Savobning butuni yaxshi

Kutilmaganda yumushim ko'payib ishga barvaqt chiqolmadim. Bekatda jonsarak tursam, yonimga  “Matiz” avtomashinasi kelib to'xtadi. Sobiq  o'quvchim Jamol ekan. Quvonib ketdim.

—  Assalomu alaykum, ustoz. Falon joygacha chiqvolaqoling, — dedi mehribonlik bilan.

Jamolni maktabda besh yil o'qitganman. Uyi ham ko'chamizning oxirida. Yo'l-yo'lakay  gaplasha turib, beixtiyor ikki-uch bor qo'l soatimga qarab qo'ydim.

— Ishga kechikyapsiz, shekilli. Sal  vaqtliroq chiqqaningizda avtobusga ulgurardingiz, — dedi u.

— E, uyning ishi hech tugamaydi, yugurib-elib soatga ham qaramabman. Aksi bo'ladi-da o'zi, bugun vaqtliroq borishim kerak edi, — dedim xo'rsinib.

— Tashlab qo'yardim, mollarga  kunjaraga ketyapman, — dedi u xotirjamgina. Tepasiga “Emxona” deb yozilgan bino yoniga kelgach mashinasini g'iyqillatib to'xtatdi.

— Mayli, opa, yaxshi yetvoling, — dedi u.

Men rahmat aytib mashinadan tushdim. Yana mashina kuta boshladim. “Aslida katta yo'lgacha besh daqiqalik yo'l qolgandi. Jamoli tushmagur olib chiqib qo'ysa hech narsa yo'qotmasdi-ku”, deb o'quvchimning harakatlaridan  ranjirkanman, negadir o'zimdan xafa edim. To'g'rida, balki maktabda turli fanlar qatori odamiylik, oqibat kabi insoniy xislatlardan ham saboq berganimda, balki hozir shu ahvolda qolmasmidim. Axir besh yil mobaynida ularga qancha vaqtimni, asabimni, bilimimni sarfladim, ularni hayotda o'z o'rnini topishiga baholi qudrat hissa qo'shgandim-ku. Nahotki endi shuning qadri, hurmati bo'lmasa?..

Biroq mayli, har holda shu yergacha olib kelib qo'ydi-ku, insofi bor ekan, tanimaganga solib o'tib ketsa nima qilardim. Axir kuni-kecha o'ziga to'q oilada katta bo'lgan  sobiq o'quvchim bilan  avtobusda chaqchaqlashib ketuvdik, maktab davrini, mening mehribonchiliklarimni zavq bilan esladi. Biroq, o'z bekatiga yetib kelganida, shoshilib tushib ketdi, xayr deyishni ham unutdi. Men esa  mehnatlarimdan minnatdor bo'lib, o'quvchim uchun ham yo'l haqini to'lab qo'ya qoldim. Ana shu xayol menga taskin bo'ldi…

Qo'shnining haqi

— Kelin, somsa pishibdi-a,  yoqimli hidi xonamgacha bordi, dimog'imga yoqdi, kelyapman, — dedi  Xadicha opoqi tandirdan somsa uzayotgan keliniga yaqinlashib.

— Yopishga yopib bo'ldim. O'lsin, bir-ikkitasi oqib tushdi-da, — dedi kelini  qovog'ini solib. Chunki qaynonasi gap nishabini qayoqqa burayotganini sezib turardi.

— Hechqisi yo'q bolam, tandir ham o'z haqini olib qoladi-da, obi-otash deb qo'yibdi buni, o'sha to'kilganni  barakasini  Xudoyim boshqalariga beradi. Bolam, somsadan to'rttaginasini Muhammadalidan Zarofat xolangiznikiga chiqarib yuboring. Savob bo'ladi. Xasta odam…

— G'alatisiz-da, oyi, bir uy odam bo'lsak. Bir savat somsa  uchtadan yo yetadi yo yetmaydi. Hozir to'rttasini bu opoqiga, to'rttasini u opoqiga  bo'lsam, o'zimizga qolmaydi-ku. Nima, Zarofat opoqini uyida qozon qaynamaydimi. Biror marta sizga ilinmaydi-ku, — to'ng'illadi kelini. — Bor tovog'im, kel tovog'im, borsang-u kelmasang o'rtada sin tovog'im, deyishgan, oyijon.

— Qo'ying, shu tovoq o'lgurni. O'rtog'im  betob bo'lsa, balki keliniga gapi o'tmas. Siz meni esi ko'p kelinimsiz. Kelib-kelib qovoq somsaga torlik qilasizmi, — dedi  Xadicha xola.

— E, bolalarimni rizqini qiyib esli bo'lmay qo'ya qolay…

— Mayli, achchig'ingiz chiqmasin. Men yeydigan  somsani  sochiqqa o'rab bering. Dugonamni ko'rib, bir piyola choy bahona biroz ko'nglimni yozib kelaman. Oqibat ko'tarilmasin…

Muhabbat Hamidova.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

8 + seven =