Ona tilimiz — millatimiz ma'naviy belbog'i

O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti mudiri, tarix fanlari doktori, professor Abdug'affor Qirg'izboyev bilan ona tilimizning ravnaqi yo'lida qilinayotgan ishlar xususida suhbatlashdik.

— Abdug'affor aka, o'zingizga ma'lum, Prezidentimizning 2019 yil 21 oktyabrdagi “O'zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mav­qeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Farmoniga ko'ra, 21 oktyabr sanasi “O'zbek tili bayrami kuni” deb e'lon qilingan.

Ona tilimizning davlat miqyosida bayram qilinishi juda quvonchli va shu bilan birga har bir yurtdoshimiz uchun katta mas'uliyat demak. Shunday emasmi?

— Albatta, davlatimiz rahbari tomonidan davlat tilining jamiyatdagi mavqei hamda rivojlanishiga qaratilayotgan katta e'tibor bizning departamentimiz zimmasiga ham ulkan vazifalar yuklaydi. Hozirgi kunda departament tomonidan mazkur farmonda belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta'minlash maqsadida tizimli ishlar olib borilayapti.

Jumladan, joriy yilda davlat bosh­qaruvi tizimlarida, shuningdek, Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarida ma'naviy-ma'rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to'g'risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta'minlash masalalari bo'yicha maslahatchi lavozimi joriy etildi. Vazirlik, hokimlik va idoralarda ushbu lavozimda 300 nafarga yaqin mutaxassis ish boshladi.

Sohaning yetuk mutaxassislarini tayyorlashda, shubhasiz, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universiteti asosiy baza vazifasini o'tayapti. Mazkur universitetda o'zbek tili va adabiyoti fani o'qituvchilari, tarjimonlar, noshirlar tayyorlanadi. Ushbu kadrlar tilimiz ravnaqiga katta hissa qo'shishiga ishonaman.

Bundan tashqari, joylarda “O'zbek tili kursi” tashkil etildi. Uning Qoraqalpog'iston Respublikasi va barcha viloyatlar markazlaridagi 13 ta filiallarida davlat tashkilotlari xodimlari uchun lotin yozuviga asoslangan o'zbek yozuvi, o'zbek adabiy tili me'yorlari, davlat tilida ish yuritish asoslari bo'­yicha malaka oshirish kurslarida davlat tashkiloti xodimlari o'qitiladi.

— Adliya vazirligi muhokamaga kiritgan “O'zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksining 42-moddasiga qo'shimcha kiritish to'g'risida“gi Qonun loyihasi davlat tilimizning rivojlanishidagi amaliy ishlardan biri bo'ldi. Ayni kunlarda O'zbekistondagi minglab kishilar ushbu loyihani qo'llab-quvvatlab, turli fikrlar va takliflar bildirishmoqda. Bu borada Departamentning tutgan yo'li haqida to'xtalsangiz?

— Mazkur loyiha Prezidentimizning 2019 yil 21 oktyabrdagi “O'zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Farmonidan va shu yilning 10 aprelida qabul qilingan “O'zbek tili bayrami kunini belgilash to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasi Qonunidan kelib chiqqan holda, davlat tilini rivojlantirishning amaliy davomi va ijrosi hisoblanadi. Bu bilan xalqaro hujjatlar, qonunlar, davlat organlari va tashkilotlari orasidagi barcha yozishmalar davlat tilida bo'lishi zarur qilib qo'yilgan.

Bahslarga to'xtaladigan bo'lsak, ayrimlar vazirlik, idoralarda ish yuritish rus tiliga moslashgan, shuning uchun loyiha ma'qul emas, deya e'tiroz bildirishmoqda. Lekin qachongacha bunday bir yoqlama qarashlar bilan murosa qilish mumkin? Xalqda: “Boshiga tushsa, xonning qizi ham boshmoqchi bo'ladi”, degan maqol behudaga aytilmagan. Hamma gap xohish-irodada. Insonda jiddiy harakat, qunt bo'lsa, har qanday vazifani bemalol yenga oladi.

— Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 11 martdagi “O'zbek tili va adabiyoti bo'yicha fundamental va amaliy tadqiqotlar samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarorida amaliy vazifalar aniq o'z ifodasini topdi. Bu sohada xizmat qilayotgan mutaxassislar zimmasiga jiddiy vazifalarni ham yukladi?

— Darhaqiqat, ushbu qarorda O'zbekis­ton Fanlar akademiyasi, O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va boshqa tashkilotlarning O'zbekiston Fanlar akademiyasi O'zbek tili, adabiyoti va folk­lori instituti tuzilmasida besh shtat birligida sotsiolingvistika bo'limini tashkil etish to'g'risidagi takliflari ma'qullanib, bo'limning vazifalari belgilab berilgan.

Bo'lim o'zbek tilining tabiati, ijtimoiy munosabatlardagi o'rni, vazifalari, ijtimoiy munosabatlarning tilga ta'siri, tilimiz bilan bog'liq muammolarni o'rganib, ilmiy-nazariy jihatdan tatbiq etadi. Tilimizning takomili yo'lida asosli, teran negizli tadqiqotlar, amaliy va innovatsion tajribalarni amalga oshiradi, sohadagi ilmiy izlanishlarni kuchaytiradi. Izohli va bosh­­qa lug'atlar, davlat tilida ish yuritish bo'yicha qo'llanma va adabiyotlar tayyorlanadi. Bugungi kunda izohli lug'atni mukammallashtirish nechog'lik muhim bo'lsa, kitobning o'zi barcha tashkilotlar uchun shu darajada zarur. Eng dolzarb vazifalardan biri bu o'zbek tilining mavjud imlo qoidalarini mukammallashtirishdir. Davlat tilini rivojlantirish departamenti tomonidan muhim vazifalar yuklangan.

Suhbatdosh: Ozoda Bekmurodova.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 + 15 =