O'zbekiston o'z kelajagini o'zi belgilaydi

Dunyo tibbiyot ilmining yetuk namoyondasi Abu Ali ibn Sino har qanday kasaldan davolanishning birinchi galdagi sharti ko'ngil xotirjamligi ekanini ta'kidlaydi. Ko'ngil xotirjam holatda o'z jismidagi o'zgarish-hodisalarni his qila oladi va jismdagi biron a'zoda noxushlik bo'lsa, uni bartaraf etishga intiladi. Unga qarshi vositalarni qo'llashga harakat qiladi.

Eng muhimi, o'z aybini o'zgalardan axtarishdan ham tiyiladi. Rossiyalik bloger Artyom Lebedev o'zbek xalqining hayot tarzi, turmush kechirishidan mutlaqo bexabar bo'lgan holda O'zbekistonda joriy etilgan karantin qoidalari haqida o'zicha fikr yuritibdi. Uning vedio tasmaga olingan chiqishini eshitib, shunday xulosa qilish mumkin: O'zbekiston avvalo dunyo bo'ylab kung yoyilayotgan tojvirusining mamlakatga kirib kelmasligini oldini olishga e'tibor qaratdi. Ammo baxtga qarshi kirib keldi. Uning tarqab ketmasligini ta'minlash maqsadida keng ko'lamli ishlarni amalga oshirdi. Tojvirusiga chalingan bemor aniqlangan kundanoq aholini himoya qilish, sog'ligini asrash uchun kerakli himoya choralarini ko'rdi. Karantin qoidalarini xalqaro jarayonlarga qiyosiy tarzda joriy etdi.

Shuningdek, boquvchisini yuqotgan, kam ta'minlangan, yolg'iz qariyalar holidan xabar olish, ro'zg'or uchun kerakli mahsulotlarni davlat hisobidan yetkazib berish, o'rta va kichik tadbirkorlikni qo'llab-quvvatlash ishlarini yuqori saviyada tashkil etdi. Aholini tojvirusidan asrash maqsadida ko'chalarda ogohlantirish sadolari yangradi. Qisqa davrda amalga oshirilgan ishlar dunyo hamjamiyati tomonidan e'tirof etildi.

Ma'lumki, Rossiya hukumatining nufuzli telekanallaridan biri ham O'zbekistondagi karantin holatlarining ba'zi jihatlarini o'zlarida ham joriy etishsa maqsadga muvofiq bo'lishini ta'kidlagandi. Hatto Toshkentda olingan tasvirni efirga uzatishdi. Shu tariqa O'zbekistonning ba'zi amaliyoti Rossiyada ham joriy etilgandi. Bugungi kunda ko'rilgan choralar natijasida ulkan hududga ega Rossiyada tojvirusiga chalinish darajasi unchalik yuqori emas. Bu Rossiya hukumatining ilk yutug'i. Biroq, Artyom o'zlarida ham joriy etilgan qat'iy karantin holatiga chiday olmaganidan aybdorni axtarib qolgan ko'rinadi. Axir, dunyo tajribasidan ma'lum-ku, ommaviy yig'inlar, bog'lardagi sayrlar, ko'chalarda to'planib yurish tojvirusining keng taprqalishiga sabab bo'lmoqda. Artyom ham O'zbekistonni, o'zbeklarni aybdor qilmasdan, ko'p qatori, o'zini-o'zi yakkalash qoidasiga amal qilib yaqinlariga kasallik yuqtirmaslikka harakat qilsa yomon bo'lmasdi…

O'zbekiston mustaqil mamlakat, o'z huquqini o'zi belgilaydi. O'zbek xalqi ochiq ko'ngil, hech kimga yomonlik qilishni istamaydigan xalq. Mamlakatimizning kelajak taraqqiyoti, Artyom fikr yuritganidek, o'ris xalqiga bog'liq ham emas.

Agar bu blogerning aqli shu darajada oshib-toshib ketgan bo'lsa, o'z yurtida sodir bo'layotgan voqea va hodisalar, tojvirusining salbiy oqibatlari, uni bartarf etish choralari to'g'risida bosh qotirsa, fikr yuritsa maqsadga muvofiq bo'ladi. O'zining foydali taklifini o'z xalqi e'tiboriga havola etishi, o'sha yurt fuqarosi sifatida, burchi ham hisoblanadi.

Ammo ko'ngilda xotirjamlik bo'lmasa aql o'z izmini ichki tug'yonga yetaklovchi talvasaga, xovliqmalikka berib qo'yadi. “Qo'rqqandan xovliqqan yomon”, maqoli bejiz aytilmaganini hisobga olsak, Artyomning o'zi tinchmikin, degan fikrga ham borib qolar ekansan. Xotirjamligini yo'qotgan shaxs ongsizlik iskanjasiga tushib qoladi. O'zidagi immun quvvatni yo'qotishdan tashqari, o'z-o'zini boshqarolmay qoladi. Natijada jinoyatga ham qo'l urishi mumkin. Bunday holatdan mutasaddilar ehtiyot bo'lgani ma'qul.
Ayniqsa, butun dunyo ahliga kelgan sinovli lahzalarda hech bir mamlakatning ikkinchi bir mamlakatdan ustun emasligi sezilib qoldi. Hatto o'zini gegemon deb hisoblovchi mamlakatlar ham bu virus oldida ojiz ekanligi ma'lum bo'ldi. Shunday ekan, bloger kim bo'lishidan qat'i nazar ortiqcha hayajonga, ehtirosga berilmasligi lozim. Zero, hali qaysi mamlakatning tojvirusiga qarshi qo'llagan usuli ustun kelishini vaqt ko'rsatadi.

Shuni ham unutmaslik kerak, bugun axborotlashgan, xabarlar soniyalar ichida Yer yuziga tarqalayotgan davrda yashayapmiz. Jahon OAVlari ma'lumotlaridan ma'lumki, tojvirusidan birgina yo'l bilan himoyalanish mumkin, bu ham bo'lsa har bir inson uyda qolib, o'z-o'zini asrash orqali oila a'zolarini, qo'ni-qo'shnilarini, mahallasini, qolaversa, jamiyatni xavfdan asraydi.

Buning uchun ko'ngilda xotirjamlik bo'lishi zarur. Xotirjamlik ma'naviy ongi rivojlangan, fahmi-farosati yetilgan, fikrlash qobiliyatini yo'qotmagan odamda mavjud bo'ladi.
Eng muhimi, ichki xotirjamlik ko'ngilda sabr tuyg'usini uyg'otadi. Zero, buyuk hakim bobomiz Ibn Sino bejiz: “Sabr — shifoning bolanishidir”, deb ta'kidlamaganlar.

Yusuf Jo'rayev,
“Hurriyat” muxbiri.
18 aprel 2020 yil

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 × 3 =