Kitob chop etish — ko'pkari musobaqasi emas!

Biz millatimizni kitobxon millat sifatida ko'rgimiz keladi, bolalarimiz ko'pincha vahimachi, og'zi shaloq narsalarga to'lib toshgan ijtimoiy tarmoqlardan emas, kitobdan savodini chiqarsa, deymiz. Biroq …

Yaqinda Prezidentimizning “Noshirlik va matbaa sohasini yanada rivojlantirishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori   e'lon qilingan edi. Albatta, matbaatchilik faoliyati juda katta ijobiy o'zgarishlarga yuz tutdi. Ajoyib noshirlarimiz tomonidan har yili, har oy, kerak bo'lsa, kun-kunora shu qadar go'zal, betakror asarlar chop etilmoqdaki, ko'rib, mutolaa etib havasing keladi. Ammo shunday bo'lsa-da, sholining ichidagi kurmak misol, sohada hamon ayrim muammolar ham ko'zga tashlanib turibdi. Quyida shu haqda.

Kitob yozilgandan to kitobxonning qo'liga yetgunicha muallifniki, so'ng esa u xalqniki bo'ladi. Ilk bosma kitob chop etila boshlagan davrdan to shu kunga qadar qancha kitob chop etilgan bo'lmasin, barchasiga haqiqiy bahoni o'quvchi bergan. Kitobxonni aldab bo'lmaydi, kitobning “yaroqlilik muddati” ko'rsatilmaydi. Shu sabab kitob chop etilgunga qadar ancha mehnat talab qiladi.

Matbaa sohasiga so'nggi yillarda shiddat bilan kirib kelgan korxonalardan biri — “Book media nashr” xususiy nashriyoti tomonidan chop etilgan kitoblar bilan do'konlar ancha “boyidi”. Ammo yo'l qo'ygan xatolari ham oz emas. Bu haqda birinchilardan bo'lib O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi O'roz Haydar ijtimoiy tarmoqdagi o'z sahifasida “Tolstoy o'zbekmi?” deya munosabat bildirdi. Ma'lum bo'lishicha, u nashriyot tomonidan chop etilgan Tols­toyning tanlangan asarlaridan birini sotib oladi. Kitobga ko'z yugurtirib, undagi xato va kamchiliklarni ko'rgach, adabiy jarayonning faol ishtirokchisi sifatida “tilini tishlab” turolmaydi! Eng ajablanarlisi, rus adibining tarjima asari tarjimonning ism-sharifisiz chop etilgan. Unda kuzatgan xatolarini sanash barobarida nashriyot xodimlari, muharrirlarni mas'uliyatli bo'lishga chorlaydi.

O'roz Haydar:

O'zim sog'ingan «Kavkaz asiri» hikoyasini o'qiy turib boshim gangidi. Nima bo'lyapti, deyman o'zimga. Alahsiramayapmanmi?! Jumlalar mast kimsaning aljirashiday poyintar-soyintar. «Xo'jayin» so'zi «xo'jain» deb berilgan. Bilsam ham, yana «O'zbek tilining izohli lug'ati»ga murojaat qildim. Bu yerda ham «xo'jayin» deb berilgan. «Xo'jain» so'zini «xo'jayin» deya to'g'rilab ketaverdim. Bu so'z yuz martaga yaqin ishlatilgan ekan. Voh, deya yoqamni tutdim. O'qish jarayonida yana imloviy xatolarga tez-tez qoqilaverdim. Mana bu jumlalarni qarang: «Kechasiga kishanlarini yechim (echib-bizniki), omborxonaga qamashgan. «Kechasiga…» emish. «Kechasi..» deb qo'yaqol. Yoxud «Kostilinni ortiga mindirib…» Qisqagina qilib «ortmoqlab» deb qo'y, shov­voz. «Jilin qiz boshidan siladi». Bunisi ortiqcha. «Har zamon oy chiqadigan shafaqqa qarab qo'yardi», «Tog' ostida qora (quyuq) soya o'rmalab (sudralib), u tomon kela boshladi». «Tog'larda tinch yorug', xuddi hammayoqni o'lim sharpasi qoplaganday». Va hokazo etni junjiktiruvchi jumlalar bilan to'lib toshgan.

Eng qizig'i, biror asarning tarjimoni ismi-familiyasi keltirilmagan. Kitobni bittalab varaqlab chiqib ham tarjimonni topolmadim. Yopiray, Tolstoy nahotki o'zbek tilida asar yozgan bo'lsa, degan yorug' o'y vujudimni yoritdi. Nima, o'zbek adabiyoti yana bitta dahoga ko'paysa, shon-sharaf-ku!..

…Hozir nima ko'p, nashriyot ko'p. Noshirlar asar mazmuni bilan deyarli qiziqishmaydi. Pul bo'lsa, bas. Old-ortiga qaramay chop etishaveradi.

…Mas'uliyatsizlik, kitobxonga hurmatsizlik shuncha bo'lurmi, hay-hay?.. Kitob do'konidan kitob xarid qilganda old-ortiga qarab oling. Yo'qsa,“Book media nashr” nashriyoti noshirlari kabi harakatlar bo'lsa, Gyoteniyam tarjimonsiz o'zbekchada o'qib qolsak, ajabmas?!”.

O'roz Haydarning “dardi”ga quloq tutib turgan kunlarimizning birida kitob chop etish jarayonining “bosh figurasi”dan biri, ya'ni muharrir Sharif Xolmurodni uchratdim, u: “Bu kitobni… ko'rgan emasman” deb tursa-ya! Voajab! Nahotki, shunday ham bo'lishi mumkin?

“Men o'sha ko'rsatilgan asarlar tarjimasining matnini umuman ko'rgan emasman. Avvaldan hamkorligimiz bo'lgan yosh noshir ukalarimiz men ishga borgunimcha shosh­qaloqliq qilib, o'zlariga ortiqcha ishonib, mening nomimdan bir nechta kitobni chiqarib yuboribdi”, — deydi. (O'sha paytda ushbu nashriyotda muharrir bo'lib ishlagan, hozirda sobiq) Sharif domla. “Ana sizga syurpiriz-u, mana sizga noshirlik!” O'ylab ko'ring, qanday qilib dunyo hurmatidagi adib asarlari muharrir ishtirokisiz, yana tarjimoni ko'rsatilmasdan o'quvchiga yetkazilishi mumkin? Mas'uliyatsizlik ham shu darajada bo'ladimi? Biz masalaga oydinlik kiritish maqsadida Sharif domlaning xonadonida bo'ldik. Ikkita xona naqd kitoblarga to'la. Umr bo'yi ma'naviyat olamida mehnat qilgandan keyin shunday bo'lishi kerak-da, aslida.

Sharif Xolmurod yana shunday deydi:

— Yaqinda koronavirus pandemiyasi sababli karantin e'lon qilinishidan sal oldin Chorsudagi “Kitob dunyosi” do'koniga kirsam, oynalar va peshtaxtalar “Jax(h)on bes­tsellerlari” degan turkum kitoblar, o'zbek adabiyoti asarlari bilan qoplanibdi, ba'zi do'konchalarda O'zbek mumtoz adabiyotiruknida chiqarilgan Maxtumquli to'plami turibdi, yana turli-tuman rangli, rasmli bir necha tilli va har xil shakldagi lug'atlar bosilgan, odamlar talashib olyapti. Qiziqib, kitoblarning ba'zilarini ochib ko'rsam, ko'pisida menga xabar qilingan o'sha nashriyot nomi turibdi. Qisqa muddatda shuncha kitobni chiqarishga qanday ulgurishdi ekan, deya hayron bo'ldim. Muqovasidayoq ko'rga hassa bo'lib turgan xatolardan asabiylashib, darhol “Book media nashr” nashriyotiga qo'ng'iroq qildim. “Shunday xatolarga to'la kitoblar chiqarishni niyat qilganmidinglar?” dedim. Ilyos Tursunov (nashriyot rahbarlaridan biri) afsuslanish ohangida emas, g'oliblarcha xursandchilik ruhida “O'zingiz ham keling, axir, nega kelmayapsiz?”,   deya javob berdi.

Istamasam ham borishga majbur edim. Aytilgan xonaga kirishim bilan nashriyot xodimlaridan biri ismimni eshitib, “Mana, ishlarimizni ko'rib turing, xo'jayin kelib qoladilar”, deb oldimga o'sha do'konda ko'zimga tashlangan kitoblarning bir dastasini keltirib qo'ydi. Bittalab qo'ldan o'tkazayotganimda, mening ismim sarvaraqda mas'ul muharrir, oxirgi betida muharrir deb ko'rsatilgan bir nechta kitobni olib, miyamga qon urildi. Hayotimda uchramagan voqea! Nima qilishimni bilmay, qotib o'tirib qoldim…

Sharif domlaning so'zlariga quloq tutar ekanmiz, “Kavkaz asiri” qissasida Dina ismli o'n uch yashar beg'ubor qizcha ikki nafar rus askariga rahmi kelib, hammadan yashirin ravishda ularga mehribonlik qilib turishi, oxirida qochib ketishlariga ham ko'maklashishini ta'kidladi. Tarjimon esa uni o'ttiz yashar qiz deb ko'rsatgan. Birinchidan, o'sha paytlarda Kavkaz yurtlarida shu yoshdagi zaifa qizligicha qolishi mumkinmi? Ikkinchidan, ushbu yoshdagi ayol zoti o'z millatining asosiy dushmanlaridan bo'lgan kishilarga shunday yaxshiliklar ko'rsatishini tasavvur qilib bo'ladimi?! Tarjimon hech bo'lmasa shu oddiy mantiqdan kelib chiqib, o'zi bajargan ishni qayta o'qib ko'rishni lozim topmaganidan qattiq kuyundi.

Domla o'zi birga ishlagan yigitlarga kamchiliklarini aytganida “Bizlardan battaroq ish qilayotganlar bor, nega ularni emas, faqat bizga yopishishadi?” deydi. Xudo asrasin, sizlardan battaroqlar bo'lishi mumkin emas. Qani ko'rsating, ayting, desa ham tayinli javob qaytarisha olmaydi.

“Yangi saylangan parlamentimiz butun jamiyatning savodi, bilimini oshirishga xizmat qiladigan noshirlik sohasini tezda va tubdan isloh qilish, tartibga solishning ishonchli vositasi bo'ladigan, ayniqsa, xususiy nashriyotlar maqomi va mas'uliyatini qat'iy belgilab beradigan maxsus qonun qabul qilishni birinchi galdagi vazifa deb bilishi kerakka o'xshaydi. Va bu uzoqqa cho'zilmasdan amalga oshirilsa yaxshi bo'lardi. Chunki, yuqorida ko'rganimizdek, xalqni chalasavodlikka mahkum etib bo'lsa ham, ko'proq boylik to'p­lash payida otni qamchilab, odamlarning kitob javonlarini ko'p jihatdan yaroqsiz kitoblarga to'ldirayotganlar ham yo'q emas. Shuning uchun bunday qonun bo'lmasa, ta'limning hamma bosqichlarini rivoj­lantirish, jamiyatda kitobxonlikni, umuman ma'naviyat, ma'rifatni yuksaltirish haqida so'z yuritish befoyda”.

Vaziyatga aniqlik kiritish maqsadida yo'limizni nashriyot tomon buramiz. Afsus, xonada hech kim yo'q. Ikkinchi gal borganimizda ikki yigitni uchratdik. Ular esa ishchi, bizni qiziqtirgan masalaga oydinlik kirita olmasliklarini, rahbari esa xizmat safarida ekanini ta'kidlashdi. Bir-ikki kun o'tib nashriyot direktori Ibrohim Tursunov bilan telefonda bog'lana oldik. Masalaga munosabatini so'raganimizda hali yosh nashriyotligi, ish bor joyda kamchilik bo'lishi, endi tajriba orttirishayotganini qayta-qayta uqtirishga harakat qildi. Xatolar bilan chop etilgan kitoblarning taqdiri nima bo'ladi, degan savolimizga aytarli javob ololmadik. Direktor avtoulov boshqarib ketayotgani, ya'ni rulda ekanini ayt­gach, ko'p ham savolga tutmadik. Bir soat o'tar-o'tmas nashriyot rahbarlaridan yana biri Ilyos Tursunov biz bilan bog'landi. U mavzu avval ko'tarilganini, hadeb tanqid qilinaversa, xodimlarining ishlagisi kelmay qolishidan xavotiri borligini aytdi.

— Men istalgan boshqa sohada tadbirkorligimni davom ettiraverishim mumkin, ammo unda bu soha rivojlanmay qolaveradimi? Qaysi nashriyot bo'lmasin hammasida xato bor. Biz xatoimizni tushundik, tanqidni to'g'ri qabul qildik. Bundan keyin takrorlamaslikka harakat qilamiz.

Suhbat davomida maqolani chop ettirmasligimizni, biz qaerga desak, o'sha yerga borib yuzma-yuz gaplashishni so'radi. Eng qizig'i, bizga “hamkorlik” taklif etdi. Qiziq hamkorlik deganda nimani nazarda tutdi? Har xolda nashriyot reklamasi emasdir…

Agar nashriyot xodimlari chindan xatosini tushungan bo'lsalar, rasmiy tarzda kitobxonlardan uzr so'rashi lozim. Va eng kamida bunday qo'pol xatolar bilan chop etilgan kitoblarni sotuvdan olib ko'yish kerak. Bizningcha, yana mas­'ul tashkilotlar tomonidan nashriyot faoliyatini jiddiy o'rganib, tegishli xulosa berilsa, to'g'ri bo'lardi…

Ro'ziqul Ochilov.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 × 4 =