Cho'chitib yubormay kipriklaringni

Ehtiyoj

Ruhim panoh bilsa yurak qa'ringni,
Hayyomning jomida to'lg'ongandek may.
Cho'chitib yubormay kipriklaringni,
tushlaringga kirib borsam sezdirmay.

Yashasam umrimni sochingga burkab,
O'ylaring rangida bexush qarisam.
Qoyalar kunjidan bir kaft suv tarab,
horg'in qushlaringga tutsam, farishtam!

Ko'nglingga chuqurroq yetganim sayin,
xotirjam dunyodan voz kechib kulsang.
Mehr-la jonimni olsa Azroyil,
Sening xayollaring shaklida o'lsam!

Tayyorman – bu tunda ishqingni kuylab,
Nigohing tubida uyg'onsam basir.
Roziman,
qismatim bir nafas siylab,
Ko'zlaring rangida bitsa Musavvir…

* * *

Qahraton qo'ynida
chilla saqlashga
sharpalar tutoqib chiqdi o'yimdan.
Men harchand urinmay o'zni oqlashga,
muqarrar – gunohim tushmas bo'ynimdan.

Hali boshim uzra tarqamas tuman,
tovonim tilsa-da yashil maysalar.
Ayni dam
to'kilib yig'lamoqchiman…
Daraxtlar qonimni ichib to'ysalar!

Qaniydi,
xumordan chiqsam, bexato
mushtimni duch kelgan devorga ursam.
Ko'zimni ochsamu bo'lsayding paydo,
Barini unutsam – bir Seni ko'rsam.

* * *

Panjara shaklidan
metin irodam –
yuzarki, bu uyqu ichindan Haddim.
Ruhimni siquvga olar ziroat,
harchand parchalashga yetar qudratim!

Aylanar
boshimda daqiq erkinlik,
Aylanar tabassum botqog'iga mung.
Umr nima,
O'lim?
Qayga berkitdik,
qani, yashalishi zarur bo'lgan Kun?!

* * *

Ketarkan suvrating o'ngimdan xushbaxt,
lahzalar izmidan chiqdim ustuvor.
Soyangga evrildim –
aylandim qushga,
poyingga surinib kuyladim takror.

Kelarkan nafasing –
ohangga to'ldim,
muanbar iforga qovushdim – sharaf!
Chorasiz uzlatdan ko'rindi yo'lim
va yorug' qismatga bo'ldim musharraf.

Bari go'zal edi, na-da borliq keng!
Kuzatdim, to'kilib yo'lsiz irmoqqa.
Nahot, Sendan kechmoq…
o'lim bilan teng?
Jazm etgil, qaytmoqqa – tiriltirmoqqa.

Muhammad Siddiq

Muhammad Siddiq – 2000 yilda Farg'ona viloyati Toshloq tumanida tug'ilgan. O'zbekiston davlat San'at va madaniyat institutida o'qish bilan birga, “Toshkent haqiqati” gazetasida xizmat qiladi.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

18 − five =