku-Sam” o'yinida figuralar soni 16 ta bo'lib, o'yin stolining to'rt tarafida to'rtta sektor — A, B, V, Dda joylashadi. Har bir o'yinchining shoh, vazir, sarkarda va jang­chisi bo'ladi. Ular 108 ta xonada harakatlanadi. Ya'ni, yordamchi xonalar — har o'yinchida uchtadan bo'lib, ular “rag'bat” — yashil, “final-start” oq va “jarima” qizil rangda tasvirlangan. Bundan tashqari, sektorning chap tomonda o'n ikki katakdan iborat to'rtta “asir” xonasi mavjud. O'yin qoidasiga asosan 4 ta figura bir xonada bo'lishi mumkin emas, — deydi K.Usmonov.

Bizga ma'lumki, shaxmat va shashka ikkita rangdan iborat, “Ku-Sam” taxtasi esa maftunkor va serjilo kamalak rang­da. Bu ranglar ko'zga dam beradi, kayfiyatni ko'taradi, g'ashlikni ketkazadi. Shaxmatda shoh harakatlana olmay qolsa “mot” bo'ladi, shashkada toshlar tugasa yoki yurishga imkon qolmasa, o'yin yakunlanadi. “Ku-Sam”da esa o'yinchining shoh, vazir, sarkarda va askari  “START” xonasidan chiqib, 48 ta jangu jadal xonalarini bosib o'tib, “FINAL”ga yetib borsa, g'olib bo'ladi. Kim birinchi bo'lib 4 ta figurani “FINAL”ga olib chiqsa, o'sha birinchi, qolganlar mos ravishda ikkinchi va uchinchi o'rin sohibi hisoblanadi. To'rtinchi o'yinchining esa mag'lubiyatni tan olishidan o'zga chorasi qolmaydi.

— O'yinda rag'bat xonasiga kirgan figuralarning taxtada yurish imkoniyati ikki hissaga ko'payadi. Ya'ni, askar 2 xona, sarkarda 4 xona, vazir 6 xona, shoh 8 xona yurishga haqli. G'alaba qozonmoqchi bo'lsangiz, raqibingizning “asir” xonasiga tushib qolmang. Iloji boricha ularni asirga olib, “hibs” xonalaringizni to'ldiring, bu yutuq garovidir. “Ku-Sam”ning yana bir qulayligi, uni shash-besh bilan ham o'ynasa bo'ladi. Tosh tashlaganda qaysi raqam tushsa, figura o'sha xonaga qo'yiladi.

Mag'lubiyatga yetaklovchi yo'l esa o'yinchining birinchi yurishdayoq ikki marta xato qilsa unga mag'lubiyat yoziladi. Har bir o'yinchi figura yo'qotmaslikni o'ylab, mulohaza va hisob-kitob qiladi, bu insonni bir so'zli bo'lishga, xato qilmaslikka va mulohazali bo'lishga ham undaydi, — deydi K.Usmonov.

Oldindagi raqib figurasini urib, asirga olish uchun harakat qilish va orqadan kelayotgan raqib toshiga “asir” tushmaslikka intilish har bir o'yinchini ogoh bo'lishga chorlaydi. Demak, “Ku-Sam” musobaqasi faqatgina chigalyozdi o'yini emas, balki har tomonlama foydali aqliy o'yin, ya'ni inson tafakkurini takomillashtiradigan intellektual bahslardan biridir.

Yusuf Jo'rayev.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four × two =