Tilloga teng tilimizning taqdiri

Tasavvur qiling, ajoyib kunlarning birida, “barcha tashkilot va idoralarda ish yuritish, hisob-kitob, moliya va statistika hujjatlari to'liq va faqat o'zbek tilida yuritishga o'tilsin”, degan bir ko'rsatma berib qolinsa…

Nima deb o'ylaysiz, “Davlat tili haqida”gi O'zbekiston Respublikasi Qonunining barcha bandlari bekamu ko'st amalga oshib, ona tilimizning ko'kragiga shamol tega boshlaydimi?

Zap ish bo'lardi! Ammo…

Ochig'ini aytsam, mening fik­rimcha, hanuzgacha biz bunga tayyor emasmiz. Chunki mabodo yuqoridagidek ko'rsatma bo'lsa, aksar davlat idoralarida, banklarda, tibbiy muassasalar va hokazolarda ish yuritish maromi pasaygan, qiyinlashgan bo'lardi. Bundan o'ttiz yil avval, ehtimol bunga ancha-muncha hozir bo'lgandirmiz. Ammo shu orada o'zbek tilini rivojlantirishga turtki beradigan ba'zi ishlarni xo'jako'rsinga qilgan bo'ldik-da, asosiy ishni paysalga solib, yo'qqa chiqarishga qarab ketaverdik. Masalan, “Davlat tili haqida”gi Qonunni keyinchalik “tahrir” qilib – har yog'ini egovlab, yum-yumaloq, tishsiz-tirnoqsiz bir narsaga aylantirdikki, unga amal qilsa ham bo'ladi, amal qilmasa ham. Oqibat, idora va tashkilotlarda davlat tilida ish yurita oladigan odam bugun siyraklashib qoldi. Hozir ko'pgina mutaxassislar ona tilimizni bu orada pensiyaga chiqib ketgan eski xodimlar darajasida bilishi dargumon. Holbuki, buning aksi bo'lishi kerak emasmidi?

Gap qonundami? Albatta, qonun zarur. Ammo uni amalga oshirishga qobil, tilimizning, millatimizning fidoyisi bo'lgan xodimlarning o'zi qahat bo'lsa, qonun harchand puxta ishlanib, “o'tkir” bir holga keltirilgani bilan ish aro yo'lda qolaveradi. Zero, katta-kichik har bir mahkamaga o'nlab, yuzlab o'zbek tilini qoyilmaqom biladigan mutaxassislar – butun mamlakat bo'yicha olganda esa, harbiycha aytganda, bir-ikki polk emas, butun bir armiya tilbilarmonlari kerak. Ularni qaerdan olamiz? Qachon tayyorlaymiz?

Pessimizmda ayblashlarini bilib turganim holda aytamanki, agar maktablarda ona tilimizni o'qitish shu zaylda davom etaversa, o'zbek tilining chinakam davlat tili bo'lishi yana cho'zilib ketadimi, deb qo'rqaman.

Buning sababini izohlaganda «ilgari mustaqil emasdik, mus­tabid tuzum edi, tilimiz kamsitilardi…» kabi bahona-yu uzr­lar ham keragidan ortiqroq aytildi. Endiyam shu gaplar bilan o'zimizni aldab yurishning vaqti o'tmadimi? Aslida, sobiq Ittifoq paytida ham birov bizga ona tilingni bilma, chuqur o'rganma, degan emas, aksincha, rus tilini o'qitish-o'rgatish bo'­yicha Ittifoq miqyosidagi konferensiyalarni o'zimiz tashab­bus qilib ko'pincha Toshkentda o'tkazardik, Kavkaz, Boltiqbo'­yidagi birodarlar o'sha paytlarda ham respublika doirasidagi ishlarini o'z ona tillarida olib borishar va bunga birov aytarli monelik qilgan ham emas. Demoqchimizki, o'zimizda fidoyilik, millatparvarlik kamroq, mana hozir – “Davlat tili haqida”gi qonun chiqqanidan buyon o'ttiz yil, mustaqillik qo'lga kirganidan beri ikki kam o'ttiz yil o'tibdi hamki, ozod elimizning ozod tilida to'laqonli ish yuritishga muyassar bo'lolmayapmiz. Chunki aksar odamlarga davlat tili tushunchasining o'zi begona, qorin to'q, betashvish yashashdan boshqa g'ami yo'q.

Buni bizga uqtirib, til rivojini yangi bosqichga ko'tarishda rahnamolik qilishi kerak bo'lgan ko'p tilshunos olimlarimiz esa o'ninchi-o'n beshinchi darajali masalalar bilan, chunonchi, “Qo'shma gaplarda zid­lanuvchi uzvlar presuppo­zitsiyasi” kabi, sarlavhasiga qarasangiz – o'ta ilmiy, lekin mohiyatiga ko'ra tilning u yoki bu holatini statik tarzda qayd etishdan nariga o'tmaydigan va til ravnaqiga aytarlik hissa qo'shmaydigan tor doiraga oid masala bilan mashg'ul. Axir, ko'chasida inqilob bo'layotgan chog'da qay bir olim “O'rta asrlar bilish nazariyasida ruh fenomenologiyasining o'rni” kabi daqqi bir masala bilan shug'ullanib o'tiradigan bo'lsa, uning faylasuf emas, boshqa “beozor” shaxs ekanligi tayin-ku!

Bizningcha, bu borada bir-biriga bog'liq ikki katta muammo bor:

  1. Til o'qitish tizimi

Maktab va oliy o'quv yurtlari bola nutqini o'stirish bilan emas, balki o'zbek tili grammatikasining qoidalarini o'rgatish, yod oldirish bilan mashg'ul. Institutga kirishda abiturientning bilimi so'z turkumlarni bilishiga, falon jumla ergashgan qo'shma gapning qaysi turiga mansubligini farqlashiga qarab o'lchanyapti. Tildan xabardorlik deganda grammatik qonun-qoidalarni qanchalik sharros o'rganganini tushunyapmiz.

Ammo bola o'timli fe'l bilan o'timsiz fe'llarni chalkashtirib yuborsa, kishilik olmoshini o'zlik olmoshi deb aytsa, yoxud hol ergash gapni to'ldiruvchi ergash gap deb tursa – mana shu qoidalarni yodlamagan bo'lsa, turmushda u xato gapirib, xato yozadigan bo'lib qoladimi?

Yo'q, albatta. Bizningcha, to'g'ri gapirib, to'g'ri yozish uchun grammatikani egallashning mutlaqo ahamiyati yo'q.

Shunday hollar uchraydiki, o'zbek tili darsliklaridan bahra olmagan odamlar grammatikani maxsus o'rgangan kishilarga nisbatan yaxshiroq so'zlaydilar ham. Chunonchi, islom ma'hadini kechagina bitirgan mullavachcha tumonatga va'z aytadi, ta'sirli so'zlab odamlarni yig'latishga qodir, ammo tilchi professorlarning ko'pi to'rtta odam oldida eplab gapira olmaydi.

Shu o'rinda, masalani kengroq qo'yib ko'raylik: til ta'limidan maqsad nima? Grammatikaning sxolastik qoidalarini yaxshilab bilib olishmi yoki o'z ona tilida burro gapirib, ravon yoza olishni o'rgatishmi?

Maktablarda (universitetlarda ham) til o'rgatish noto'g'ri asosga qurilgan. Bizda bolalarga tilni emas, balki til haqidagi fanning muayyan tarmoqlari – fonetika, morfologiya, sintaksis… o'rgatiladi. Holbuki, fizika darslarida bolalar fizik jarayonlarni, matematika darslarida hisob-kitobni o'rganganlari kabi, til darslarida ham til xususidagi fanning tarmoqlarini emas, ona tilimizning o'zini, go'zalligini, keng imkoniyatlari haqidagi ilmni o'rganishi lozim-ku!

O'tmishda til ta'limi to'g'ri yo'lga qo'yilgan edi. Eski maktabda sarf (morfologiya) va nahv (sintaksis) kabi maxsus sohalar ham o'qitilgan, biroq ular talabalarning ancha bilim va ko'nikmalarni egallagan chog'ida o'rgatilgan. Unga qadar esa odob ta'limi (til odobi ham shunga kiradi. Z.I,), qiroat, notiqlik, fasohat kabi bir qancha lisoniy va g'ayrilisoniy fanlardan saboq berilgan. O'rni kelganda eski maktablarda til ta'limi o'qitishda qo'llanilgan ana shunday maqbul usul va shakl­lardan foydalanish mumkin emasmi?

Maktabda tilni endigina o'rganishga kirisha boshlagan bolalarga grammatika emas, til o'qitilishi kerak. O'quvchilarga o'zbek tilining turkiy tillar oilasidagi o'rni, mavqei, shevalari va adabiy til xossalari, ona tilimizning milliy tabiati, nutqni to'g'ri tuzishning bosh­lang'ich talablari, nutq madaniyati asoslari, ifodali o'qish va qiroat malakasi, fasohat va balog'at, mantiq va uslub singari har bir odamga – ishchi, xizmatchi, dehqon, sotuvchi, kimyogar, novvoy, kompyuter dasturchisi… singarilarga har kuni asqotadigan, ya'ni avvalo, jonli muloqot uchun lozim bo'ladigan bilimlar o'rgatilishi kerak. Ana shularni mukammal egallagandan ke­yingina til ta'limining oliy bosqichida – tilning tovush, so'z va jumla ko'lamidagi qonuniyatlari bayon qilinadigan fonetika, morfologiya va sintaksis kabi nazariy sohalariga o'tish mumkin bo'lar.

  1. O'zbek tili grammatikasi darsliklari borasida

Aslida, barcha grammatika darsliklari o'sha tilning tabiatidan kelib chiqib tuziladi. Bu degani, agar tillar o'zaro genetik va tipologik jihatdan mushtarak bo'lmasa, bir til uchun tuzilgan grammatika ikkinchi tilga to'g'ri kelmaydi. Tilning milliy xususiyatlaridan kelib chiqib yaratilgan grammatikagina o'sha tilning xossalarini to'g'ri aks ettiradi va uning rivojiga ko'mak bera oladi.

Ammo o'zbek tilining bugungi grammatikasi bu talab­­ga mutlaqo javob bermaydi, chunki uning butun tuzugi… rus grammatikasiga mos. Boshqacha aytganda, rus tili grammatikasi rus tilining jussasiga qarab bichib-tikilgan libos desak, o'zbek tili kiygan libos (grammatika) o'z gavdasiga monand emas, u boshqa birovning kiyimini kiyib olib, o'ng'aysiz ahvolga turgan kishiga o'xshaydi. Bu libosda uni tanib olish (o'rganish) qiyin.

Chunonchi, so'zlar ikki yirik — mustaqil va yordamchi so'z turkumlariga taqsimlanar emish. So'z turkumlari esa oz ham emas, ko'p ham emas, rus tilidagi kabi oltita: ot, sifat, son, olmosh, fe'l, ravish (bularning sanalish tartibigacha bir xil). Yordamchi so'zlar turkumi ham xuddi ruschadagiday — aynan beshta, bu turkumlar har birining u yoki bu grammatik holatini izohlovchi o'nlab va yuzlab ichki atamalar hamda ularning butun-butun tizimi (masalan, fazovыy glagol — fazali fe'l, vыdelitelno-ogranichitelnыe chastisы — ayiruv-chegaralov yuklamalari…), shu­ningdek, kelishiklar sonining rus tilidagi padejlar kabi aynan oltita ekanligi… o'nlab shunday aynanliklar borki, bu o'zbek tilining hozirgi sarfiyoti tamomila ruscha qolipdan chiqqanini ko'rsatadi.

Sintaksis sohasidagi mutelik esa yana ko'p. Gapning ega va kesim kabi bosh bo'laklar (glavnыe chlenы predlojeniya)ga, aniqlovchi, to'ldiruvchi va hol (opredelenie, dopolnenie i obstoya­telstvo) singari ikkinchi darajali bo'laklar (vtorostepennыe chlenы predlojeniya)ga bo'linishi, sodda gap va qo'shma gap, sodda gaplarning va qo'shma gaplarning turlari, bularning shakl-shamoyi­li va nomi… barchasi o'zbek tili sintaksisi rus tili sintaksisini o'ziga tatbiq etib olganiga dalildir. Bugungi o'zbek tilshunosligiga oid mingdan ortiq  istilohlar ham ruschadan aynan tarjima qilib olingan.

Boshqa til vakillariga o'zbekchani o'rgatishga mo'ljallab chop etilgan ko'plab o'quv qo'llanmalari ham ana shu alpozdagi grammatikani o'qitishga mo'ljallangan. Ular bu darsliklar asosida o'zbek tilini o'rgana olmasligi aniq. Chunki, hozirgi grammatika asosida o'zbek tilini o'rganish nafaqat boshqa millat kishilari, balki o'zbeklarning o'ziga ham mushkul.

Men turk tili yuzasidan Turkiyada yoki uyg'ur tili bo'yicha Shinjonda yaratilgan milliy grammatika namunalari bilan tanishishni juda istar edim. Har holda, ular o'z grammatikalarini rus tili qolipiga moslab emas, balki turk, uyg'ur tillarining milliy tabiatidan kelib chiqib yaratgan bo'lsalar kerak. Bu esa turkiy tillar bo'yicha ko'p darsligu qo'llanmalarni to'g'ri tuzishga, kamchiliklarni bartaraf etishga ko'maklashgan bo'lur edi.

Xullas, o'zbek tilini o'qitish-o'rgatishda hozir shakllangan sxolastik an'analardan, ya'ni hadeb grammatikani tiqishtirishdan voz kechib, asosiy e'tiborni nutq o'stirishga qaratish lozim. Grammatikaga kelsak, uning tuzilishini tubdan isloh qilib, ona tilimizning milliy tabiatidan kelib chiqqan holda, mustaqil milliy grammatikani yaratish zarur. Shunday darsliklargina o'zbek tilining tabiati haqida to'g'ri tasavvur bera oladi.

Shu kunlarda davlat tili to'g'risidagi qonun yana kun tartibiga chiqyapti. Bu borada Prezidentimiz aytganiday, “ura-ura” qilib, qonun qabul qilish kerak deb ish qilish noo'rin. Qonun qabul qilganda ham vijdondan o'tkazish: xo'sh, bu qonunni kim bajaradi, degan savoldan kelib chiqish lozim.

Bu taloto'p dunyoning avzoyi shundayki, to'rt ming kishi gaplashadigan bir til saqlanib qolib, to'rt million kishining ona tili yo'qlikka yuz tutishi ham mumkin. Bu endi ayni til vakillarining fidoyiligiga, vatanparvarligiga bog'liq. Nega vatanparvarlik deyapmiz? Chunki har bir el-xalqning vatani eng avvalo uning ona tilidir. Til bo'lmasa millat, millatsiz Vatan bo'lmaydi. Demak, til — ko'zimizning qorachig'i kabi aziz.

Pirovardida o'zbek tili busbutun davlat tiliga aylanishi uchun o'ta shart bo'lgan bir omil haqida ham aytib o'taylik.

Ma'lumki, inson ruhiyatida shaxsiy manfaatdorlik tuyg'usi kuchli. O'zbeklarda esa ayniqsa. Biz ona tilini yaxshi bilib, davlat ishini shu tilda yuritishdan shaxsan o'zimiz manfaatdor bo'lishimizni anglasak bormi, tamom, boshqa birov bizga yetib bo'pti. Chunonchi, har qanday darajadagi rahbarlikka tayinlashda shu kadr­ning davlat tili bo'yicha imtihondagi natijasi hisobga olinsa, harbiy, tibbiy, texnikaviy, diplomatik, ilmiy va hokazo darajalar berishda, malakalash uchun attestatsiyadan o'tkazishda xodimlarning o'zbek tilini qay darajada bilishi bo'yicha savollar ham o'rtaga qo'yiladigan bo'lsa… ishoning, barcha muammolar o'z-o'zidan hal bo'ladi va biron yilga qolib-qolmayoq o'zbek tili amalda chinakam davlat tili bo'lib ishlay boshlaydi.

Yuqoridagi mulohazalarimizdan muddao shuki, Prezidentimizning 2019 yil 21 oktyabrda qabul qilgan “O'zbek tilini davlat tili sifatida nufuzi va mav­qeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Farmonida: “Bugungi globallashuv davrida har bir xalq, har qaysi mustaqil davlat o'z milliy manfaatlarini ta'minlash, bu borada, avvalo, o'z madaniyatini, azaliy qadriyatlarini, ona tilini asrab-avaylash va rivojlantirish masalasiga ustuvor ahamiyat qaratishi tabiiydir”, deyilgani biz uchun dasturilamal bo'lmog'i shart. Demak, ushbu Farmonning ijrosini ta'minlashda ustuvor vazifalarga birinchi galda e'tibor qaratishimiz lozim.

Zuhriddin Isomiddinov.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

1 thought on “Tilloga teng tilimizning taqdiri

  1. Bu makola maga abdan jakty. Katta raxmat etem sizlarga. Kirgiz tilida ve bul probem var. Uzbek tilinin davlat statusu ykarsa bisdin davlatka ve jardam etmek. Myndan sonra siznin makoranyzdy har doim okup turamyz. Zamirbek Osorov, Kyrgyz jornalist ve adabiatchy

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 × five =