Asl aytimlarni kuylaylik!

Ramazon — muqaddas ro'za oyi kirganidan xabar beruvchi, har bir satrida shukronalik, hayotimizdan mamnunlik kayfiyati ufurib turgan marosim qo'shig'i. An'anaga ko'ra, hududlarda ro'za oyining dastlabki uch kunida yoki o'ttiz kun davomida o'g'il bolalar iftorlikdan keyin uyma-uy yurib, ramazon qo'shiqlarini kuylaydi. Avvaliga xonadon sohiblarining yaxshi xislatlarini ulug'lovchi misralar o'rin oladi:

Ro'zaning uch kunini tutib keldik sizga, Ro'zaning zakotini bering bizga. Ro'za ham o'ttiz kunlik mehmondir, Ro'zani tutmaganlar yomondir.

XX asr o'rtalarida kuylangan ramazon qo'shiqlarida uy egalarining olijanobligi, mehmondo'stligi ta'riflangan. Ularga sihat-salomatlik tilab, fikrlashga undaydigan qiziqarli rivoyat, tildan-tilga ko'chgan hikoyatlar ham kiritilgan. Ayrim jumlalarni anglash uchun aytuvchidan muayyan bilim talab etilgan. Unda asosan payg'ambarlar hayoti, qissa va hikoyatlar o'rin olgan:

Payg'ambarning o'n bir o'g'li bor yedi,
O'n biridan shoh Yusuf gulzor yedi.
Shoh Yusufni ovga olib chiqdilar,
Choh(quduq)ga tashlab, bo'ri yedi, dedilar.

Salom ayting Ali sher-u Xudoga,
Salom ayting Muhammad Mustafoga.
Ramazon aytgan bilan to'yamizmi,
Burungining qada(odat)sini qo'yamizmi?

Xalq og'zaki ijodida ro'mol — oila, oila haqidagi orzu, oy ramzi. Quyidagi misralarda buning isbotini ko'ramiz:

Uyingizning orqasida qo'yning izi,
Mashhadi ro'mol tikar boyning qizi.
Mashhadi ro'mol bordir belimizda,
Ayta-ayta ketamiz biz yo'limizda.

E'tibor bersangiz, bu satrlarda beg'uborlik, samimiylik bor. Bolalar hech qanday iddaosiz, hech kimdan biror manfaat kutmasdan “muqaddas oy kirib keldi, suyunchi bering, suyunchi”, deyayotganday quvonayotgani anglashiladi. Bugun-chi? Zamonamizning ayrim “aytuvchi”lari ko'p hollarda “pul ishlash” maqsadida ostona hatlaydi. Afsuski, ularning ota-onalar bu oyning muqaddasligi, fazilati haqida yetarlicha tushuncha bermagan ko'rinadi:

O'choqda kul,
Karmonda pul.
Chiqara qoling
Ming so'm pul…

Xalqimizning boy merosi, ota-bobolarimiz kuylagan go'zal folklor namunalari bir chetda qolib, bunday qofiyalarni kuylash — olma va o'riklar g'arq pishib turgan bog'da qoqi-yu turshak yeb o'tirishga o'xshaydi.

Qadimgi ramazon qo'shiqlarini nihoyatda keng ma'no qamrab olgan. Ularda uy egalariga “qo'chqordek o'g'il”, “ko'ngil guli — qiz” tilash kabi satrlar bor. Zamonaviy ramazon aytuvchilar xonadon egasi nimadir ehson bersa, uni olib ko'p holatlarda indamasdan chiqib ketadi. Ayrimlar bir og'iz “rahmat” bilan cheklanadi. Vaholanki, asl ramazon qo'shiqlarida rahmatni ham she'rga solib aytishgan ekan:

Sim-sim tillo, sim tillo,
Suvga solsa botmasin.
Xudo bergan keng davlat
Tepkilasa ketmasin!

Muxtasar aytganda, ulug' oyning muqaddas qo'shig'ini o'ynoqi, havoyi so'zlar bilan emas, ota-bobolarimizdan meros qolgan asl aytimlar bilan kuylaylik. Zero, qadriyatlarga va milliy an'analarimizga hurmat ko'zi bilan qaramoq — har birimizning burchimiz.

Abdulaziz Ahmedov,
“Hurriyat” gazetasi muxbiri

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eleven + fifteen =