“Anov chayir bola kim bo'ldi?”..

— Omadli ekansiz, berilgan savollarga yaxshi javob berdingiz. Qat'iyatli, cho'rtkesarligingizdan ma'lum, yaxshi talaba bo'lasiz. Ammo yana bir savol, Surxondaryodan sizdan tashqari, yana uch kishi shu fakultetga  hujjat topshirgan, ular ham berilgan savollarga javob berishdi, lekin bizda qabul  qilinuvchilar soni  cheklangan-da,  ayting-chi, o'qishga siz kirganingiz ma'qulmi yoki ular? — jiddiy so'radi domla.

— Menga qolsa hammamiz o'qiganimiz yaxshi, domla, —  degandi o'shanda abiturient Usmonali Normatov…

Biz, yuqori kurs talabalari yozgi ta'tildan qaytib, yangi  o'quv yilini  boshladik. Dekanning xonasi yonidagi zalning bir burchida  birinchi bosqich talabalari begonasirab turishardi. Kursdoshim Abdumajid Azimovdan so'radim: “Hov anov, chayirdan kelgan, kim bo'ldi? Shiddati balandga o'xshaydi”. “U — sariosiyolik, armiya ko'rgan bola. Men ham  kecha bildim”.

Oradan ko'p o'tmay butun jurnalistika fakulteti talabalari  Mirzacho'lga ixtiyoriy-majburiy hasharga, ya'ni paxta terishga ketdik. Shu yerda birinchi bosqich talabalari bilan ham tanishdik. Usmonali «barak»da, ya'ni hasharchi talabalar joylashgan qo'nalgohda bo'ladigan gap-so'zlarga, turli bahs-tortishuvlarga, tarafkashliklarga qo'shilmasdi. O'zi bilan o'zi bo'lib, ko'p qatori paxta terardi. Tortinchoq,  desak  noto'g'ri bo'lar, ammo hammadan, hamma narsadan muomala va munosabatda masofa saqlashga o'rgangan bu sobiq  askar tez orada yaqin ukamizdek bo'lib qoldi. Biz Usmonali bilan ikki mavsumda Sirdaryoning Oq oltin tumanida bir barakda yotib paxta terganmiz.

U paytlarda  bepoyon paxtazor bag'rida  joylashgan dala  shiypondagi taniqli yozuvchi, shoirlar bilan bo'ladigan ijodiy uchrashuvlar, she'riyat mushoiralari, adabiy jarayonlar haqidagi bahs-munozaralar hali-hali yodimizdan chiqmaydi, qalbimizda muhrlanib qolgan.

— Otamga jurnalist bo'laman, deb poezdga bilet oldirdim. Yelkamdan yuk bosganday bo'ldi. Nima qilib bo'lsa ham talaba bo'lishim shart edi. U paytlari respublika bo'yicha jurnalistika fakultetiga 25 nafar bola qabul qilinardi. Hujjatlarimni  qabul hay'atiga topshirdim, qarasam kech bo'layapti, boradigan, yotadigan joyning o'zi yo'q. Bu hayotimdagi birinchi uchragan qiyinchilik edi.

Alanglab atrofga qarayman, xavotirda turganimni sezgan shekilli, Ergash Ibragimov degan kursdoshlaringiz talabalar shaharchasidagi yotog'idan joy berdi. Ko'nglim yorishdi. O'shanda ko'zimga  bu odam avliyodek ko'ringandi. Keyin bildim, o'zi ham avliyosifat odam ekan. So'ngra  Mirza Kenjabek, Sirojiddin Sayyidni  uchratdim. Shu tariqa “talabalik oltin davrim” boshlangan, — deydi Usmonali  o'sha damlarni eslab.

* * *

 …Men o'qishni tugatib, qoida bo'yicha kichik leytenant unvonini olish uchun Qozog'istonning Chernyayev  viloyatiga harbiy xizmatga   ketdim. Nasibadan  qochib bo'lmas ekan-da…

1986 yil, yoz oxirlagandi,  diplomini ko'tarib, Usmonali Termizga — “Lenin bayrog'i” (hozirgi “Surxon tongi”) viloyat gazetasiga ishga keldi. Uni o'sha paytda bosh muharrir  o'rinbosari, Norqul  Hayitqulov iliq kutib oldi. So'ng muxbir bo'lasan deb qishloq xo'jalik bo'limi mudiri  Tansiqboy Tumushev “akademiyasi”ga  shogirdlikka berishdi. Ayrimlar uni bu odam bilan olti  oy ham ishlayolmaydi, deyishdi.  Chunki Tansiqboy aka qattiqqo'l, to'g'riso'z, gap kelganda otasini ham ayamaydigan, cho'rtkesar odam edi. Ammo o'z sohasini  yaxshi bilardi. Yillar davomida  uning fe'li va fazilatlari Usmonali  Normatovga ko'chdi, desam xato qilmagan bo'laman.

Vo ajabo, ana shu bo'lib o'tgan voqealarga ham o'ttiz besh yil bo'libdi…  Shu vaqt ichida “Surxon  tongi” jamoasi  qishloq xo'jaligi muammolari, yutuqlarini yoritishda qanday natijalarga erishgan bo'lsa, bunda  Usmonalining ham munosib hissasi bor.

* * *

Usmonalining otasi o'n olti  yoshida Ikkinchi jahon urushiga ketib,  besh joyidan yarador bo'lgan,  ammo bir qator orden-medallar taqib, 1945  yili g'alaba bilan ona qishlog'iga qaytib kelgan. U kishi ferma mudiri, paxtachilik  brigadasi boshlig'i, pochtachilik qildi. Turmush o'rtog'i Oysha bibi  bilan  besh  o'g'il,  bir qizni oq yuvib, oq tarab voyaga yetkazishdi.

Usmonali  Normatov  tahririyatning  qishloq xo'jaligi bo'limida  muxbir, bo'lim boshlig'i, mas'ul kotib bo'lib ishladi.  O'z davrining atoqli  jurnalistlari  S.Jo'raqulov, N.Hayitqulov, I.Otaqulov, B.Yoriyev, O.Usanov, X.Maqsadqulov,  R.Abdurahmonov, T.Qo'shoqovlarni o'zining ustozi deb  bilgan  Usmonali milliy matbuotimizda  o'z uslubini  yarata oldi.  U “Surxon  tongi”ni bag'riga  bosgancha,  1994- 2010 yillarda  respublika “Sport”, “Qishloq hayoti” gazetalarining viloyat bo'yicha  muxbiri sifatida ham davrning dolzarb muammolarni yoritganini  gazetxonlar  yaxshi  eslashadi.

— Xolmamat  Mamatqulov  o'z ishini san'at darajasiga ko'targan ijodkor edi, — deydi Usmonali   yoshlikni xotirlab. —  U kishi faoliyati davomida o'nlab mahalliy va xalqaro fotoko'rgazmalar g'olibi bo'lgandi.  Menga  eng armon qiladigani,  qarang, yoshlik qilib, shu insondan  fotosan'atni o'rganmabman. Yana Norqul va Xurram akalar tahrirda benazir kishilar edi,  ular tahrir qilgan publitsistik  janrlar poeziyaga aylanardi. Bu kabi tahrir ustalaridan o'rganadiganlarim ko'p edi…

* * *

Usmonali Normatovning umr yo'ldoshi Muborak  Ergasheva ToshDU (hozirgi O'zMU)ni tamomlab,  bir umr yoshlarga ona tili va adabiyoti fanidan dars  berdi. Bu ziyoli oilada  ikki o'g'il, bir qiz tarbiya topdi. Usmonali Normatovning to'g'riso'zligi, halolligi, dangalligi, ijodkorlik  jur'ati hayotiy faoliyatida  qanchalik pand bergan bo'lsa, o'z o'quvchilari, hamkasblari e'tiborini qozonish, el-yurt hurmatiga sazavor bo'lishida shunchalik qo'l kelganligini tan olmasdan  bo'lmaydi. Yana bir gap: uning biror marta bo'lsa-da, vazifa, mansabga intilganini yoki shunga moyillik bildirganini bu  dargohda hech kim ko'rgan, bilgan emas. Unga bo'lim  mudirligi, kasaba uyushmasi raisligi va mas'ul kotiblik vazifalari majburlab yuklangan. Usmonali Normatov  mehnat faoliyati davomida Prezidentimiz farmoniga ko'ra  “Shuhrat” medali bilan takdirlandi.

“Kechagina” tahririyatga ishga kelgan ukamiz bugun oltmish yoshni qarshilaganiga inonging kelmaydi. Vaqtning bardoshi  va keskirligini o'zgartirishga  bandasi hamisha  ojizlik  qilarkan-da…

Safar Omon,

O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi a'zosi,

Surxondaryo viloyati.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five × 1 =