Maftunkor bahor

O'zining sehri, jozibasi bilan butun dunyoga bo'y taratayotgan xalqimizning qadimiy va milliy bayrami — Navro'zni Birlashgan Millatlar Tashkiloti ham xalqaro bayram sifatida e'tirof etgan.

Kuni kecha Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan “2020 yilgi Navro'z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazish to'g'risida”gi qarorida ham qadimiy bayramimiz ruhi va falsafasida yangilanish va yasharish, yaxshilik va bag'rikenglik bor ekani, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlarning ma'no-mazmuniga hamohangligi alohida ta'kidlanadi.

Tabiatning evrilishi, yasharishi baribir o'zgacha, zavqli. Yam-yashil dalalarga qarab ko'ngil yayraydi: ko'klam quyoshning tobora shimolga og'ishidan boshlanadimi, yo maysalar orasidan turtinib osmonga yuz ochgan chuchmoma guli hididanmi?

Ehtimol, bu sog'intiruvchi faslning debochasi uzoq tog' cho'qqilaridagi muzdan uzilgan ilk tomchidan yo boychechakning mo''jizakor ranglaridan boshlanar? Balki, shoshqaloq bodom gullari boshlab kelar bahorni…

Xush kelding, Ko'klam!

Bahor, Sen rizq-ro'z, to'kin dasturxon  yozguvchisan, Senda samo karnaychisi — momoqaldiroq  guldurosida alp yigit shijoati, Barchin qiz ko'rki, tarovati mujassam.

Nega katta-yu kichik bahorni eng yaqin kishisini sog'ingandek sog'inadi? Nega suyukli yorday maftunkorsan, Navro'zi olam!

Sen kelganda har yurakda yangi orzu-umidlar kurtak otadi, sening tashrifing dunyoni uyg'otadi, borliqni tebratadi!

Assalom, Bahor!

Sening tashrifingga zamin poyondoz to'shadi. Iforingga dasturxon yozdi. Ajib nozbo'y hididan dillar rohatlandi, o'rik gulining ol-qirmiz rangidan ko'ngillar zavq tuydi.

Sening bu galgi tashrifing yurtimiz — Yangi O'zbekiston uchun yanada yuksalish, yashnash, yasharish bahori hamdir.

Xush kelding, Bahor!..

Ahmadali Shernazarov.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

17 + three =