Yurakning pinhon xonasi

yoxud Vatan kimo'zarga sevilmaydi!

Vatan tuyg'usi. Vatanga muhabbat. Vatanparvarlik. Yurtni sevish. Xalqi uchun jon fido etish…

E'tibor beryapsizmi, bugun bu jumlalar tez-tez quloqqa chalinyapti. Chalinsa ham mayli edi, bahaybat qo'ng'iroqli soat singari barcha sohalarda “bong uryapti”. Yozuvchi-shoirlar, ommaviy axborot vositalari, amaldorlarni qo'ya turing, endi o'sib kelayotgan yosh avlod ongiga ham ba'zi hollarda soxta madhiyabozlik sing­dirilmoqda. Maktabda ustozim bir gapni ko'p qaytarardi: “Vatan uchun jon fido etmang, shunchaki Vatan uchun yashang. Vatan uchun yashagan inson yurt va xalqi uchun jon berishga tayyor turadi…”

Vatan haqida Shavkat Rahmon shunday satrlar bitgan:

Joylashgansan shunchalar chuqur…

O'z tubiga yashirgan yurak.

Senga yetib bormoqlik uchun

Uzun umrim yetmasa kerak.

Ko'ryapsizki, oddiy so'zlar. Lekin har bir so'z, harfda og'ir yuk, daxldorlik hissi mujassam. Bu tuyg'u ba'zi “Zulfiyachi” qizlar, qaerda nima deyish va qaysi davrada o'zini qanday tutishni qoyillatadigan ayrim “faol yoshlar”ning vatanparvarligi kabi emas. Bu she'r chin ko'ngildan, iddao va ta'masiz yozilgan. Yurakdan chiqqan asar yuraklarga yetib boradi…

Yaqinda ijtimoiy tarmoqqa “Adiblar xiyoboni”dagi Zulfiyaxonim, Abdulla Oripov va Muhammad Yusuf haykallarining ayni kundagi ahvoli videolavhasi joylandi. Shoira Zulfiya haqidagi postda shunday de­yilgan:

Zulfiyaxonim o'z surati aks etgan, oltin suvi yugurtirilgan medallarni ko'ksiga taqqan, bashang kiyingan “qizlari”ning yo'liga qarayotgandek: “Qaysi qizim kelarkanu, gullarimga suv quyarkan, yon-atrofimni supurib, chang-g'uborimni tozalarkan”.

Satrlarni o'qirkanman, “Zulfiya” mukofoti sovrindorlarining jo'shib gapirishi yodimga tushadi:

— Biz mukofotni ko'ksimizgamas, yuragimizga taqamiz, u chap tomonimizda urayotgan yurakni xalq uchun, yurt uchun xizmat qilishga undaydi. Vatan uchun yashashga da'vat etadi. Albatta, o'zimga bildirilgan ishonchni oqlab, Zulfiya onam singari shoira bo'lishga va'da beraman…

Shularni o'ylab, ta'sirlanib yurgan kezlarim edi. Katta bir bayram arafasida tuman faol yoshlarini markazga chaqirishdi. Borsam, katta xonada 20 nafarga yaqin yigit-qiz. Semiz va gavdali odam tadbirda tuman yoshlari nomidan qaysi mavzuda “nutq so'zlashimiz”ni tushun­tiryapti:

—      Bolalar, kecha yig'ilishda hokim buva bizga soxta qarsakbozlar emas, haqiqiy vatanparvarlar kerak,  dedilar. Shunday gapiringki, har so'zingizdan yuraklar junbushga kelsin, nutqingizdan ko'zlangan maqsad yig'ilganlarni ruhlantirishdir…

O'ylayman, nega biz soxtalikdan haligacha voz kecha olmadik, jamiyatning turli jabhalarida qalloblik, ko'zbo'yamachilik bo'lgani yetmagandek, endi eng oliy tuyg'uga ham “ko'z olaytirib”, yig'ilganlar ko'zini shamg'alat qilyapmiz? To'g'ri, bu yoshlar faol­dir, boringki, qobiliyatlidir, lekin bunday yo'l bilan obro' izlash, mukofotga da'vo qilish qanchalar to'g'ri?! Bugun nega kitobni “Spark” olish uchun o'qishimiz kerak? Go'yo Vatanni ma'lum iddao bilan, evaziga nimadir kutib “sevyapmiz”?

—      Siz hokim buvaning qilgan ezgu ishlari, samarali faoliyati haqida chiroyli she'r yozing. Ularga yoqsa, ko'nglidan joy olsangiz, “Spark” bor.

—      Piyoda yurganim yaxshi!

Vatan — inson yuragining yashirin xonalaridagi pinhon tuyg'udir. Uni hamma ham topa olmaydi. Ungacha yetib borolmaydi. Vatan neligini anglaganlar esa u haqda hadeb gapiravermaydi, yozavermaydi. Inson yaxshi ko'rgan narsasini ko'nglining eng chuqur yerida asraydi. Aslida Vatanga muhabbat ota-onaga bo'lgan muhabbatga mengzaladi. Axir ota-onangizga har kuni muhabbat izhor qilmaysiz-ku! Inson go'zal bu tuyg'uni hammaga jar solishga qizg'anadi, har joyda aytavermaydi. Chunki soxta muhabbatu qarsakbozlik Vatanimizga kerak emas!

Abdulaziz Ahmedov,

“Hurriyat” muxbiri.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

9 − eight =