“…Millatning ruhini yo'qotmak”

Gazetamizning 2020 yil 26 fevral sonida taniqli olim Zuhriddin Isomiddinovning “Tilloga teng tilimizning taqdiri” sarlavhali maqolasi e'lon qilingan edi. Unda tilimiz ravnaqiga to'siq bo'layotgan muammolar, ularni bartaraf etishdagi qiyinchiliklar, o'zbek tilining to'laqonli ravishda davlat tiliga aylanishi uchun shart bo'lgan omillar yuzasidan atroflicha mulohaza yuritilgan edi. Aytish joizki, maqola mushtariylarimiz tomonidan e'tiborli, o'rinli va jasoratli chiqishlardan biri sifatida e'tirof etildi, hatto ijtimoiy tarmoqlarda ham ushbu maqola qizg'in bahs-munozaralarga sabab bo'ldi.

Quyida muxbirimizning yana shu mavzuga oid maqolasi e'lon qilinmoqda.

Keyingi paytda turli tadbirlar, OAV, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda o'zbek tiliga bildirilayotgan munosabat muhokama markazida bo'lmoqda. Ona tilimizga e'tibor pasayib ketgani, go'yo ona tili faqat sanoqli ziyolilargagina kerakdek tasavvur uyg'ondi, nazarimizda.

Biz Konstitutsiya, Qonun, Farmon, Qaror va boshqa qonunosti hujjatlari bilan mustahkamlab qo'yilgan  ona tilimizga shunchalik bee'tibor bo'lsak, tilimizni behurmat qilaversak, asrlar osha muomalada bo'lgan  o'zbek tilini o'lik tillar qatoriga kiritib qo'yishimiz hech gap emas.

Prezidentimizning “O'zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi  Qonuni qabul qilinganining o'ttiz yilligini keng nishonlash to'g'risida”gi  qarorida shunday deyilgan edi: “Dunyoda qadimiy va boy tillardan biri bo'lgan o'zbek tili xalqimiz uchun milliy o'zlik va mustaqil davlatchilik timsoli, bebaho ma'naviy boylik, mamlakatimizning siyosiy-ijtimoiy, ma'naviy-ma'rifiy taraqqiyotida g'oyat muhim o'rin egallab kelayotgan buyuk qadriyatdir”. Lekin ochiq aytish joizki, tilimizg oid tegishli qarorning ijrosini ta'minlovchi nufuzli idora va hokimliklar, jamoat tashkilotlari tomonidan  amaliy ishlarda ilgari siljish ko'rinmayapti.

Hukumat qarori loyihasiga ko'ra, O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish Departamenti huzurida jamoatchilik asosida faoliyat yurituvchi Atamalar komissiyasi tashkil etilmoqda. Komissiyaning a'zolari ham tasdiqlandi, ularga bir qator vazifalar yuklatilgan bo'lib, vazirliklar, Davlat qo'mitalari va idoralarga atamashunoslik bo'yicha maslahat berish ham shular sirasiga kiradi. Ammo… “Har bir millatning dunyoda borligini ko'rsatadurg'on oynai hayoti til va adabiyotdur. Milliy tilni yo'qotmak — millatning ruhini yo'qotmakdur”, degan edi ma'rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy.

O'zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi mutasaddilari  ham o'zbek tilining mavqei va shuhratini tiklashga jazm qilishgan edi, lekin ularning bu harakatlari ham susayib, negadir ko'lankadek g'oyib bo'ldi.

Ayniqsa, ko'chalardagi tijorat lavhalarida Davlat tilini buzib yozish holatlarini xohlagan joyda uchratish mumkin. Bu “an'ana” endi viloyat markazlaridan tuman va mahallalargacha zararli zarpechakdek ildiz otmoqda. Bunday holni o'zimizdan axtarib, vatanparvarlik tuyg'usining sustligi bilan izohlash mumkin. Qachongacha tilimizning muammolari  bilan davlat  yoki biror-bir tashkilot shug'ullanishi kerak. Yurtimizda ko'cha e'lonlari,  tijorat lavhalari, tashkilot nomlari yozuvlarini tartibga solish maqsadida tashkil etilgan “Tasviriy oyina” uyushmasining faoliyati o'ta sust. Ularning faoliyati, nima ish bilan bandligi jamoatchilik uchun ma'lum bo'lishi kerak emasmi?

Uzoqqa bormaylik, Chirchiq shahrida bir kun bo'lgan odam o'zini chet elda yurgandek his qiladi. Sobiq ittifoq davrida bunyod bo'lgan shahar haligacha deyarli o'sha qiyofada. Kiraverishda Chirchiq o'rniga “ChIRChIK” degan “ajnabiy” yozuv sizni qarshi oladi. Axir, azaldan poytaxtimiz va Toshkent viloyatining bir qator tumanlarini zilol tog' suvi bilan ta'minlab turgan Chirchiq daryosiga atab qo'yilgan katta shaharda Davlat tiliga munosabat   o'ttiz yildirki hamon o'zgarmasa-ya! Chirchiq shahar DSI boshlig'ining o'rinbosari tomonidan aholiga yuborilgan rasmiy ogohlantirish xatini  ko'rib, yana hayratingiz oshadi.

Davlat tiliga obro'li idoralarda mas'ullar shunday munosabatda bo'laversa, oddiy fuqarodan nimani ham kutish mumkin. Ishonish qiyin, ammo haqiqat. Chirchiq shahar DSI boshlig'i o'rinbosari imzosi bilan yuborilgan xatda 150 dan ziyod so'z bo'lib, 36 ta xatosi bor ekan. Bundan ko'rinadiki, Davlat soliq qo'mitasi va uning quyi tizimlari til  masalasida hali ham islohotlarga muhtoj.

O'zbekiston Respublikasi Adliya vaziri va boshqa bir-ikkita yuqori idoralarga davlat tili masalalari bo'yicha maslahatchi tayinlandi. Balki Davlat soliq qo'mitasi va yana qator boshqa tashkilotlar mutasaddilari ham ushbu masalada bosh qotirishlariga  vaqt kelgandir?

Ulug' bobomiz  Alisher Navoiy aytganidek: “Tilga e'tiborsiz — elga e'tiborsiz”. Zero, ona tilimizni o'zimiz qadrlamas ekanmiz, chetdan kelib   bizga hech kim yuksak mavqeini tiklab bermaydi.

Hikmatullo Qodirov.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four × 5 =