Orzu-havas degani shuncha bo'lurmi HAY-HAY…

O'tgan yili Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati Kengashining «To'ylar, oilaviy tantanalar, ma'raka va marosimlar o'tkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish to'g'risida»gi qo'shma qarori qabul qilingandi. Shunga muvofiq 2020 yil 1 yanvardan «To'y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma'raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag'ishlangan tadbirlar o'tkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish to'g'risida»gi qo'shma qaror asosida tasdiqlangan Nizom kuchga kirganligidan xalqimiz yaxshi xabardor. Chunki bu haqda televidenie va matbuotda, ijtimoiy tarmoqlarda juda ko'p bora so'z yuritildi. Joylarda esa ana shu masalada ko'plab tadbirlar, tushuntirish ishlari, targ'ibot-tashviqot yumushlari o'tkazilib kelinmoqda.

Kuni kecha O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida bo'lib o'tgan matbuot anjumanida ushbu Nizom ijrosi qay darajada ta'minlanayotgani mutasaddilar ishtirokida atroflicha tahlil qilindi.

— Albatta, tegishli tashkilotlar bilan birgalikda ish olib boryapmiz. Qolaversa, to'yxona egalariga tushuntirish ishlari olib borildi. Aslida turnaqator qimmatbaho avtomashinalardan iborat kortej tashkil qilinishi, to'y bazmida kelin-kuyovning ovro'pacha valsga tushishi-yu ming xil qiyqim suratlar va videoroliklar asosidagi “Love story” deb atalmish — “hujjatli film” namoyish etishi, bu ham yetmagandek, 5-10 talab taniqli san'atkorlarning to'y bazmida xizmatda bo'lishi-yu kelinning dugonalariga qarata gul otishi kabi dabda­­­­­­ba-yu as'asalar “ommaviy madaniyat”­ning bir ko'rinishidan bosh­qa narsa emas. Bunday bachkana va ortiqcha sarf-xarajatlarni talab etadigan, eng muhimi milliy qadriyatlarimizga mutlaqo mos kelmaydigan “odatlar”ga chek qo'yishning allaqachon vaqti keldi, — dedi O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo'mitasi raisi Baxtiyor Sayfullayev. — Ma'lumki, to'ylarni tartibga solish borasida o'tgan asr boshida jadid bobolarimiz ham harakat qilishgan. Aytaylik, Mahmudxo'ja Behbudiy bobomiz: To'y va aza kabi ikki qattol dushman oyog'imizga tushov bo'lib turibdi. To'y va ta'ziyaga sarflab turgan aqchalarimizni ta'limga sarflasak, Ov­ro'pa kabi taraqqiy topgan bo'lardik”, deya bejiz yozmagan edi. Taraqqiyotga to'siq bo'layotgan to'ylardagi ortiqcha dabdababozliklar, o'zini boshqalarga ko'z-ko'z qilish singari mayllar afsuski to'xtamadi, balki bizning davrga kelib yanada avj oldi. O'ylab ko'raylik, xalqimizda bunday urf-odatlar bo'lganmi? Albatta, yo'q!

Shunday ekan, ya'ni to'ylarimizni tartibga soluvchi hujjat qabul qilingan bo'lsada, nega amaliy natijalar u qadar sezilmayapti?” degan savolga B.Sayfullayev shunday javob berdi:

— Ochig'ini aytsam, shuncha targ'ibot-tashviqot ishlari olib borilayotganiga qaramay, hamon to'ylarni dabdabali o'tkazishga, uzun kortejlar tashkil qilishni istayotgan yurtdoshlarimiz uchrab turibdi. Demak, hali qilayotgan ishlarimiz, joylarda o'tkazayotgan tushuntirish va targ'ibot masalalari, ko'rilayotgan chora-tadbirlar yetarli emas.

Ko'pincha ijtimoiy tarmoqlarda  “Aholi muammolari o'rganilmoqda”, “To'y o'tkazishdagi musobaqalarga chek qo'yiladimi?”, “To'y-hashamlar to'g'risidagi qaror kuchga kirdi” singari postlar tarqatiladi. Shu o'rinda  bir masalaga, ayniqsa, blogerlar e'tiborini qaratmoqchiman. Oilaviy tadbirlarni ixcham, namunali o'tkazish yuzasidan qabul qilingan qarorda “to'y-hasham” degan jumla yo'q. Axir biz aynan ortiqcha hashamga qarshi kurashish maqsadida qaror qabul qildik. Taassufki, parlament qarorini mana shunday nom bilan yoritayotgan ayrim matbuot nashrlari ham yo'q emas.

Matbuot vakillari bilan bo'lgan muloqotda aniq va ma'lum dalillar bilan ta'kidlandiki, hali to'ylar va boshqa oilaviy marosimlar masalasida muammolar yetarlicha. Xo'sh, nima qilmoq kerak? Qattiqroq chora, javobgarlik joriy qilmoq kerakmi? Orzu-havas deganlari o'zini, nafsini shu qadar ko'z-ko'z qilish deganimi? Alalxusus, xalqimiz to'y qilish madaniyatini qachon egallaydi. Bizningcha, bu tarbiya, bu madaniyat har bir oilada, mahallada doi­miy sing­dirib borilishi kerak.

Feruza Rahimova,

“Hurriyat” muxbiri.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

4 × two =