“Me'mor” g'ishtni qiyshiq qo'ysa…

yoki yolg'iz ayolning huquqini kim himoya qiladi?..

Prezidentimiz ayollarni jamiyatning ilg'or vakilalari sifatida e'tirof etayotganda Xorazm viloyatida bu masalaga jiddiy e'tibor qaratilmayotgani ajablanarli, albatta…

Tahririyatmizga Malika O'razbayeva shikoyat ariza bilan murojaat qildi. U: “Turmush o'rtog'im saraton kasalidan vafot etgan. Uch yildirki qizim bilan yolg'iz yashayman, uch yildirki boshim g'avg'odan chiqmaydi. Otamdan meros qolgan uyda davlat-xususiy sherikchilik asosida bolalar bog'chasi ochgandim. Yon qo'shnim uyning yon tarafiga taqab omborxona qurdi. Bolalar o'ynaydigan xonaga quyosh nuri tushmay qoldi. Arz qilmagan joyim qolmadi. Hatto, Gurlan tumani hokimligi ham yolg'iz ayol deb yakkalatdi”, — deydi u.

Ma'lum bo'lishicha, u o'ziga tegishli Xorazm viloyati, Gurlan tumanidagi Nizomiy ko'chasi, 3-uyda davlat-xususiy sherikchilik asosida maktabgacha ta'lim muassasasi tashkil etgan. Respublika maktabgacha ta'lim vazirligi bilan o'zaro bitim ham imzolagan. Ammo yon qo'shnisi To'liboy Qurbanbayev uyning chekka xonasiga taqab, qurilish me'yorlariga amal qilmagan tarzda, omborxona qurib olgani rost. Hozirda uyning qo'shni tarafdagi xonasiga quyosh nuri tushmaydi. Buning ustiga, omborxonada saqlanadigan yem-xashak tufayli turli yuqumli kasallik tarqatuvchi mayda kemiruvchi jonivorlar ko'payishi muassasada tarbiyalanayotgan bolalarga salbiy ta'sir ko'rsatishi ham ehtimoldan xoli emas…

Xorazm viloyati, Gurlan tumanida bo'lganimizda, arizaga ilova qilingan hujjatlar bilan atroflicha tanishdik. Bu yon qo'shnilarning “ahilligi” shu qadar yuksak darajada ekanki, T.Qurbanbayev bolalar tarbiyalanayotgan bog'cha xonasiga taqab qurgan omborxonasi ichidan hojatxona ham “bunyod” etibdi. Hokimlikdan vakillar kelib, hojatxonani yoptiribdiyu, ammo omborxonani buzishga kuchi yetmabdi…

Gurlan tumani hokimining birinchi o'rinbosari Ulug'bek Davlatov kelishimiz sababini bilgach, tuman kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo'jalik ishlari bilan shug'ullanadigan hokim o'rinbosari Ulug'bek Rahimboyevga uchrashimizni aytdi.

“Qaror 2017 yilda chiqarilgan edi. Ammo ikki qo'shnining o'rtasidagi mojaro uzoq yillardan buyon davom etib keladi. Ularni kelishtirishga urinishlarimiz zoe ketdi. Boya aytganimdek, bu qaror tumanning avvalgi hokimi ishlagan payti chiqarilgan. Hozirgi hokimimiz masalani tushundi. Ammo muammoning yana bir nozik tomoni bor-da, ikki tomon yakka-yakka tartibda sudga murojaat qilishgan. Qizig'i, adolatparvar sud har ikki tomonning ham da'vosini qanoatlantirgan?! Sudning yakuniy qarori hali chiqarilmadi”, deydi U.Rahimboyev.

Masalani boshdan chigallashtirgan tashkilotni aniqladik va  Gurlan tumani yer tuzish va ko'chmas mulk kadastri davlat korxonasi rahbari Bunyod Baltayevdan: “Tuman hokimining qaror chiqarishiga asos qilib, kadastr hujjatlarini, chizmasi bilan kiritibsiz, o'zingiz tayyorlagan barcha hujjatlarni to'g'ri deb baholaysizmi?” — deb so'raganimizda, u: “Tan olaman, amaldagi qonunchilikda uy-joy masalasida nizolar paydo bo'lganida, mavjud yer chizmasiga o'zgartish kiritish uchun yon-atrofidagi qo'shnilardan kamida uchtasi rozilik bildirishi shart edi. T.Qurbanbayevning qo'shnilari rozi bo'lishmadi. Hatto, To'liboy akaning tug'ishgan akasi Mamatsoliy Qurbanbayev ham yangi qurilishdan norozi ekanligini bildirib, xat bilan murojaat qilgan. Xato qildik, ammo rahbariyat “tezlat”, deb tursa, nima ham qila olardik…”, deya javob berdi.

Shundan so'ng, voqeani joyida o'rganish uchun davlat-xususiy sherikchilik muassasasi joylashgan uyga bordik. Haqiqatan ham uyning chekka devoriga taqab qurilgan omborxona devorining balandligidan chekka xonaga o'rnatilgan derazalar to'silib qolgan, yorug'lik haminqadar tusharkan. Shunda bizga M.O'razbayeva Gurlan tumani Sanitariya epidemiologiya osoyishtalik markazi bosh vrachi Sh.Yuldoshevning 2019 yil 27 apreldagi №4/591-raqamli rasmiy xatini ko'rsatdi, unda: “Xonada o'tkazilgan o'lchovlarning SEOM sanitariya gigiena laboratoriyasining 23.04.2019 yildagi №26-sonli bayonnomasiga ko'ra, yoritilganlik ko'rsatkichlari 0,3 ekanligi aniqlandi. Bu ko'rsatkich me'yorida 0,5 bo'lishi kerak. Ko'rinib turibdiki, xonada tabiiy yoritilganlik me'yoridan past”, deyilgan. Bizga davlat-xususiy sherikchilik muassasasining to'liq faoliyat yuritishiga to'siq bo'layotgan muammo qonun doirasida hal etilishi kechiktirib bo'lmas masala ekanligi ayon bo'ldi…

M.O'razbayeva uyi bilan qo'shnisi T.Qurbanbayev tomorqasi tutashgan joyda azaldan boshi berk ko'cha bo'lib, bu yo'lakdan ulardan tashqari,  yon-atrofdagi  qo'shnilar ham foydalanib kelishgan. Eng asosiysi, boshi berk ko'cha adog'ida yana hovli-joylar bo'lib, bu yo'l yong'in-xavfsizligi yo'lagi ham hisoblanar ekan.

2017 yil 28 iyulda Xorazm viloyati, Yangibozor tuman davlat arxivining №03-01/138-sonli ma'lumotnomasiga ko'ra, 1984 yil 25 noyabrdagi tuzilgan №96/11-sonli bayonnomada T.Qurbanbayevga tegishli tomorqa maydonining o'lchami 12x35, jami 420 kv.metr ekanligi qayd etilgan. Bu tomorqa yer maydonining umuman bu xonadonga torlik qiladigan joyi yo'q degani. Unda nega T. Qurbanbayev 2010 yilda, o'sha paytdagi tuman hokimi U.Masharipovga tomorqasidan shikoyat qilib, yer maydonini kengaytirishni so'rab ariza yozgan?.. Yoki tadbirkorlik  qilmoqchi bo'lganmidi?.. Unda nahotki joy ajratishga Gurlan tumanida mana shu boshi berk, buning ustiga yong'in-xavfsizligi yo'lagi bo'lgan ko'chadan boshqa yer maydoni topilmagan bo'lsa?!.

“Yon qo'shning jon qo'shning”, degan naql bejiz aytilmagan. Qimirlagan odam borki, issiq jon, uning isitmasidan eng birinchi xabar topadigan, yonida turib dalda bo'ladigan ham yon qo'shnisi bo'ladi. Lekin Gurlan tumanining sobiq hokimi U.Masharipov ikki qo'shnining o'rtasiga “olamushuk” tashlab qo'yganini, ularning o'zaro janjalida, birinchi navbatda, o'zi aybdor ekanini bilarmikin?

Yo'qsa, Gurlan tumani yer tuzish va ko'chmas mulk kadastri davlat korxonasi rahbari mazkur yer maydonini katta yo'lga chiqib ketmaganligini aniqlash, quriladigan yangi ob'yekt chizmasini chizish uchun 2017 yil 15 sentyabrda tuzilgan dalolatnomaga manfaatdor T.Qurbanbayev imzo qo'ygan, lekin boshqa qo'shnilar oshkora norozilik bildirishgan, Gurlan tuman hokimi esa topshirilgan kadastr hujjatini asos bilib, hujjatdagi xatolikni  nazar-pisand qilmay qaror chiqararmidi?..

Natijada boshi berk ko'chaga kirib qolgan ushbu masala Gurlan tuman ma'muriy sudida uch marta, Xorazm viloyat ma'muriy sudida esa ikki marta ko'rib chiqilgan. Eng qizig'i, masala haligacha ochiqligicha qolmoqda. Biz Xorazm viloyati ma'muriy sudi raisi Umidjon Rasulberdiyevga uchraganimizda, rais: “Xorazm viloyati ma'muriy sudi tomonidan ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolar toifasiga kiradigan hokim qarorlarini haqiqiy emas deb topish haqidagi viloyatdagi ma'muriy sudlarda 2019 yil davomida ko'rib chiqilgan ishlar o'rganib chiqildi. Statistik ma'lumotlarga ko'ra, hisobot davrida mazkur  toifadagi jami 300 ta ariza ko'rib chiqilgan, shundan 174 tasi qanoatlantirilib, tuman va shahar hokimlarining 176 ta qarorlari haqiqiy emas deb topilgan. 107 ta ariza rad qilingan bo'lsa, 5 tasi ko'rmasdan qoldirilgan va 14 tasi bo'yicha ish yuritish tugatilgan. Bu haqda viloyat hokimligiga taqdimnoma kiritgandik. Ammo…”, — dedi biz bilan suhbatda.

2018 yil 27 aprelda viloyat ma'muriy sudining apellyatsiya instansiyasi sudida M.O'razbayeva ishini sudya Jamila Sultanova ko'rib chiqqan, u ham Gurlan tuman ma'muriy sudi qarorini o'z kuchida qoldirgan. Hoynahoy apellyatsiya arizasiga ilova qilingan hujjatlarni batafsil o'rganib chiqishga vaqti bo'lmagan yoki xafsalasizlik qilib, bee'tibor qoldirgandir. Yo'qsa, kadastr hujjatlaridagi xatolikni ko'rgan, bilgan va bunga huquqiy baho bergan bo'lardi…

Da'vogar yoki aybdor shaxs shunchaki oddiygina aytiladigan gap emas, balki ularning ortida insonlar taqdiri bor. Hazrat Alisher Navoiy: “Bir ko'ngilni vayron etmak, Ka'bani vayron etmak bilan barobardir”, deydi. Xorazm viloyatidagi tuman ma'muriy sudlarining beparvoligi oqibatida haligacha ikki tomon o'rtasida sudlashish davom etmoqda.

Albatta, fikrlayotgan insonda savol tug'ilishi tabiiy, masalan, sud hokimni chetlab o'tolmay, uning qarorini bekor qilmasdan, o'zi ham noto'g'ri qaror chiqarsa kim jazolanishi kerak? Raislik qilgan sudyami yoki meniki to'g'ri qabilida ishlayotgan tuman hokimimi? Har ikki tomon jazosiz qolar ekan, bunday bosh-boshdoqlik davom etmasligiga kafolat bormi?.. Axir yuqorida aytilganidek, sudlar tomonidan birgina o'tgan yil ichida Xorazm viloyatidagi tuman va shahar hokimlarining 176 ta qarorlari haqiqiy emas deb topilgan. Ajab ishlar… Qonun ustuvorligini ta'minlashda aybdorga, kim bo'lishidan qat'i nazar, tegishli chora ko'rilishi kerak emasmi?..

Xorazm viloyati, Gurlan tumani arxitektura va qurilish bosh boshqarmasi tomonidan hokimlikka kiritilgan 2017 yil 27 avgustdagi №183-sonli ogohlantirish xatida hokimdan “Xizir eli ko'chasi, 49a-sonli uyda yashovchi T.Qurbanbayev ortiqcha yer maydonidagi qo'shimcha binoni yiqitib, yer maydonini o'z holatiga keltirish” so'ralgan. Ammo tuman hokimi U.Masharipov nazoratsiz qoldirgan. Balki rasmiy xat hokimgacha yetib bormagandir. Bunday deyishimizga sabab, T.Qurbanbayevning qudasi Komil O'razmetov sobiq hokim U. Masharipovning yordamchisi bo'lib ishlagan ekan…

Ajablanarlisi shuki, keyingi uch yilda siyosiy, ma'naviy va ijtimoiy sohalarda ulkan islohotlar amalga oshirildi. Ammo ayrim tumanlardagi sud, prokuratura, ichki ishlar, adliya bo'limlarida o'zgarish sezilmayapti. Yoki davlatimiz rahbarining sud tizimini isloh qilish, ularning mustaqil ish yuritishini ta'minlashga qaratilgan ta'kidli undovlari chekka hududlarga yetib bormayaptimikin? Ularning yuqori organi tuman hokimligi emas-ku, lekin buyruqni bajarishdan nariga o'tishmayotgan hollarga qanday izoh berish mumkin?

Masalan, M.O'razbayevaning murojaati 2018 yil 16 fevralda Gurlan tuman ma'muriy sudida, sudya Sardor Allabergenov raisligida ko'rilgan. Arizada ko'rsatilgan tuman hokimining 2017 yil 13 oktyabrdagi №2380-sonli qarorini haqiqiy emas deb topish ishida S. Allabergenov sudga kiritilgan hujjatlar, qo'shimcha ilovalar bilan to'liq tanishgani, yo'l qo'yilgan xato va kamchiliklarni o'rganib, M.O'razbayevaning ta'kidlashicha sudda: “Men tuman hokimi qarorini bekor qilolmayman”, deganini nima deb tushunish mumkin?.. Hech bir sudyaga qonun doirasida ishni ko'rib chiqish, tegishli tartibda qaror qabul qilishga to'sqinlik qiladigan qo'shimcha qonun yo'q-ku!..

Hazrat Mirzo Bedil: “Avval boshdan g'ishtni qiyshiq qo'yarkan me'mor, osmonga yetsa ham qiyshiqdir devor”, deb yozgan edi. Darhaqiqat, avval boshdan sudda da'vogar ishi xatolik bilan ko'rilganligi oqibatida, mana, oradan uch yil o'tsa ham sudlashish ishlari tugamadi, yakuniy xulosaga kelinmadi.

Tahririyatga kelib, o'rganish jarayonida to'plangan hujjatlarni tartibga keltirib, har ikki tomonga manfaatli maqola yozish niyatida qog'oz qoralay boshlaganimizda, Gurlandan telefon bo'ldi: “To'liboy Qurbanbayev yana sudga shikoyat ariza kiritibdi. Men arizani suratga olib, sizning telegramingizga tashlayman”, deb qoldi. Oldik. “Nazorat tartibida shikoyat ariza”, deb boshlanadi tuman ma'muriy sudiga yozilgan ariza. Davomida: “Viloyat ma'muriy sudi ham Gurlan tumani sudining qarorini ko'chirib yozib o'zgartirmadi, — deb yozadi T.Qurbanbayev. — Bu yerda sudning aybi borligini tekshirib, aniqlab 25 dekabr 2019 yildagi to'plangan ma'muriy ish bo'yicha sudning qarorini bekor qilishingizni so'rayman”.

“Tuyani shamol uchirsa, echkini osmonda ko'r”, deganidek, endi o'rtadagi sarson shikoyat arizalariyu, ikki fuqaroning ovvoragarchiligi qachon to'xtaydi, buni endi Xudoning yolg'iz o'zi biladi.

Mazkur masalaga huquqiy baho berishni so'rab, M.O'razbayevaning advokati “Urganch adolat nuri” advokatlik byurosi rahbari I.Yusupovga murojaat qildik. Bizga taqdim etgan rasmiy ma'lumotda shunday yozilgan: “Gurlan tuman hokimligining 13.10.2017 yildagi №2380-sonli Xizr eli ko'chasi, 49a-uyda yashovchi T.Qurbanbayevga egalik qilish uchun qo'shimcha yer maydoni ajratilishi to'g'risidagi qarori mutlaqo asossiz, deb bilaman. Chunki, tuman hokimligining 27.08.2017 yildagi №372-sonli  ma'lumotnomasida, Gurlan tuman hokimi o'rinbosari U.Rahimboyev, hokimlik bosh mutaxassisi Sh.Bazarbayev, tuman arxitektura va qurilish bo'limi mutaxassisi A.Yuldashevlar tomonidan T.Qurbanbayevning o'tirgan uyi aslida 12x35, jami 420 kv.metrdan iborat bo'lib, amalda jami 528,66 kv.metr ekanligi aniqlanib, noqonuniy qurilmani buzib tashlash bo'yicha FIB sudga da'vo arizasi kiritilishi bildirilgandi. O'sha vaqtdagi hokim buni e'tiborga olmadi.

Aynan yuqoridagi sana bilan №183-sonli xatda yo'lakni o'z holiga keltirish so'ralgan, bu ham javobsiz qoldi. Shundan so'ng, arxitektura va qurilish bo'limi tomonidan qo'shimcha tartibda №507-sonli taqdimnoma yana tuman hokimiga kiritildi. Unda loyihadan tashqari qurilgan 92,20 kv.metr noqonuniy bino borligi va uni O'zbekiston Respublikasi Yer kodeksining 36-moddasiga asosan qonuniy chora ko'rishlik so'ralgandi. Ammo o'zingiz ko'rib turganingizdek, haligacha masalaga oydinlik kiritilmayapti”…

Endilikda M.O'razbayeva, ishlari tartibga tushganda albatta, hovli tanlashda xalqimizning: “Hovli olma, qo'shni ol” maqoliga qat'iy rioya qilsa ajab emas, yon qo'shnisi T.Qurbanbayev-chi, bu g'avg'oli ishga aralashib qolganidan xafami yo bekorchilikda “ermakka ish” topilganidan xursandmi, ammo bunisi ham muhim emas, eng muhimi, Gurlan tumani ma'muriy sudi sudyalari ishsiz qolmaydigan bo'lishdi…

Yusuf Jo'rayev,

“Hurriyat” muxbiri.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

15 − fourteen =