Qaror — loyiha, takliflar bisyor

«Davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlari muassisligidagi davriy bosma nashrlarni qo'llab-quvvatlash va ular faoliyatini yanada rivojlantirishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida»gi Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasi muhokamaga qo'yildi. Ushbu qaror loyihasi ayni kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda, axborot portallarida soha xodimlari tomonidan keng muhokama etilmoqda. Ushbu qaror loyihasiga samarqandlik jurnalistlar ham o'z takliflarini bildirishgan.

Farmon Toshev, O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Samarqand viloyat bo'limi raisi, «Zarafshon» va «Samarkandskiy vestnik» gazetalari birlashgan tahririyati Bosh muharriri:

— Bugungi kunda Samarqand viloyatida jami 47 ta gazeta-jurnallar chop etilmoqda, 1 ta televidenie, 2 ta radio faoliyat ko'rsatmoqda. Shundan 3 ta viloyat, 16 ta shahar va tuman hokimliklari gazetalari, 19 ta xususiy nashr, 4 tasi tarmoq gazetasi va 5 tasi ilmiy jurnallardir.

Viloyatning shahar va tumanlari gazetalari tahririyatlarida 200 nafarga yaqin xodim mehnat qiladi. Ijodiy xodimlar 100 nafardan ortiq bo'lib, ularning qariyb ellik foizi oliy ma'lumotli jurnalist hisoblanadi. Viloyat bo'yicha 500 nafardan ortiq ommaviy axborot vositalarida ishlayotgan jurnalistlar bor.

Gazetalarni rivojlantirish, gazetalar muntazamligini ta'minlash bo'yicha ularga aniq, manzilli yordam ko'rsatilishi lozim. Ushbu qaror loyihasida bu masalaga alohida to'xtalingan. Ammo obuna uyushtiruvchi tashkilotlar uzoq yillardan beri bizning asosiy muammomiz bo'lib kelmoqda.

G'olib Hasanov, «Zarafshon» gazetasi Bosh muharriri o'rinbosari:

— Birinchi navbatda, qarorda faqat davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining nashrlarigagina emas, balki barcha bosma ommaviy axborot vositalari fao­liyatiga oid bo'lishini nazarda tutish kerak.

Shuningdek, bosma ommaviy axborot vositalarini qo'llab-quvvatlash uchun viloyat, tuman, shahar byudjetidan har yili ajratiladigan mablag'lar belgilanishi konkret ko'rsatib qo'yilgan bo'lishi lozim.

Umuman, qaysi organ tomonidan mablag' ajratilsa, OAV o'sha organ faoliyatidagi kamchilik va nuqsonlarini yoritib bera olmaydi. Shuning uchun mablag' ajratish masalasida chuqur o'ylab ko'rish kerak.

Hakim Jo'rayev, Samarqand shahar hokimligi muassisligidagi «Samarqand» gazetasi muharriri:

– Ushbu qaror faqat bir yo'nalishni qamrab olmay, ommaviy axborot vositalarining bir nechta jabhalarini o'z ichiga olgan holda mavjud muammolarga huquqiy yechim berishini istardim. Avvalo, byudjetdan tashqari jamg'armadan mablag' ajratilishi bu juda ishonchsiz holat, nazarimda. Ushbu jamg'armaning gazeta uchun ajratiladigan mablag'i aholining ma'lum qatlamining bepul obunasiga yo'naltirilsa maqsadliroq bo'lardi, deb o'ylayman.

Ommaviy axborot vositalari xodimlarining mao­shini belgilash, ularga gonorar to'lash bo'yicha hozirga qadar mukammal huquqiy hujjat yo'q. Mazkur masala ham yechimga muhtoj bo'lib turibdi. Bosma nashrlarga soliq imtiyozlari berish masalasi ham qarorga kiritilishi lozim, deb o'ylayman. Xolis axborot tarqatishda ko'p holatlarda bosma nashrlarda mehnat qilayotgan jurnalistlar ter to'kadi-yu bu axborotlar osongina turli internet saytlarida, na muallifi, na manbasi ko'rsatilgan holda tarqalib ketadi.

Aytmoqchimanki, xolis axborot tarqatishda o'sha, ko'pchilik bugun «majburiy obuna hisobiga kun ko'rmoqda» deya ro'kach qilinayotgan jurnalistlar faollik ko'rsatmoqda. Axborotning xolisligi bugungi globallashgan jamiyatning nechog'lik muhimligi hech kimga sir emas. Shuning uchun axborot tarqatish va qabul qilish ehtiyoji har qachongidan ko'ra kuchliroq bo'lgan bugungi kunda kichik hududlarga tegishli matbuotni qo'llab-quvvatlash va ularni rag'batlantirish milliy jurnalistika rivojiga munosib hissa qo'shish deganidir.

Isomiddin Po'latov, Jomboy tumani «Jomboy tongi» gazetasi muharriri:

— Mahalliy davlat organlarining o'z muassisligida nashr etiladigan gazetalariga mablag' ajratilishi bir jihatdan o'sha gazetalardagi erkinlikni cheklab qo'yishi mumkin. Sababi, barchamizga ma'lum, o'sha mashhur ibora: pulini to'lagach, qo'shig'ini aytishga majbursan. Bu hol ko'pchilik hamkasblarimni qiynayotgan eng birinchi masalalardan biridir. Lekin yaxshiroq o'ylab qaralsa, bugun ahvol qanday? Bugun garchi hokimlik o'z tizimidagi gazetalarga pul o'tkazmasa-da, ammo obunani tashkillashtirishda qaysidir ma'noda yordam berayotganidan ko'z yuma olmaymiz.

Xo'sh, shunday holatda ham bugun quyi tizimdagi gazetalar o'z muassisini tanqid qila olayaptimi? Afsuski, bu savolga to'liq tasdiq javobini bera olmaymiz. Sababi bunday tahririyatlar soni sanoqli. Sanoqli deganim, umuman yo'q, degani emas. Aytmoqchimanki, jurnalistga, ayniqsa, tuman, shahar gazetalariga yordam berish, ularni qo'llab-quvvatlash bugun har qachongidan muhim. Lekin afsuski, bugun yaxshi ishlayotgan gazeta ham, shunchaki, hisobotdan nariga o'tmaydigan maqolalar bilan to'ldirayotgan nashrlar ham bir xil mavqeda va bir xil moddiy ta'minlangan. Mana shu yerda yaxshiroq ishlaydigan tahririyatlarni qo'llab-quvvatlashga kim mas'ul bo'ladi, degan savol yuzaga keladi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

nineteen − 8 =