Nomlarimiz handalakdek tilim-tilim…

“Hurriyat” gazetasining 13 may sonida e'lon qilingan “Ilmi borning savodi bo'lmasa qiyin ekan” sarlavhali maqolani o'qidimu, “tilchi” sifatida, qolaversa, O'zbek tili va adabiyoti universiteti o'qituvchisi sifatida ruhlanib ketdim. Bu masala meni ham anchadan beri o'ylantirib keladi, shuning uchun fikrlarimni qoralashga jazm etdim.

2019-2020 yillar davomida tom ma'noda ona tilimiz rivoji hamda uning huquqiy maqomini mustahkamlash borasida tub burilishlar bo'lyapti.

Prezidentimiz tomonidan 2019 yil 4 oktyabr kuni «Davlat tili haqida»gi Qonunning 30 yilligini munosib nishonlash to'g'risidagi qaror imzolandi, “O'zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Farmon qabul qilindi va hokazo. Ularda tilimiz rivoji bilan bog'liq yaqin va uzoq istiqboldagi vazifalar, strategik rejalarning aniq negizi belgilab berildi.

Afsuski, ba'zi hollarda qilinayotgan islohotlarning mohiyatini tushunmayotganimiz dilni xira qiladi. Bugun ijtimoiy tarmoqlarda davlat tilining huquqiy maqomini mus­tahkamlash yo'lida qo'yilayotgan kichik odimlar yuzasidan fikrlar “jang”i ketyapti. Jumladan, Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan davlat tilida ish yuritishni ta'minlamaganlik uchun mansabdor shaxslarga javobgarlik belgilashni nazarda tutuvchi qonun loyihasi atrofidagi munozaralar muhokamalar markaziga chiqdi. Ayrimlarning huquqiy madaniyatida hamon bo'shliqlar borligi kasriga tortishuvlar ba'zan tushunmovchiliklar kelib chiqishiga ham sabab bo'ldi. Aslida bu qonun hujjati 30 yildan beri davlat tilini o'rganmagan “vatanparvar” rahbarlarga qaratilgan. Bu yerda biror-bir tilning huquqiy maqomi kamsitilishi haqida gap yo'q. Bu millatlararo nifoq keltirib chiqarishni xohlayotgan ayrim kuchlar uchun aslo “tutantiriq” bo'ladigan masala emas edi…

Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksning “Davlat tili to'g'risidagi qonun hujjatlarini buzish” deb nomlangan 42-moddasiga   “Davlat organlari va tashkilotlarida ish yuritishda davlat tili haqidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etmaslik, mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo'ladi” degan to'ldirish kiritilgan.

Juda to'g'ri qaror! Biroq bu masala xususida ham ijtimoiy tarmoqlarda bir qator munosabatlar bildirilmoqda. Bu oddiy aholi uchun emas, mansabdor shaxslarga qaratilgan chora ekanligini bilib-bilmay behuda tortishayotganlar hayron qoldiradi.

Bugungi sharoitda tadbirkorlik sub'yektlari va ishlab chiqarish sohasida davlat tili haqidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etilishi bilan bog'liq munosabatlarni tartibga solish uchun ham biror chora qo'llash masalasi ko'rib chiqilishi lozim. Chunki davlat tiliga rioya qilmaslik ko'p hollarda mana shu jabhalarda yuz bermoqda va eng achinarlisi, shahrimiz ko'rkiga ko'rk bo'lib turgan inshootlar nomlari, mahsulot, uning yorliqlari, ko'cha yozuvlari va peshlavhalarda tilimiz aksi ko'rinmas ekan,   unga nopisand munosabat davom etaveradi.

Dunyo hamjamiyatidan munosib o'rin egallashni maqsad qilib qo'ygan har qaysi davlat, avvalo, o'z xalqining milliy tili va madaniyatini asrab­-avaylashga, rivojlantirishga intiladi.

Keyingi yillarda respublikamizda ishlab chiqarish, savdo-sotiq ob'yektlari, korxona, muassasa, firma, mahsulotlarga xorij tillarida nom qo'yish rosa urfga aylandi. Ayniqsa, keyingi uch-to'rt yil ichida nom yaratishda inglizcha yoki boshqa ajnabiy so'zlarga murojaat qilishga ruju qo'yilmoqdaki, buning sabablarini turlicha izohlash mumkin. Ya'ni, bu yo'l bilan balki iste'molchilar e'tiborini o'ziga jalb qilish ko'zda tutilgandir, yoki xorijiy nom orqali mahsulotni jahon bozoriga oson olib chiqishni nazarda tutgandir, bu bizga qorong'i…

Har qanday holatda ham, bozor peshtaxtalaridan o'rin olgan “O'zbekistonda ishlab chiqarilgan” degan nom ostidagi mahsulotlar sof o'zbek tilida nomlanishi shart. Bir qarashda bular shunchaki oddiy masala bo'lib ko'rinishi mumkin. Shusiz ham muammo yetarli, bir tomonda jahon pandemiyasi, ikkinchi tomonda texnogen ofatlar, ular keltirib chiqargan iqtisodiy muammolarni bartaraf qilish yo'lidagi sa'y-harakatlar…. Nomi qanday bo'lsa ham mahsulotni ishlab chiqaribdi-ku, otasiga rahmat o'sha tadbirkorlarning, deyishingiz mumkin. Lekin shuni unutmaylikki, biz ajdodlardan avlodlarga o'tib kelayotgan eng buyuk qadriyat — ona tilimizni bus-butunligicha, boyliklariga zavol yetkazmasdan kelajak avlodga yetkazishga mas'ulmiz. Aks holda, ona tilimizga nopisand munosabat davom etaveradi. Kelajak avlodlar “Nasha kasha”ni ichib katta bo'ladi, milliy ertak qahramonimiz Zumrad qolib Mashaga ergashadi, “Benissimo”da tort yeydi, “Korzinka”dan xarid qiladi, “Gurman Burger”da ovqatlanadi…

Xalqimizning milliy an'analari va mentalitetiga yot bo'lgan to'qima nomlarning oldini olish, yangi nomlarning o'zbek adabiy tili me'yorlariga mos bo'lishini nazoratga olish lozim. Tadbirkorlik sub'yekti bilan shug'ullanuvchilarni nomlash (neyming) texnologiyasi asoslaridan xabardor qilish, ularga uslubiy ko'rsatmalar berish, savdo brendlari nomlarining zaxirasini yaratish kerak.

Ayni paytda mamlakatimizda iqtisodiyot tarmoqlari rivojlanayotganini hisobga olsak, bir-birini takrorlamaydigan, yangi va o'zgacha uslubdagi nom topish ham oson emas, albatta. Mana shularni inobatga olgan holda O'zbekiston Respub­likasi “Davlat tili haqida”gi Qonuniga mos bo'lishini ta'minlash bo'yicha uslubiy ko'rsatmalar tayyorlanib, nomlar zaxirasini yaratish ishlari olib borilmoqda. Xususan, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va va adabiyoti universiteti tashabbusi bilan “O'zbekcha nomlash laboratoriyasi” o'z faoliyatini boshladi. O'zbekis­ton Respublikasi Innovatsion rivojlantirish vazirligi tomonidan mazkur masala yechimiga bag'ishlangan “O'zbek tilida nomshunoslik: me'yoriy-huquqiy asoslarini yaratish” mavzusidagi amaliy loyiha uchun mablag' ajratilib, o'zbek tilida nomlar bazasini yaratish masalalari yechimlari o'rganilyapti.

Internet tarmog'ida barcha tadbirkor va ishlab chiqaruvchilar uchun uznom.uz sayti faoliyati yo'lga qo'yildi. Ushbu sayt orqali tadbirkorlik faoliyati bilan shug'ullanuvchi kishilarga firma, korxonalar, savdo ob'yektlari, ishlab chiqargan mahsulotlari uchun milliy nomlar taqdim etiladi. Yo'lga qo'yilgan mazkur xizmat turi orqali nom yaratish jarayonida o'zbek tili me'yorlarining buzilishi bilan bog'liq holatlarga chek qo'yiladi.

Yurtimizda barpo qilinayotgan yangidan-yangi zamonaviy inshootlar va ishlab chiqarish korxonalariga xalqimiz milliy g'ururimiz bo'lgan o'zbek tili me'yorlariga mos holda to'g'ri nom berishga o'zlarini mas'ul deb bilishsa, maqsadga muvofiq bo'lardi. Bu o'z ishlab chiqarishi, savdo do'konlari, maishiy xizmat ob'yektlari, tibbiy xizmat muassasalari, xususiy o'quv markazlari va boshqa tadbirkorlik faoliyati turlarini yo'lga qo'yayotgan har bir millatdoshimiz uchun hayotiy zarurat bo'lishi bilan birga, ijtimoiy burch hamdir.

Muyassar Saparniyazova,

filologiya fanlari nomzodi, dotsent.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eighteen − 11 =