Sirdaryo mavjlarida sayxun sabosi

Yaqinda Guliston shahridagi muhtasham va zamonaviy ta'lim mas­kani — Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabida O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi “Ijod” jamoat fondi tomonidan nashr etilgan O'zbekiston xalq shoiri To'ra Sulaymonning “Tanlangan asarlar”i hamda “Sayxun sabolari”, “Sirdaryo mavjlari”, “Sirdaryoda ulug'vor o'zgarishlar” nomli almanax kitoblari taqdimotiga bag'ishlangan adabiy-ma'rifiy anjuman bo'lib o'tdi.

Tadbirda Oliy Majlis Senati a'zo­lari, taniqli ijodkorlar, sirdaryolik ziyolilar, talaba-yoshlar qatnashdi.

— Bugun yoshlar siyosati mamlakatimizda eng muhim masalalardan biriga aylandi. Buni Prezidentimizning o'tgan yilning 27 dekabr kuni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi maktabda tengdoshlaringiz bilan uchrashib, ularning o'y-tashvishlari, fikr-mulohazalari bilan qiziqqanidan ham ko'rishimiz mumkin, — dedi  Oliy Majlis Senatining Fan, ta'lim, madaniyat va sport masalalari qo'mitasi raisi Baxtiyor Sayfullayev. — Ushbu go'zal ta'lim maskanini qarang — zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan keng va yorug' sinfxonalar, boy kutubxona, shinam sportzal, qulay yotoqxona… Bularning barchasini yaqin yillarda xalqimizning qanotiga kiradigan ma'rifatli va ilg'or fikr­lovchi tayanch kuchimizni tarbiyalash uchun ajratilgan katta sarmoya deb bilingizlar. O'ylaymanki, ushbu dargohdan, albatta, yurtparvar avlod yetishib chiqadi.

“Sayxun sabolari” she'riy, “Sirdaryo mavjlari” nasriy kitobga Sirdaryoda yashab ijod qilayotgan bir qator jurnalistlar, yozuvchi-shoirlarning asarlari jamlangan. Qolaversa, to'plamga el-yurtning hurmat va  e'tiborini qozongan, O'zbekiston xalq shoirlari To'ra Sulaymon va Halima Xudoyberdiyevalarning sara she'rlari kiritilgani kitoblarning adabiy-badiiy qimmatini yanada oshirgan.

— Bugun biz uchun qo'shaloq bayram bo'layapti. Avvalo, muhtaram  Prezidentimiz yoshlar masalasida ilgari surgan beshta muhim tashabbusining mazmun-mohiyatini ilk bor bir yil avval, aynan shu kuni — biz sirdaryo­liklarga aytgan va tushuntirib bergan edi. Bu tashabbus keyin butun mamlakatimiz bo'ylab keng quloch yozdi, amalga oshirildi, — dedi Oliy Majlis Senati a'zosi Hayotxon Ortiqboyeva. – O'sha uchrashuvda tashabbusning to'rtinchi qismi haqida — yoshlar ma'naviyatini yuksaltirish, ular o'rtasida kitobxonlikni keng targ'ib qilish bo'yicha gapira turib, viloyatdagi ijodkorlarning ham asarlarini o'quvchilarga yetkazishda amaliy ishlar qilishni tayinlagandi. Mana bugun ham nasriy, ham naz­miy to'plamimiz chop etildi. Qolaversa, o'zbek xalqining eng xalqchil shoirlaridan biri, Sirdaryoning faxri To'ra Sulaymonning “Tanlangan asarlari” ham yuksak poligrafik usulda chop etilib, o'quvchilarga yetkazilganidan boshimiz osmonda.

Taqdimot anjumanida ishtirok etgan O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o'rinbosari, shoir G'ayrat Majid, taniqli ijodkorlar Salim Ashur, Ahror Ahmedov, Muhiddin Abdusamad va Azizbek Anvarlar To'ra Sulaymonning “Tanlangan asarlar”i hamda “Sayxun sabolari”, “Sirdaryo mavjlari” to'plamlarining o'ziga xos jihatlari to'g'risida o'z fikr-mulohazalarini bildirdilar.

Guliston davlat universitetida ham kitoblarning taqdimotiga bag'ishlangan adabiy-ma'rifiy anjuman davom etdi. Tadbirda professor-o'qituvchilar, talabalar, O'zbekiston xalq shoi­­ri To'ra Sulaymonning far­zandlari va ijodi ixlosmandlari qatnashdi.

Universitet rektori Muhsin Xo'jayev xalqimizning sevimli shoiri To'ra Sulaymonning adabiy merosi haqidagi fikr-mulohazalarini bildirar ekan, shoir ko'p yillar universitet bilan yaqin hamkorlikda ishlagani, yoshlarga adabiy ta'lim — mahorat darslari o'tgani haqida gapirdi hamda ilmiy jamoatchilik bilan kengash o'tkazilib — O'zbekiston xalq shoiri To'ra Sulaymonga Guliston davlat universitetining faxriy professori unvoni berilgani ham katta ehtirom bilan xotirlandi.

Tadbir so'nggida universitetda faoliyat ko'rsatayotgan “To'ra Sulaymon izdoshlari” adabiy to'garagi a'zolarining shoirga ko'rsatayotgan ehtiromi va ijodiy namunalari kechaga yanada fayz bag'ishladi.

Munavvar Shernazarova.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

sixteen + 1 =