Baxtning yangi qirrasi

Bekatda turgandim. Uzoqdan bir keksa ayol ko'rindi. Unga qaradimu yuragim gupillab urdi. Xolaning yurishi, bo'y basti quyib qo'ygandek onamga o'xshardi. Hatto egnidagi jemferining rangiyu, yelkasi aralash boshiga tashlab olgan kattakon shol ro'moligacha   tanish. U yonimga yetib kelgach to'xtadi, men shosha-pisha unga salom berdim. U mehr bilan alik oldi. Beixtiyor unga yaqin bordim, rayhon hidi anqirdi.

Men yo'qotgan narsasini topgan devonaday entikib tez-tez nafas ola boshladim. Bekatga men kutayotgan avtobus keldi. Xolaga qaradim. Hayriyat u ham avtobus sari yurdi.

Avtobusning oldingi eshigidan chiqdik. Sal o'rtaroqdagi o'rindiqda o'tirgan yigit o'rnidan turib joy berdi. Men ham xolaga ergashdim. Ko'zim bilan salonni kuzatdim. Xola boshini ko'tarib menga qaradi. Bu payt ko'zyoshlarim o'zimga bo'ysunmasdi. Xola o'rindiq tutqichida turgan qo'limdan ushladi.

— Darding yangimi, bolam? — so'radi xola.

— Ha.

— Onangmi?

— Ha.

— Betobmidi, qaradingmi?

— Ha, lekin ko'p yotmadilar. Bizni qiynamadilar…

— Yolg'iz bolasimisan?

— Yo'q, ikkita opam, akam bor.

— Ular ham onangni yonidamidi, so'nggi yo'lga birga kuzatdinglarmi? — dedi xola xorg'in ohangda.

— Albatta-da, — dedim.

— Onang baxtli ekan, — xo'rsindi xola, — sen ham baxtli ekansan, bolam.

Xola nigohimdagi iztirobni ko'rib “uh” tortdi, boshini chayqab qo'ydi. Keyin sokin ovozda gap boshladi:

— Bolam, har bir ona Yaratgandan farzand dog'ini ko'rsatma, bolalarim orqamda qolsin deb duo qiladi. O'g'limga qabrimga bir kaft tuproq tashlash nasib qilsin, deb so'raydi. Onang niyatiga yetibdi. Bu dunyodan bola-chaqasi huzurida xotirjam ko'z yumibdi. Menda ana shu xotirjamlik yo'q bolam. Kechalari Ollohga nola qilib chiqaman…

Shu choq yonimizga chiptachi bola yaqinlashib qoldi. Xola rangi uniqib ketgan latta sumkasini titkilab pensiya daftarchasi bilan hamyonini topgunicha yo'l pulini men ikkalamiz uchun to'ladim.

Xola xijolat tortdi. Duo qildi. Keyin:

— Mening ham bir qiz, ikki o'g'lim bor. Uch yil burun kichik o'g'lim kasalga chalinib vafot etdi. Ortida ikkita bolasi qoldi. Men hozir shular bilan turaman. Kelinim yomon emas. Har holda bir qoshiq ovqatim tayyor. Katta o'g'lim Rossiyada, o'sha yerdan uylangan. Onasi borligi esida ham yo'q.

Qizim Turkiyada. Qizini uzatganda qarzga kirgan. O'sha pulni topgani ketgan. U yerda bir boy kampirga qararmish. Telefon qilib turadi, o'zicha u bu narsa yuborgan bo'ladi. Shu yoshimda menga narsasi kerakmi, bolam. Bir burda nonga qornim to'yadi. Qizim yonimda yursa deyman, sirdosh bo'lardi, dardkash bo'lardi. Tunlari yonimda esh-qo'sh bo'lsa qaniydi. Dunyoni ishlarida, o'z onasi qolib birovning onasini oq yuvib, oq tarab o'tiribdi. Ertaga kuchdan qolib kelganda men bormanmi yo'qmanmi, qaerdan biladi.

Eri esa allaqachon boshqasiga uylanib oldi. Shularni o'ylasam yuragim achiydi, bag'rim kuyishadi.

Sening onang qanday baxtli ekan, o'z jigarbandlari so'nggi yo'lga kuzatibdi. O'g'li bel bog'lab xassakashlik qilibdi. Ona uchun bu baxt qizim. Sen yig'lama, onangdan ham, unga shunday chiroyli umr, baxt bergan Ollohdan ham rozi bo'l.

… Bu suhbat, tasodifiy uchrashuv bo'lganiga ancha bo'ldi. Lekin dilimga shu qadar taskinlik berdiki, sira xayolimdan ketmaydi…

Muhabbat Hamidova,

“Gulxan” jurnali bosh muharriri o'rinbosari.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eighteen + 2 =