Urush ko'rgan bobom hikmati

Xotira — inson umrining xotimasiga qo'yilgan tamal toshi, rostgo'y taroziboni. Insonning o'tgan umr yo'li yaxshi yo yomon, yorug' yo bulutli xotiralari bilan kelajak avlod shuurida yashaydi. Eng muhimi, umr poyonida “hayotda bekorga yashamadim, umrim zoe ketmadi”, deb jasorat bilan ayta olish hammaga nasib etsin…

Bolaligimda, biz nabiralar bobomning atroflariga yig'ilib, ulardan urush haqida so'rardik. Chug'urlashib bobomni savollarga ko'mib tashlardik.

— Bobo, nega bir qo'lingiz yo'q?..

— Urushda daraxtzorga tashlab kelganman bolam…

Men nigohlarida armon muhrlangan bobomning hikoyalarini diqqat qilib tinglardim. Bobom bir hikoyani ko'p tak­rorlar, har gal ayta-ayta bir nuqtaga tikilgancha uzoq sukutga cho'mar, xotiralar og'ushida xo'rsinib qo'yardilar.

Onamning otalari — bobom, Ikkinchi jahon urushiga o'n yetti yoshida ketib, beshafqat jangda o'ng qo'lidan ayrilib qaytgan. Aytishlaricha, hamqishlog'i Sodiq yettita qizdan keyin tug'ilgan o'g'il ekan, kunlarning birida jang maydonida uni ya'ni hamqish­log'i Sodiqni uchratib qoladi. Ular frontning olovli nuqtalarida birga jang qilishadi. Urush qurbonsiz bo'lmaydi degani rost. Bobom har gal urushni eslasa: “Afsus, Sodiq qaytmadi-da”, deb qo'yardi…

Otamning xotirlashicha, urushning so'nggi yillari, mamlakatimizda ocharchilik boshlangan, erkaklarning ko'pi urushdan kasalmand, nogiron qaytgan, ayollar boshoq terib oila tebratgan pallalarda onalari duo qilarkan: “Xudoyim, bolalarimni sog'-omon ko'klamgacha yetkaz, u yog'iga yerdan quloq chiqargan ko'kat yeb, kun ko'rib ketishar”…

Bir safar xalqaro tadbirga qo'shni Afg'onistondan tashrif buyurgan hamkasbimizni poytaxtdagi mehmonxonalardan biriga joylashtirishadi. Ertangi tongda nonushta ustida mehmondan: “Yurtimiz sizga yoqdimi?”, deb so'rashadi. Mehmon, biroz sukutdan so'ng:

— Balki men aytadigan gaplarimga ishonmassiz, ammo bu haqiqat. Men bu tun miriqib uxladim, go'yo jannat bog'larida his etdim o'zimni. Bu halovatli, osuda uyquni bizning xalqimiz unutib qo'ygan. Biz kunlarni hadik bilan o'tkazamiz, tunlarni xavotir bilan qarshi olamiz. Har kuni uyquga yotish oldidan oila a'zolarimiz bilan rozi-rizolashamiz. Chunki har kecha qaerdadir bomba portlashi yoki o'lim qurolidan otilgan o'q parchalagan qalblarning alamli dod-faryodi eshitilib turadi. Sizlar jannatdasizlar, — degan ekan…

Bobom mustaqilligimizning ilk yillarida, uning tinch-­osuda epkinlarini qalbdan his etib bu dunyoni tark etdilar.

Imom Taraboniy aytgan ekanlar: “Qaysi biringiz tongda uyqudan uyg'onganda oilasi tinch, tani sog' va uyi­­da bir kunga yegulik taomi bo'lsa, bilsinki, unda dunyoning barcha ne'matlari mujassam ekan”…

Zilola Xo'janiyozova,

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eighteen + twenty =