Noshirlar uchun teng imkoniyat yaratiladi

Prezidentimizning 2020 yil 16 mart kuni imzolangan “Noshirlik va matbaa sohasini yanada rivojlantirishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori biz, noshirlar uchun uzoq kutilgan, faoliyatimizni yangi bosqichlarga olib chiqishga xizmat qiladigan hujjat bo'ldi.
Rosti, aholi, ayniqsa, yoshlar o'rtasida kitobxonlikni faqat balandparvoz gaplar, chaqiriqlar bilan ommalashtirib bo'lmaydi. Buning uchun, eng avvalo, noshirlik faoliyatiga keng imkoniyat, erkinlik berilishi, kompleks infratuzilma yaratilishi kerak. Qaror noshirlik faoliyatida ana shunday infratuzilmani yaratishga, sohada raqobatni kuchaytirishga qaratilgani bilan, ayniqsa, ahamiyatga molikdir.

Masalan, 2020 yil 1 oktyabrdan boshlab ta'lim muassasalari uchun darsliklar va o'quv-metodik majmualarni nashr etishda narxlarni davlat tomonidan tartibga solishni bekor qilish ko'zda tutilayapti. Rosti, bugun mamlakat iqtisodiyoti uchun prinsipial ahamiyatga ega bo'lgan paxta, don va boshqa sohalarda ham davlat buyurtmasi bekor qilinib, narxlar bozor talablari asosida shakllantirilishiga o'tilmoqda. Noshirlar maktablar uchun darslik chop etsa, narxini o'zi mustaqil belgilay olmas, sohadagi vakolatli organ tomonidan 15 foizlik cheklov joriy qilingan edi. Endi bundan bu yog'iga talabga, ishlab chiqarish quvvati hamda boshqa imkoniyatlarimizdan kelib chiqib narxni o'zimiz, aniqrog'i, bozor belgilaydigan bo'layapti. Binobarin, qarorda belgilanganidek, noshirlik va matbaa korxonalari, shu jumladan, davlat buyurtmasini bajaruvchi korxonalar narxni shakllantirish siyosatini bozor mexanizmlari asosida erkin shakllantiradi.

Yana bir narsa. Ta'lim sohasi uchun byudjet va maxsus jamg'armalar hisobidan kitoblar chop etilganda, davlat buyurtmasini bajarishga hamma ham, masalan, norezidentlar qo'yilmas edi. Yashirmaymiz, maktablar uchun darslik va qo'llanmalarni chop etishda ishtirok etish har bir noshirning orzusi. Ammo bu jabhada juda katta mablag' aylanishi ortidan bizga o'xshagan noshirlar, hatto mualliflar ham davlat buyurtmasini bajarishga yaqin kela olmasdik. Bundan tashqari, bunday buyurtmalarni to'rt-beshta nashriyot, qo'lidan kelsa-kelmasa, avtomatik ravishda qo'lga kiritar, muddatida ulgurmasa, ikki oyog'i bitta etikka tiqilib, ham buyurtmachini, ham boshqa nashriyotlarni halak qilar edi. Davlat rahbari qarori bilan bu jarayonning davlat xaridlari to'g'risidagi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshirilishi belgilab qo'yilgani shaffoflik uchun tashlangan katta qadamdir. Chunki buyurtmaga oid e'lonlar imi-jimida emas, balki ochiq, maxsus veb-saytda e'lon qilinadi, noshirlik sohasida faoliyat yuritayotgan barcha tadbirkorlik sub'yektlariga teng imkoniyat yaratiladi. Bunday tender, tanlovlarda norezidentlarning ishtirok etishi, garchi bizga ular potensial raqobatchi bo'lsa-da, O'zbekiston noshirligining yangi infratuzilmasini yaratishga, bozorimizni har tomonlama sifatli va arzon kitob mahsulotlari bilan to'ldirishga, ichki bozorda noinsof tadbirkorlar payining qirqilishiga zamin yaratadi. Qolaversa, sohadagi qator davlat nashriyotlari to'liq xususiylashtirilishi bu ezgu maqsadlarni ro'yobga chiqarish imkoniyatini yanada oshiradi.

2020 yil 1 iyuldan boshlab noshirlik faoliyatini litsenziyalash hamda matbaa faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsat berish tartiblari bekor qilinib, noshirlik va matbaa faoliyatini boshlaganligi haqida vakolatli davlat organini xabardor etish tizimi joriy qilinishi sohada uzoq yillar davomida shakllangan byurokratiya, korrupsiya hamda yashirin bosimlar amaliyotiga keskin zarba beradi. Bu noshirlar va matbaachilar uchun tom ma'nodagi erkinlik, deyish mumkin.

Biz noshirlar ushbu qaror yaratib beradigan imkoniyatlardan unumli foydalanib, mamlakatda kitobxonlikni ommalashtirishga butun ishbilarmonlik qobiliyatimiz, bilimimiz va sa'y-harakatlarimizni safarbar qilishimiz kerak. Negaki, bugun harakat qilmasak, eskicha o'ylashdan voz kechmasak, imkoniyat va erkinlikni suiiste'mol qilsak, bu bozorda bizga o'rin yo'q.

Nodir Suvonov,

“MASHHUR-PRESS” nashriyoti direktori

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

19 + nine =