Samimiyatga asoslangan do'stona munosabat

1991 yil O'zbekiston istiqlolga erishganda mustaqilligimizni birinchilar qatorida qardosh turk xalqi tan olgan edi. O'shanda men ToshDU (hozirgi O'zMU)ning jurnalistika fakulteti I bosqich talabasi edim. O'zbekistonga o'sha vaqtdagi Turkiya Prezidenti, dovyurak  siyosatchi Turg'ut O'zal tashrif buyurdi. U paytlarda xorijlik deganda notanish tillar sohibi tushunilardi. Ammo O'zbekiston televideniesi namoyish etgan suhbatda turkiyalik mehmonlar turk tilida gapirishardi, u biz uchun notanish til emasdi, u bizga qardosh til edi. Biz kelgan oliy darajali mehmonlarni tarjimonsiz ham tushuna olardik. Bu O'zbekiston va Turkiya munosabatlarining boshlanishi edi.

— O'zbekis­tonda birinchi elchixonani ochgan davlat ham bu Turkiyadir. Men o'sha paytlari Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligida ishlar edim, — deya xotirlaydi Oliy Majlis Senati raisining birinchi o'rinbosari, tajribali diplomat Sodiq Safoyev. — Mustaqillikning birinchi oylarida umuman qanday ishlash kerak, qanday qilib kelajakni quramiz, chetdan mahsulot sotib olsak qanday olib kelamiz? — degan savollarga javob topolmas edik. Turkiya O'zbekistonga birinchi bo'lib 600 million dollarlik kredit liniyasini ochdi va eng kerak bo'lgan dori-darmonlar, oziq-ovqat mahsulotlarini olib kelishga sharoit yaratib bergandi… Lekin oradan yillar o'tib, ayrim sabab­larga ko'ra ikki davlat siyosatida biroz uzilish, uzoqlashish yuz berdi. Bu sir emas. Ammo muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev davlat rahbari bo'lganlaridan keyin Turkiya bilan munosabatlarimiz qaytadan yo'lga qo'­yildi, rivojlandi.

Mamlakatimiz rahbarining shu yil 19-20 fevral kunlari Turkiyaga amaliy tashrifini sarhisob qiladigan bo'lsak, ikki davlat o'rtasida strategik hamkorlik kengashi barpo etildi. Ya'ni, ikki davlatni uzoq muddatli hamkorlikni qamrab oluvchi nafaqat iqtisodiy, balki xavfsizlik, tashqi siyosat, ma'naviy masalalarda parlamentlararo masalalarni ko'rib chiqadigan bir tuzilma paydo bo'ldi. Bu juda katta yutuq. Albatta, Turkiyani jahonda tutgan o'rni nihoyatda baland. O'zi umuman, Turkiya ko'p yuz yil­liklar mobaynida mavqei baland bo'lib kelgan. Uning protokoli ham juda charxlangan va turkiya­liklar bunga bekamu ko'st rioya qilishadi.

Bugungi kunda yaqin Sharqda nihoyatda murakkab vaziyat shakl­langan. Turkiya jalb qilingan mamlakatlar sirasiga kiradi. Mamlakatning ichida millionlab qochoqlar bor. Bu davlat bevosita harbiy mojarolarda ishtirok etyapti. Shunga qaramasdan, Turkiya davlat rahbari O'zbekiston Prezidentiga alohida e'tibor berib, nihoyatda mushkul masalalarni ham chetga qo'yib, O'zbekiston Prezidenti bilan muzokaralar, uchrashuvlar o'tkazdi, tashrif davomida doim birga bo'ldi. O'zbekiston delegatsiyasiga yuksak ehtirom ko'rsatdi. Protokolga rioya qilmasdan, hattoki, o'zi kuzatishga chiqdi. Bu O'zbekiston lideriga bo'lgan munosabatni yaqqol ko'rsatuvchi bir haqiqatdir”.

Men davlat rahbarining Turkiyaga tashrifidagi bir jihatga e'tiboringizni qaratishni xohlardim. Bilamizki, diplomatik protokolning belgilangan me'yorlariga muvofiq, davlat rahbarining mehmonni aeroportda kutib olishi va kuzatib qo'yishi odatda amalga oshirilmaydi. Lekin, Erdog'an va uning rafiqasi O'zbekiston Respublikasi rahbari va birinchi xonimni kuzatib qo'yish uchun Anqara aeroportiga keldi va bu harakat bizga ko'p narsani anglatdi.

To'g'risini aytganda, shu vaqtgacha Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog'an rafiqasi bilan Anqaraning «Esenbog'a» aeroportida boshqa biron-bir  davlat rahbarini kuzatib qo'yganligini biror joyda o'qimaganman…

Aytmoqchimanki, birinchi nav­batda gap falon milliard dollarlik shartnomalar, muhim biznes loyihalari haqida ketmayapti, chin samimiyatga asos­langan do'stona munosabatlar haqida gapirilmoqda. Ya'ni, bu mamlakatlarimiz o'rtasidagi aloqalar mutlaqo yangi bosqichga ko'tarilganligining kuchli va aniq belgisidir.

Bu har ikki davlat rahbarining diplomatik protokol va normalardan ham yuqori bo'lgan juda yaqin, birodarona va ishonchli munosabatlar muhiti eng yuqori cho'qqiga chiqqanidan dalolat beradi.

Sherzodxon Qudratxo'jayev,

siyosiy fanlar nomzodi,

Xalqaro press-klub raisi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

fourteen − four =