Tarjimonsiz tushuniladigan ikki xalq

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev sa'y-harakatlari bilan qo'shni mamlakatlar o'rtasidagi do'stlik aloqalari kun sayin mustahkamlanib bormoqda. Jumladan, O'zbekiston va Qozog'iston xalqi o'rtasidagi aloqalar, birodarlik muhiti do'stona ruhda davom etmoqda.

Bu jarayonda adabiy aloqalar mustahkamlanayotgani, ayniqsa, e'tiborlidir. Yaqinda Qozog'iston Respublikasining Chimkent shahriga xizmat safari bilan borganimizda ana shu do'stona muhit, adabiy do'stlik aloqalari haqida Qozog'iston Respublikasi Yozuvchilar uyushmasi a'zosi, “Do'stlik” etnomadaniyat o'zbek hamjamiyati markazlari qoshidagi “Ijodkor” adabiy birlashmasi rahbari Abdirahim Pratov bilan suhbatlashdik.

Abdirahim aka, dastlab o'zbekqozoq adabiy do'stligining tarixiy ildizlari haqida so'zlab bersangiz?

– O'tgan asrning o'ttizinchi yillarigacha barcha turkiy xalqlar, xususan, o'zbek va qozoqlar xam bir-birini o'qishganda tarjimonlarga ehtiyoj sezishmagan. Chunki arab imlosidan foydalanganmiz. Tabiiyki adabiy aloqalarimiz o'z-o'zidan davom etavergan. Imlomiz qisqa vaqt ichida ikki marta, avval lotin imlosiga, ko'p o'tmay kirillchaga ko'chirildi. Yozuvchi Nosir Fozilovning ta'biricha ushbu “islohotlar”dan keyin turkiy xalqlar ma'naviy uzoqlashib, bir-birining adabiyotini o'qiyolmay qoldi. Bu esa bardavom bo'lib kelayotgan adabiy aralashuvimizni izdan chiqardi. Natijada tarjimonlarga ehtiyoj yuzaga keldi.

Muxtor Avezov 1923-1928 yillarda Sankt-Peterburg universitetida til va adabiyot fakultetini bitirib, Toshkentdagi O'rta Osiyo universiteti (hozirgi O'zMU)ning sharq xalqlari folklori yo'nalishida tahsil oladi. Bir-necha yil Toshkentda yashagan kezida, dunyo xalqlari adabiyotida o'zbek romanchiligiga asos solgan Abdulla Qodiriy bilan yaqindan tanishadi va ijodiy hamkorlik o'rnatadi. Keyinchalik u qozoq xalqining mutafakkir oqini Abay Qo'nonboyev haqida to'rt tomdan iborat epopeya yaratadi. Abdulla Qodiriy haqida ham maqolalar yozgan ekan.

Aynan o'sha paytlarda ikki qardosh, qondosh xalqlar buyuk namoyondalarining adabiy munosabatlardan qozoq-o'zbek adabiy va abadiy aloqalarining tarixiy ildizlari boshlangan bo'lsa ajab emas.

Oybek, Mirtemir, Abilda Tajibayev, G'abiden Mustafin, G'abit Musirepov, Odil Yoqubov, Qolovbek Tursunqulov va boshqa adabiyot vakillari o'zaro do'st bo'lishgan, oilaviy bordi-keldi qilishgan. Ayniqsa, G'afur G'ulom va Sobit Muqon o'rtasidagi samimiy insoniy munosabatlar haqiqiy do'stlik ramziga aylanib, tillarda doston bo'lib kelmoqda.

Bu haqda Nosir Fozilovning xotiralari asosida Muzaffar Ahmad “Ikki do'st dostoni” nomli asar ham yaratgan. Ularning do'stligi bizlar uchun ibrat maktabidir.

O'sha paytdagi aloqalarimiz mustahkam poydevorga ega edi. Shu darajaga yetgan ediki, ikkala mamlakatda chop etilgan yaxshi kitoblar ko'p o'tmayoq tarjima etilib, nashr qilinardi. Ikki qo'sh adabiyot bir-biridan kuch olib, ilhomlanib dunyo darajasidagi, zabardast ijodkorlarni yarata oldi.

Bugun Qozog'iston o'zbeklari “Do'stlik” hamjamiyati qoshidagi “Ijodkor” adabiy birlashmasi ham  o'z ijodiy faoliyatida tarjima masalasiga alohida e'tibor qaratmoqda. Yaqinda bir guruh chimkentlik o'zbek ijodkorlari, taniqli qozoq shoiri Ulug'bek Esdauletning  she'rlarini o'zbek tiliga tarjima qildi va  bu “Qarag'ay” nomi ostida Toshkentda chop etildi.

Har qanday ijod mahsulining onasi xalq og'zaki ijodi, xalqning o'zidir. Yaqinda Qozog'istonO'zbekiston folklorining tub negizlari haqidaHayhay o'lan, jon o'lankitobi chop etildi. Va siz bevosita ushbu kitobga mas'ul bo'ldingiz. Kitobning dunyoga kelishiga qanday ehtiyoj sabab bo'ldi?

– Darhaqiqat har qanday ijod mahsulining onasi xalq og'zaki ijodidir. Har bir xalqning xalq bo'lib shakllanishida, ya'ni ibtidosida ushbu jarayonning ro'y berishi tabiiydir. Xalq og'zaki ijodi ma'naviy boyligimiz va o'zligimizdir. Urf-odat, boy an'analarimiz, har bir davrga mos bo'lgan, asrlar bo'yi shakllanib kelgan qadriyatlarimizning ifodasidir. Qozog'istondagi o'zbeklar azaldan qozoq xalqi bilan aralashib, quda-anda bo'lib, totuvlikda yashab kelishadi.

Ma'lumki, keyingi yillarda O'zbekiston va Qozog'istonda adabiyotga bo'lgan e'tibor va ehtirom yuksak darajaga ko'tarildi. Bu qizg'in jarayon Chimkent adabiy muhitida qanday yangilanishlar, o'zgarishlarga sabab bo'lmoqda?

– Qozog'istondagi o'zbek adabiy muhiti so'nggi yillarda rivojlanish pallasida, desak mubolag'a bo'lmaydi. Hozirda Chimkent viloyatida “Sayram”, “Chashma”, “Turkiston”, “Chimkent”, “Isfijob”, “Ko'k qiyo ilhomlari”, “Qoramurt” ijodiy uyushmalari faoliyat yuritayapti. Ularning ijodiy salohiyati turli darajada bo'lsa-da, joylardagi ijod ahli birlashib asarlarini kitob holida va vaqtli matbuotda baholiqudrat yoritib bormoqda.

Shoir, yozuvchilar izlanishlarini qo'llab-quvvatlash, asarlarning badiiyligi, uslubiy tiniqligi, mazmun-mohiyati, samaradorligini,  bir so'z bilan aytganda ijodiy yetukligini oshirish, uyushmalar faoliyatini o'zaro muvofiqlashtirish maqsadida 2012 yilda Qozog'iston o'zbeklari “Do'stlik” hamjamiyati huzurida “Ijodkor” adabiy birlashmasini tashkil etdik. Uyushmalardan iqtidorli ijodkorlar jalb qilindi. Shu tariqa yaxshi asarlar yaratishni niyat qilganmiz. Allohga shukr, yangilanish tufayli kutilgan ijobiy natijalarga erisha boshladik.

2012 yilda Muxtor Avezov nomidagi Adabiyot va san'at institutida nashrga tayyorlanib, qozoq va rus tillarida chop etilgan  “Sovremennaya literatura naroda Kazaxstana” jamoaviy monografiya to'plamiga qirqdan ortiq qozog'istonlik o'zbek ijodkorlarining asarlari, o'zlari haqidagi ma'lumotlar kiritildi.

Qozog'iston Respublikasi mustaqilligining 25 yilligiga bag'ishlanib, 2016 yilda Qozog'iston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan tayyorlangan, qozoq va rus tillarida chop etilgan “Mangulik Elim mening – Vechnaya Strana moya” she'riyat antologiyasidan ham olti nafar o'zbek shoirining asarlari  o'rin olgani quvonarli hol, albatta.

O'sha kitoblar orqali Qozog'istonda shakllangan o'zbek adabiyoti nafaqat o'zimizda, balki qo'shni mamlakatlarda ham tanilib, e'tirof etildi. Bu, albatta, biz uchun katta rag'bat va muvaffaqiyatdir.  2018 yilda Qozog'iston Parlament Majlisi deputati Faxriddin Qoratayev ko'magida maktab o'quvchilariga atalgan “Bolalarga tuhfa” nomli xrestomatiya kitobi bolajonlarimizni xushnud etdi.

Soatoy Kamolova taniqli qozoq shoirasi Xonbibi Esonqorayevaning “Jibek”, Umrioy Karimova Bayan Tilenshinaning “Qiyomat qoim”, Dolimjon Sayfullayev qozoq klassik yozuvchisi Marhabat Boyg'utning “Mosuvo Jurnoq” asarlarini muvaffaqiyatli tarjima qildi. Tarjima asarlarimiz ikki xalq o'rtasidagi adabiy aloqalarimiz rivojiga ham sezilarli hissa qo'sha oldi, deb o'ylayman.

– 2019 yilda Qozog'iston va O'zbekiston o'rtasidagi nafaqat siyosiy iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, balki adabiyot yo'nalishida ham salmoqli ishlar amalga oshirildi. Adabiyot ikki qardosh xalq o'rtasidagi muhim ma'naviy ko'prik vazifasini ham o'tadi. O'tgan yilda ko'nglingiz to'lgan ishlar haqida ham gapirib o'ting.

– Keyingi yillarda ikki mamlakat o'rtasida har tomonlama aloqalar o'rnatilib, rivojlanib bormoqda. Ayniqsa, o'tgan yilda O'zbekistonda Qozog'iston yili munosabati bilan ko'plab tarmoq, sohalar bo'yicha aloqalar qaror topib memorandumlar imzolandi. Iqtisodiy aloqalar iqtisodlarimizni, turizm bo'yicha hamkorligimiz turizm sohasini, madaniy aloqalarimiz madaniyatlarimiz rivojiga hissa qo'shayotgan bo'lsa, adabiy aloqalarimiz esa siz aytmoqchi ma'naviyatimiz, ruhiyatimizni uyg'unlashtirib yuraklarimizni tutashtirib, mehr-oqibatli bo'lishimizga mustahkam zamin yaratdi.

Ozoda Bekmurodova suhbatlashdi.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 + one =