Birga kurashib, birga yengamiz!

Qadimda bir shaharda vabo tarqalib, odamlar sarosimada qolibdi. Qariyalar chorasiz, bolalar ochlikdan tinmay yig'lar, najot esa yo'q edi. Shahar chetida bir ko'zi ojiz tabib yashardi. Biroq odamlar: «Bu so'qir, odamlarni davolay olmaydi, agar chindan ham tabib bo'lganida o'zini davolardi, ko'r bo'lib yurmasdi», deb unga ishonishmasdi…

Birkuni tabib tush ko'ribdi. Tushida shaharda vabodan odamlar birin-ketin vafot etar, tiriklari chorasizlikdan o'zini qo'yarga joy topolmasmish. Tonglasi uyg'onib tashqari chiqsa, haqiqatan ham shunday, hamma yoqdan shovqin eshitilardi. Hassasiga tayanib shahar markaziga boribdi. Shahar ahlini to'plab shunday debdi:

«Buning bitta davosi bor. Sizlar menga ishonsangiz va aytganimni bajarsangiz bu o'latni bartaraf eta olamiz. Bo'lmasa o'lib ketamiz». Odamlar tabibning gaplariga ishonmay, uni og'ilxonaga qamab qo'yibdi…

Vaziyat esa kundan-kun og'irlashibdi. Boshqa chorasiz, imkonsiz qolgan xalq tabibni bandilikdan chiqarib, undan yordam so'rashga majbur bo'lishibdi. Tabib ularga 40 kunlik chilla saqlab,tozalikka rioya etishini tayinlabdi. Oradan belgilangan muddat o'tgach, xaloyiq kasallikni yengib o'tishgan ekan…
Alqissa o'sha zamonlarda ham odamlar o'zini-o'zi yakkalash orqali turli yuqumli kasalliklardan qutilishgan…

Bugun «qahramon» bo'lish uchun Gerostratdek Diana ma'budini yoqish yoki yangi sayyora kashf etish, ko'r-ko'rona ko'chaga chiqish, militsiya xodimiga o'zining kimligini ko'rsatib qo'yishga o'rinish, piar uchun Amir Temur bobomiz bilan surbetlarcha selfi qilib, xalqning asabiga tegish kerak emas, bularning bari g'irt ahmoqlik, oddiygina tibbiyot xodimlari tavsiyalariga amal qilsak, bas!

Bizdan talab qilinayotgani — shaxsiy daxldorlik hissi bilan yashash, xolos. Jonini Jabborga berib ishlayotgan, bugungi kunning qahramonlari — shifokorlar va xalqimiz manfaatlari yo'lida murakkab karantin sharoitida ham o'z faoliyatini to'xtatmayotgan fidoyi insonlarimizni duo qilaylik, olqishlaylik. Qalban ular bilan birga ekanligimizni aytaylik…
Zero, bu ofatni birga kurashib, birga yengamiz!!!

Islom Asilbekov,
O'zJOKUtalabasi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twenty − 5 =