Rostgo'ylik, xolislik, professionallik

OAV vakillaridan doimiy izlanish va jasoratni talab etadi

Ijodkor ahli, kasbi taqozosidan kelib chiqib, azaldan «e'tibortalab» bo'ladi. Bu bejiz emas, ozgina qo'llab-quvvatlash ham ijodkorga ruhiy ko'tarinkilik, tetiklik, kuch-g'ayrat, ilhom baxsh etadi.

Lekin nainki ijodkor ahli, aslida barcha sohalar ham e'tiborga, rag'batga ehtiyoj sezadi. Ana shu yuksak e'tibor yakkalikdan umumiylikka ko'chsa, sohalarga qaratilsa bormi, yuzlab, minglab insonlar ruhan madad oladi, yanada shijoat bilan o'z mehnat faoliyatini takomillashtiradi. Natijada yurtimizdagi o'sish yanada tezlashadi. Bunga keyingi uch yilda o'zimiz guvoh bo'lmoqdamiz.

Nafaqat yurtdoshlarimizga, balki butun dunyo jamoatchiligi o'rtasida Prezidentimizning joriy yil 24 yanvar kuni Oliy Majlisga Murojaatnomasi yuksak e'tirof va qiziqishlarga sabab bo'ldi. Xususan, so'z erkinligini ta'minlash, ommaviy axborot vositalarini har tomonlama rivojlantirish masalasiga alohida e'tibor qaratilgani yurtimizdagi har bir jurnalistning ko'nglini tog'dek ko'tardi.

Davlatimiz rahbari o'z Murojaatnomasida jumladan: “Joylardagi muammo va kamchiliklarni ro'y-rost ochib berish, ularni haqqoniy yoritishlarida men professional jurnalistlarni hamisha va har tomonlama qo'llab-quvvatlashga tayyorman”, — dedi. Shuningdek, Prezidentimiz jurnalistlarning erkin faoliyat yuritishi va ijod qilishlari uchun huquqiy asoslar va keng imkoniyatlar eshigi ochiladi, ularning mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni ommaviy axborot vositalari orqali xalqimiz va xalqaro hamjamiyat uchun ochiq-oydin yoritishiga barcha shart-sharoitlar yaratiladi, deb alohida ta'kidladi.

Bunday yuksak e'tibor mamlakatimizdagi barcha davlat va nodavlat ommaviy axborot vositalarida faoliyat yuritayotgan ijodkorlarni yangi-yangi marralar sari ruhlantirib, yanada faol bo'lish va o'z ishiga  bo'lgan ishonch va ishtiyoqini uyg'otmoqda.

Rostgo'ylik, xolislik, professionallik. Mana shu uch so'z zamirida ifodalangan fazilatu xislatlarni o'z faoliyati mezoniga aylantirgan hamkasblarimiz ko'pchilikni tashkil qiladi. Ularda kasb ko'nikmalarini yanada shakllantirish, faolligini oshirish uyushmamiz zimmasiga yuklangan  vazifalar sirasiga kiradi.

2020 yil — «Ilm, ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili»da milliy jurnalistikamiz taraqqiyotiga oid ilmiy izlanishlar olib borish bilan bog'liq faoliyat jonlanishiga shubha yo'q. Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida bo'lib o'tgan jurnalistikaga oid kitoblar taqdimotida aytilganidek, hali qilinishi lozim bo'lgan vazifalar ko'p, nashr etilgan 10 tomli qo'llanma esa bu boradagi bajarilgan ishlarning debochasidir.

Bugunga kelib soha va tarmoqlar rivojlanayotir, mamlakatimiz taraqqiyotning mutlaqo yangi bosqichiga qadam qo'ymoqda. Yangi O'zbekistonni qurish maqsadida hayotga tatbiq etilayotgan demokratik islohotlarning ahamiyati ham shundaki, erishilgan yutuqlarni tezkor, xolis va haqqoniy yoritib borish ommaviy axborot vositalariga, ularda faoliyat olib borayotgan jurnalistlarga, qolaversa, uyushmamizga katta mas'uliyat yuklaydi. Shuningdek, sohaga endi kirib kelgan yigit-qizlarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash, ularning bilim, malaka va mahoratini oshirish masalalariga uyushmamiz alohida e'tibor qaratadi. Bu Murojaatnomada belgilangan vazifalarni sidqidildan amalga oshirishni o'z oldiga bosh maqsad qilib qo'yilganidandir.

Uyushmamiz “Ustoz-shogird” an'anasini yanada rivojlantirish, yurtimizda har jihatdan kuchli, professional jurnalistlarning safi kengayishiga o'z hissasini qo'shish, bir so'z bilan aytganda, jamiyat hayotida demokratiya va oshkoralik tamoyillarini qaror toptirish maqsadida fikrlar xilma-xilligi, turli qarash va yondashuvlarga keng yo'l ochishga ko'maklashadi.

Soha ravnaqida hamkasblarimizning rag'batlantirilishi alohida ahamiyat kasb etadi.

Shu kunlarda Milliy mass-mediani qo'llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi o'z faoliyatini boshlagani bu boradagi xayrli amallardandir.

Yangilanish, yuksalish sari dadil qadam qo'yayotgan davlatimiz ravnaqiga o'zimizning munosib hissamizni qo'shishimiz kasbimizga bo'lgan mas'uliyat, burch va ona Vatan istiqboli yo'lidagi daxldorlik   hissini belgilaydi.

Xolmurod Salimov,

O'zbekiston Jurnalistlari

ijodiy uyushmasi raisi o'rinbosari.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two × one =