Koronavirusga bizda “joy” yo'q

Kecha Sog'liqni saqlash vazirligi O'zbekiston Respublikasi Prezidenti administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o'tkazgan matbuot anjumani O'zbekistonda koronavirus infeksiyasi (COVID-19)ning profilaktikasi va uning kirib kelishining oldini olish masalalariga bag'ishlandi.

Unda tegishli vazirlik va idoralar, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan xorijiy diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakillari, mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishdi.

Tadbirda O'zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov dunyoda koronavirusning epidemik holati va COVID-19ning mamlakatimizga kirib kelishi va tarqalishining oldini olish bo'yicha ko'rilayotgan choralar to'g'risida ma'lumot berdi.

Ushbu holat yuzasidan mamlakatimiz  Prezidentining 2020 yil 29 yanvar kuni “O'zbekiston Respublikasiga koronavirusning yangi turi kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo'yicha respublika maxsus komissiyasini tashkil etish to'g'risida”gi Farmoyishi qabul qilinib, tizimli choralar amalga oshirilmoqda.

— Jumladan, davlat chegaralaridagi mavjud 53 ta sanitariya-karantin punktlariga qo'shimcha vrachlar, teplovizor va kontaktsiz termometrlar, shaxsiy himoya vositalari ajratilib, ularning ishlash samaradorligi kuchaytirildi. Ushbu punktlardan o'tayotgan har bir fuqaroning yashash joyi bo'yicha ma'lumotlar olinib, ular yashayotgan birlamchi tibbiy muassasalari tomonidan 14 kunlik tibbiy kuzatuv yo'lga qo'yilgan.

Joriy yilning 15 yanvaridan hozirgi kunga qadar respublika bo'yicha tibbiy kuzatuvga olingan fuqarolardan 5 ming nafarga yaqini kuzatuvdan chiqarilgan, 1 542 nafar fuqarolarda tibbiy kuzatuv davom ettirilmoqda. Koronavirus qayd etilgan Xitoy va boshqa davlatlardan kelgan fuqarolardan epidemik va klinik ko'rsatmaga asosan 1760 nafaridan laboratoriya tahlili uchun olingan biologik namunalarda koronavirus aniqlanmadi, — dedi O'zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov.

Feruza Rahimova,

“Hurriyat” muxbiri.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 × 4 =