Shayton kishanlangan oy

Vaqtning o'tishini qarangki, Ramazon oyi ham nihoyasiga yetmoqda. Har birimiz bir oy davomida ro'za bilan ihotalalandik. Allohning oynasiga ezgu ishlarimiz, buyuk amallarimiz, ma'rifatli qalbimiz bilan qaragimiz keladi. Shu uchun ro'za oxirlasa-da, uning huzuridan, zavqidan, farog'atidan ayrilgimiz kelmaydi. Savob ishlar qilindi, ehsonlar tarqatilyapti, odamlar ezgu ishlar yo'lida yanada jipslashmoqdalar.

Ulug' Ramazon Hayiti arafasida Toshkent shahar bosh imom-xatibi Nuriddin domla Xoliqnazarov bilan mohi Ramazon ro'zasining inson hayotidagi o'rni, shuurimizda va qalbimizda kechadigan aksu sadolari, bemisl ahamiyati, shafoati haqida suhbatlashdik.

— Muhtaram domla, mana muborak Ramazon oyida turibmiz. Biz muqaddas manbadan yaxshi bilamizki, ro'zaning mo'min-musulmon hayotidagi o'rni alohida. Shu ma'noda uning inson hayotidagi o'rni, fazilatlari, saodatga yetaklovchi omillari haqida gapirsangiz?

— Bismillahir Rohmanir Rohiym.

Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo'lsin.

Payg'ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo'lsin.

Bu yilgi Ramazon va Hayit ayyomlari sinovli pandemiya davriga to'g'ri keldi. Bu esa xalqimizning jamoat bo'lib ibodat va bayram qilish huzuridan mahrum etmoqda. Buni albatta, o'ziga xos hikmati borligi, shubhasiz. Biroq xalqimiz mana shunday sinovli damlarda ham ibodatda qoyim turdi, savob umidida ro'zasini tutmoqda.

Albatta, mo'min-musulmonga farz qilingan ro'zaning fazilatlari ko'p. Ro'za eng avvalo xato va gunohlar uchun kafforatdir. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kim Ramazon ro'zasini iymon bilan, savob umidida tutsa, o'tgan gunohlari mag'firat qilinur», dedilar».   Va yana «Kim Ramazon ro'zasini tutsa, uning hadlarini (chegaralarini) bilsa, saqlanish kerak bo'lgan narsalardan saqlansa, bu ro'za o'zidan avvalgi (bo'lib o'tgan gunoh)larni mag'firat qiladi», deganlar.

Ro'za tufayli darajalar yuksalib, savoblar ko'paytirib beriladi. Ro'za yuksak martaba, sharafli mansabdir. Shu sabab Alloh taolo uni sharaflagan holda O'ziga biriktirgan va «Ammo ro'za mustasno, chunki u Men uchundir», degan, holbuki barcha solih amallar ham U Zot uchundir.

E'tibor qaratgan bo'lsangiz, ro'zador odamning og'zi hidlanadi. Allohning huzuridagi farishtalardan iborat jamoat hidlaydigan, ro'zadorning og'zidan keladigan hid, ya'ni xaluf mushki anbarning hididan ham xushbo'y bo'ladi. Farishtalar ro'zadorlarga salavot aytadilar, rahmat so'rab duo qiladilar va mag'firat so'raydilar.Alloh azza va jalla farishtalariga ro'zadorlar bilan maqtanadi. Ro'zadorlar jannatga o'zlariga xos bo'lgan Rayyon eshigidan kiradilar.

Ro'zadorlar Ramazonda ikki marta xursand bo'ladilar. Bu xursandlik ro'zadorning iftor paytida, ro'zasi tugal bo'lganda uning ajri uzilib qolmagani uchun bo'lsa, yana bir xursandchilik Robbiga yo'liqqanidagi shodiyonadir.

— Ro'zaning maqsadlari yana nimalardan iborat?

— Imom G'azzoliy hazratlari o'ziga xos uslubda ro'zaning maqsadlariga ishora qilar ekan, shunday deydi: «Ro'zadan maqsad Alloh taoloning xulqlaridan bir xulq — behojatlik bilan xulqlanish, nafs istaklaridan imkon qadar tiyilish orqali, shahvatlardan pok farishtalarga iqtido qilishdir. Inson hayvon martabasidan shahvatlarni aql nuri yordamida sindirish quvvatiga egaligi bilan ustun turadi. Ammo, shahvatlar unga o'z ta'sirini o'tkazgani, u nafsu havosiga qarshi kurashishga majburligi yuzasidan farishtalardan quyi turadi. U shahvatlarga — nafs istaklariga berilgani sari eng quyi tabaqalarga — asfalasofilinga qarab ketadi, shahvatini sindirgani sayin farishtalarning oliy maqomiga ko'tarilib boradi, natijada farishtalar fazosida parvoz qiladi». Tashqi a'zolarni hamda ichki quvvatlarni muhofaza qilishda ro'zaning ta'siri katta. U insonning vujudini uni buzadigan, sog'ligiga zarar keltiradigan moddalardan tozalaydi. Ro'za insonga uning ruhi va jismidan nafsu havo tortib olgan fazilatlarni qaytaradi. U chinakam taqvoni o'zlashtirish uchun eng yaxshi yordamchidir. Shuning uchun ham Alloh taolo musulmonlarga ro'zani farz qilgan oyatda: «… sizlarga ham ro'za farz qilindi. Shoyadki, taqvo qilsangiz», —   degan.

— Qur'oni Karimda “Qadr kechasi ming oydan yaxshidir” deyiladi. Ramazonning o'zi ulug', bu oyda Qadr kechasining borligi uning qiymatini yanada oshiradi, albatta. Laylatul Qadrning shu paytgacha musulmonlarga ma'lum va noma'lum fazilatlari haqida ham gapirsangiz?

— Har bir ro'zador Qadr kechasini o'zgacha bir ixlos bilan kutadi, albatta. Chunki har bir inson ibodati Yaratganga yetib borishini xohlaydi: umid qiladi, duo qiladi, ibodatda bo'ladi. Alloh jalla sha'nuhu: «Albatta, Biz u(Qur'on)ni Qadr kechasida tushirdik. Qadr kechasi nima ekanligini senga nima bildirdi? Qadr kechasi ming oydan yaxshidir. Unda farishtalar va Ruh Robbilari izni bilan barcha ishlar uchun tushadir. U to tong otguncha salom (tinchlik)dir», degan («Qadr» surasi, 1-5-oyatlar).

Ushbu suraning nomi birinchi oyatidagi «Laylatul Qadr» kalimasidan olingan. Bu muborak kecha ikki xil ma'noda «qadr» deb ataladi. Birinchisi – «qadr», ya'ni qadri ulug', ikkinchisi – «qadar», ya'ni bandalarning qadarini belgilashdir.

Chunki Qadr kechasi qadri ulug' kechadir. Qadr kechasida bandalarning bir yillik qadarlari — taqdirlari belgilanadi va surai karima boshidan oxirigacha muborak Qadr kechasiga bag'ishlangandir. Xuddi shu kechada Qur'oni Karim nozil etila boshlagan. Bu bayramda qalbni poklash, vijdonni sayqallash imkoni bor. Allohga yaqinlik hosil qilish uchun ham bu kechada bedor bo'lib, uxlamasdan ibodat qilinadi. Qadr surasida Alloh taoloning musulmonlarga O'zi bergan ulkan ne'mati — ularni zulmatdan nurga olib chiqqan Qur'oni Karimni nozil qilganini eslatishi bejiz emas.

— Ramazon oyida ro'za tutish qaysi davrdan boshlab buyurilgan? Odam Ato va Momo Havvoga jannatda taqiqlangan mevalarni yeyish­larining ro'zaga daxli bormi? Ro'za tarixi haqida ham to'xtalsangiz…

— Alloh taolo aytadi: “Ey, iymon keltirganlar! Sizlardan avvalgilarga farz qilinganidek, sizlarga ham ro'za farz qilindi. Shoyadki, taqvo qilsangiz”.

Ushbu oyatdan ochiq-oydin ko'rinib turibdiki, ro'za tutish bizdan oldingi ummatlarga ham farz bo'lgan. Biroq, muddati va shartlari har xil bo'lgan. Ro'zaning Odam Ato bilan Momo Havvo onamizning jannatdan tushishlari bilan aloqasi bor yo yo'qligi haqida aniq ma'lumotlar yo'q. Biroq, shunisi aniqki, Alloh taolo qancha Payg'ambar yuborgan bo'lsa, ularning ummatlariga ham ro'za tutishni buyurgan.

— Islomda ro'za qachondan boshlab farz qilingan?

— Islom dinida ro'za Rasuli Akram sollallohu alayhi vasallam Madinaga hijrat qilganlarining ikkinchi yili farz qilindi.   Payg'ambarimiz alayhissalom vafotlarigacha to'qqizta Ramazon ro'zasini tutganlar.

Avvalgi dinlarning ham ko'plarida ro'za bo'lgan. Lekin uning muayyan vaqti va shakli bo'lmagan. Kim qachon xohlasa, qanday xohlasa, ro'za tutavergan. Ularda ro'za kunini tanlash ham, bu ro'zada nimalardan saqlanish ham ixtiyoriy bo'lib qolgan. Masalan, ayrim hind dinlarida kimdir go'shtdan, kimdir pishirilgan narsalardan tiyilish bilan ro'za tutaveradi. Natijada ro'zadan ko'zlangan maqsad yo'qolgan, nafsning g'alabasi yana ham avjiga mingan. Ro'zada xiyonat paydo bo'lgan. Kim ro'za tutdi, kim tutmadi, kim qachon tutdi, kim qachon tutmadi, kim qanday tutdi, bilib bo'lmay qolgan. Oqibatda ro'zaning ruhiy va axloqiy ta'siri qolmagan.

Islom shariatida ro'za maxsus ko'rinishda, muayyan shartlar bilan, ma'lum kunlarda tutilishi joriy qilindi. Toki millati, mamlakati, shaxsiyati, zamon va makoni qanday bo'lishidan qat'i nazar, butun dunyo musulmonlari bir vaqtda, bir shaklda, bir ko'rinishda ro'za tutishsin, o'zboshimchalikka o'rin qolmasin.

— Ro'zaning bir oy qilib belgilanishining ham o'ziga xos sabablari bo'lsa kerak?

— Boshqa xalqlarda, ro'za tutish kunlari tarqoq, yil bo'yi turli kunlarda bo'lgan. Bunda bir ro'za kuni bilan boshqasi orasida bir necha kunlar yoki haftalar o'tadi. Na nafs bir narsaga ko'nikib ulguradi, na jism bir narsaga erishadi. Natijada ro'zaning maqsadlari barbod bo'ladi. Uning axloq va ruh tarbiyasiga bo'lgan ta'siri yo'qoladi.

Yuqorida aytib o'tilgan mulohazalardan Islom shariati ro'za ibodatini naqadar mukammal tarzda joriy qilganini his qilamiz.

— Ramazonda hamma musulmonlar fitr sadaqasini berishadi. Bu sadaqaning hikmati ko'proq nimalarda aks etadi?

— Fitr sadaqasi zakot kabi moliyaviy ibodatlardan biri bo'lib, fitr zakoti ham deyiladi. U zakot farz bo'lishidan oldin ikkinchi hijriy sanada joriy qilingan.

“Fitr” bu — og'iz ochish, ro'zadan chiqish ma'nosini anglatadi. Ro'za tugashi munosabati bilan berilayotgani uchun unga shunday nom berilgan. Ro'zadorning Ramazon davomida ro'zasiga yetgan nuqsonlarning o'rnini to'ldirish, hojatmand kishilarni Ramazonda o'zgalardan yordam so'rashdan muhofaza qilish uchun fitr sadaqasi beriladi. Zero, buning evaziga hayit bayramida hamma kabi faqir kishilar barcha insonlar kabi bayram xursandchiligini o'z tanlarida his qilishadi, farzandlari va oila a'zolariga sovg'a-salom va kiyim-kechak xarid qilishlari uchun qo'llarida pul bo'ladi.

— Fitr sadaqasi kimlarga vojib va kimlar nomidan ado etilsa to'g'ri bo'ladi?

— Fitr sadaqasi asliy va zaruriy ehtiyojlaridan ortgan mol-mulki nisobga yetgan har bir ozod musulmonga vojibdir. Fitr sadaqasining miqdori jon boshidan bug'doy va uning mahsulotlaridan masalan, un, talqon va hokazolardan yarim so' miqdorda chiqariladi. Ammo, arpa, xurmo (tamr) va mayizdan bir so' miqdorida ado etiladi.

So'ni zamonaviy o'lchov birliklariga naql qilishda hanafiy mazhabi tomonidan belgilangan miqdorga ko'ra, bir so' to'rt muddan iborat. Hanafiy mazhabimizga ko'ra, bir mudd 1072 grammdan iborat. Shunda so'ning hanafiy mazhabidagi miqdori quyidagicha bo'ladi: 4 mudd x 1072 gr = 4288 gramm. Demak, bir so'ning miqdori 4 kilogramm 288 grammni tashkil etadi. Yarim so' esa 2 kilogramm 144 grammdan iborat. Fitr sadaqasining bug'doy va uning mahsulotidan beriladigan miqdori ana shuncha bo'ladi.

— Zakot va uning zamirida insonlar uchun qanday siru sinoatlar yashiringan?

— Zakot — mol-mulkining muayyan qismini ehtiyojmandlarga to'lab berish orqali amalga oshiriladi. Zakotning farz ekanligini inkor qilish dindan chiqib qolishga sabab bo'lishi mumkin. Zakotga juda ko'plab hikmat va foydalar berilgan. Zakot faqirlikka qarshi kurashadi, musulmonlar o'rtasidagi birodarlik munosabatlarini yaxshilaydi, ularda saxiylikni tarbiyalaydi, qalbni baxillik va xasislikdan tozalaydi, moddiy ahvolimizni barakotli qiladi, mol-mulkni ziyoda qiladi va turli kulfatlardan saqlaydi.

Zakotga yashiringan hikmatlarning yana biri — bu uning insonlar uchun sinov ekanligidir. Boylik ham, kambag'allik ham — Allohning qismatidir, shuning uchun boylikni qadr-qimmat, kambag'allikni esa – kamsitilish deb tushunmaslik lozim.

— Molu davlatga ega bo'laturib, zakot bermaydiganlar ham uchraydi…

— Zakot — muhtojlar haqqi. Shuning uchun, bu dunyoda to'lanmagan zakotni Alloh taolo oxiratda ularga qaytarishga majbur etadi. Alloh taolo aytadi: “Oltin va kumushni to'playdigan va ularni Allohning yo'lida infoq qilmaydiganlarga alamli azob bashoratini bergin. Ular jahannam otashi ila qizdirilgan holda peshonalari va yonboshlariga va orqalariga bosiladi. “Mana shu to'plangan narsalaringiz! Bas, o'zingiz to'plagan narsangizni tatib ko'ring!” deyiladi” (Tavba surasi 34-35-oyat). Alloh bundan o'zi asrasin! Agarda inson vafot etsa, o'z vaqtida zakot bera olmagan bo'lsa, birinchi navbatda undan qolgan mol – mulkdan zakot berish lozim bo'ladi.

— Zakotni qaysi mol-mulkdan va qanday insonlarga   bergan ma'qul?

— Zakot shunchaki bir ehson emas, uning o'z shartlari bor, ulardan biri — bu zakot to'lash majburiy bo'lgan, yil davomida muayyan miqdorda to'plangan mablag'ning mavjudligi. Bu miqdor “nisob” deyiladi va 85 gramm oltin qiymatiga tenglashtiriladi. Agar inson nisob miqdoriga va undan ham ko'proqqa ega bo'lsa, ega bo'lganiga bir yil muddat o'tgan bo'lsa, u ega bo'lgan jamg'armasining 2,5 foizni zakot qilib beradi.

Zakot oltin va kumushdan, uy hayvonlari — tuya, qoramol, qo'ydan, tijorat mollaridan, mevalardan, don mahsulotlari va boshqalardan, yer osti boyliklaridan, topib olingan hazinadan to'lanadi.

— Qarindoshlarga zakot bersa bo'ladimi va aksincha, qaysi qavmu qarindoshga zakot berib bo'lmaydi?

— Kambag'al va muhtoj aka – uka, opa – singil, amaki, tog'a, amma, xola yoki boshqa qarindoshlarga zakot berish maqsadga muvofiqdir. Ularga zakot berish bir vaqtning o'zida ham saxovat, ham oilaviy rishtalarni mus­tahkamlash sanaladi. Zero Nabiy sollallohu alayhi vasallam “Mis­kinga qilingan sadaqa sadaqa, xolos. Qarindoshga qilingan sadaqa esa ham sadaqa, ham silai rahmdir” deganlar.

Zakotni ota-ona, ayoli, farzandlari, nevaralari, bobo va buvilariga berib bo'lmaydi. Chunki ularga g'amxo'rlik qilish, ularni ta'minlash — musulmonning burchidir.

— Juda ko'p musulmon davlatlarida Ramazon kelishi bilan ehsonlar ko'payishi barobarida oziq-ovqat mahsulotlarida, oshxonalarda arzonlashtirilgan chegirmalar e'lon qilinadi. Bizda esa teskarisi — aynan Ramazon kelishi bilan va boshqa bayramlarda oziq-ovqat mahsulotlarida keskin qimmatlashish boshlanadi. Bu iymon, insof tushunchalariga amal qilmaslik emasmi?

— Ha, odatda, ko'p joylarda Ramazon kirib kelishi bilan musulmonlarga qulaylik yaratish maqsadida narx-navolar tushiriladi yoki kamida oshirilmay turadi. Mana bu Ramazonga, umuman, musulmonlarga bo'lgan hurmat, Allohning diniga nisbatan munosabatning go'zalligidandir. Alloh mana shunday savdogarlarga, tijorat qiluvchilarga baraka beradi.

Afsuski, ba'zi savdogarlar Ramazondan, boshqa ayyomlardan “foydalanib”, bu oyda ko'proq foyda qilib qolish maqsadida narx-navoni keskin sur'atda oshirib yuboradilar. Sababi, bu oyda oziq-ovqatga bo'lgan talab ko'payar ekan. To'g'ri, musulmonlar saharlik va iftorlikda das­turxonni chiroyli qilish maqsadida oziq-ovqat mahsulotlarini sotib oladilar. Yozning issiq kunlarida meva-sabzavotlarga bo'lgan talab kuchayadi. Ammo qutlug' damlarda narxlar asossiz oshirilaversa, Ramazonning, musulmonlarning hurmati qaerda qoladi? Inson faqat tashqi jihatga qarab ish ko'raversa, uzoqqa bormasligi, o'sib-unmasligi aniq. Ramazonda narxlarni oshirib, cho'ntakni qappaytirish pa­yida bo'lgan tojir uning kasbidan baraka olib qo'yilishi mumkinligini bilmaydi yoki bu haqda o'ylab ko'rmaydi. U hamma narsaga moddiyat ko'zoynagi bilan nazar soladi. Biz pulning ko'pligini emas, uning barakasini so'raylik.

Boshqa tarafdan olib qaraganda, aytaylik, Ramazon oyida narxlarning oshib ketishiga odamlarning, ya'ni iste'molchilarning o'zi ham sabab bo'lmoqda. Nega desangiz, ba'zilar odatiy kunlarda yemaydigan ovqatlarni Ramazonda bosib iste'mol qiladi. Yana boshqalar iftorlik marosimi o'tkazish maqsadida isrofga yo'l qo'yib, dasturxonni “to'kin-sochin” qilish pa­yida bo'ladi. Bundan hech birimiz ko'z yuma olmaymiz.

Unutmaylik, inson bu dunyoga faqat yeb-ichish, kayf-safo qilish uchun kelmagan. Muborak Ramazon g'animat. Shu sabab bu oyda bir-birimizga mehr-oqibatli bo'lsak, ro'zalarni sabr­-toqat bilan tutib, tarovehlarda xulusi niyat bilan qoim bo'lsak, Allohning roziligini topamiz, inshaalloh!

— “Mo'minning qalbi Allohning uyi” deydi xalqimiz. Biroq chiroyli amal, go'zal qalb uchun kafolat emas. Chiroyli islomiy amallarni bajara turib, qalbida fitna, riyo, chaqimchilik, g'iybat, hasad kabi xunuk illatlarni boqayotgan bandalardagi qalb kasalligining sababi nimada deb hisoblaysiz?

— Bu kabi illatlarning barchasiga qalbning qorayib ketishi sabab bo'ladi. Yer yuzida yashayotgan insonlarning o'z mezon va andozalari bor. Ular erkagu ayoldagi chiroyli surat va go'zallik, mol-dunyodagi kengchilik va mo'lchilik, mansab va amaldagi faxrlanishdir. Ushbu sifatlardan biriga ega insonda, albatta boshqalardan o'zini ustun qo'yish va o'zini kuchli deb his qilish bor. Ammo yeru osmonlarni yaratgan Alloh taoloning O'z mezon va andozasi borki, u ham bo'lsa erta qiyomat kunida insonlarning qalbi va amallariga qarab hisob-kitob qiladi.

Qalbning qotishida ko'plab sabablar bor. Ularning eng asosiylaridan: gunohni ko'paytirib, ma'siyatda bardavom bo'lish, farz amallarni Alloh aytgandek bajarmaslik va harom amallarni xotirjam bajarishdir.

Hikoyat qilinishicha, olis bir qish­loqqa tabiblar borib, shu yerlik aholini tibbiy ko'rikdan o'tkazmoqchi bo'lishibdi. Tabiblar shikoyat bilan kelgan bemorlarga birma-bir tashhis qo'yib, muolaja qilishibdi. Ammo shuncha bemorlar orasida birortasi ham qalb kasalligidan shikoyat qilmabdi. Ilgari bunday holatga duch kelmagan tabiblar buning sababini axtara boshlashibdi. Qishloqning havosi va suvida yoki yana qandaydir shifobaxsh jihatlari bordir, deya gumon qilishibdi. Ammo birorta ham taxminlari to'g'ri chiqmabdi. Nihoyat, buning sirini qishloq ahlidan so'rashsa, keksalari shunday deyishgan: “Biz g'iybat, hasad, ko'rolmaslik, kek va adovat kabi illatlardan hazar qilamiz. Biror kimsaga nisbatan bunday munosabatda bo'lmaymiz. Aksincha, o'zaro hurmat va izzatda yashaymiz. Ana shuning uchun ham birortamizning qalb kasalligidan shikoyatimiz yo'q”.

Ko'p zikr qilish,toatlarni vaqtida bajarish,gunoh-ma'siyatlardan tiyilish,yaxshiliklarni ko'paytirish, ota-onani xizmatlarini qilib, duolarini olish,oiladagi aka-uka, opa-singil, eru xotin o'zaro yaxshilik bilan yashash,jamiyatdagi muhtojlarga yordam berish,etimlarning boshini silash,qiyomatni ko'p eslash, o'limni esdan chiqarmaslik qalb kasalligini davolaydi.

— Tilaklaringiz va duo qilsangiz…

— Ushbu muborak Ramazon kunlari nihoyasi va ulug' Hayit ayyomi arafasida Alloh taolodan yurtimizga tinch­lik, xalqimizga xotirjamlik so'raymiz. Yurtdoshlarimizga mehr oqibatli, sabrli bo'lishni tilaymiz. Aziz xalqimizning og'irini yengil qilish dardi bilan yashayotgan Yurtboshimiz boshchiliklaridagi barcha rahbarlarimiz, fidoyi shifokorlar va barcha soha vakillariga kuch-quvvat tilab qolamiz. Alloh taolo yurtimizdan bir necha oydan buyon davom etayotgan “tojlivirus” degan baloni tez fursatda daf qilishini Yaratgandan so'raymiz. Ona yurtimiz yanada obod bo'lib, har xil tabiiy injiqliklar ham elimizga boshqa ro'baro' bo'lmasligini tilaylik, inshaolloh. “Hurriyat” gazetasi jamoasining ishlariga ham zafarlar, omadlar, xonadonlariga esa baraka tilab qolamiz.

Go'zal Begim suhbatlashdi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

18 − seven =