Adabiyot — xalqning yuragi

Prezidentimizning Milliy bog' hududida yangitdan ta'mirlanib barpo etilgan Adiblar xiyoboniga tashrifidan keyingi o'ylar…

Sirojiddin Sayyid,

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi,

O'zbekiston xalq shoiri.

Mir Alisher Navoiy bobomiz “Majolis un-nafois” asarining muxtasar muqaddimasida niyat va muddaoni ma'lum qilarkan, shunday so'zlarni bitadilar: “… Bu jihatdin Sulton Sohibqironning humoyun valodatlari zamonidin ro'zafzun davlatlari davronig'achakim, qiyomatg'acha barqaror va olam inqirozig'acha poydor bo'lg'ay, ulcha faqir eshitibmen, ammo xizmatlarg'a yetmaymen va ulcha xizmatlarig'a yetibmen, ammo holo bu fano doril-g'ururidin baqo doris-sururig'a intiqol qilibdurlar va ulcha holo bu farruh zamonda namoyandadurlar va ul hazrat zoti malakiy sifotig'a madh saroyandadurlar, jam' qililg'ay va har qaysining natoyiji tab'din biror nima nishona yo'sunluq yozilg'ay. Chun bu maqsudg'a yetildi, oni sekkiz qism etildi va har qismi nafis bir majlisg'a mavsum bo'ldi va majmuag'a “Majolis un-nafois “ ot qo'yuldi…”

Muqaddimaning muqaddimasi Yaratganga nazmiy hamd va maqtov satrlari bilan bosh­lanadi:

Yuz hamd angakim yasab jahon bo'stoni,

Aylab yuzu zulfini gulu rayhoni.

Qildi yasag'och bu bog'i ruhafzoni,

Nazm ahlin aning bulbuli xush ilhoni…

… Bog'i Ruhafzo. Bog'i Dilkusho. Samarqandda – Bog'i Shamol. Toshkentda – Adib­lar xiyoboni, ya'ni Adabiyot bog'i. Adabiyot – adab va yod yanglig', Abadiy yod, Abadiy hayot misol jaranglaydi. “Chun adam sahrosidin keldim vujud ayvonig'a” deydilar hazrat Navoiy. Bu satr­ning davomi, aniqrog'i, bardavom va barhayotligini, shu paytga qadar Oliy Majlisgohning muhtasham binosi tomon sersukut va o'ychan holda boqib turgan bobomizning yangi davru zamonamizda sharafli rutbalariga munosib qibla tomonga qarata qo'yilgan siymolariyu, ul benazir zotning maqomlariga yarasha yurtimizning eng baland ayvonidan baland nomlariga loyiq hurmat-ehtiromlari joyiga tushganligi – ulug' bobokalonimiz Abadiyat ayvonidan mangulikka qadar safarlari davom etayotganidan dalolat bermaydimi?..

Adiblar xiyoboni. Adabiyot bog'i. Abadiyat bog'i.

Mamlakat Prezidenti muhtasham yodgorlik poyiga gul qo'yib,  hurmat va ehtirom ko'rsatarkan, bunda yig'ilgan adabiyot va ma'rifat ahli – shoir  va yozuvchilar bilan jiddiy suhbatlashib, jiddiy savollarni o'rtaga tashladi.

– Adabiyot xalqning yuragi, – dedi Prezident, – elning ma'naviyati ko'zgusi. Bugungi murakkab zamonda odamlar qalbiga yo'l topish, ularni ezgu maqsadlarga ilhomlantirishda adabiyotning ta'sirchan kuchidan foydalanish kerak. Ajdodlar merosini o'rganish, boy ma'naviyatimizga munosib buyuk adabiyot yaratish uchun hamma sharoitlarni hozirlaymiz.

O'ylab ko'rilsa agar, Davlat rahbari ke­yingi ikki-uch yil davomida eng ko'p qadam ranjida qilgan maskan Milliy bog' hududidagi Adiblar xiyoboni ekan. Suhbat asnosida buni Prezidentning o'zi ham e'tirof etdi. Yaqin tarix sanalariga nazar tashlansa agar, bu boradagi ilk tashrif 2017 yilning 3 fevraliga to'g'ri kelarkan. O'sha yilning 18 aprelida Davlat rahbarining tegishli qarori qabul qilindi. Bo'lajak Adiblar xiyobonining me'moriy-g'oyaviy loyihasi tayyorlandi.

Hali ham esimizda: bu ma'voda, yon-at­rof hududda hozirgi Toshkent tarixi (o'shanda Ko'rgazmalar zali)dan bo'lak bosh­­qa biror-bir binoning nomu nishoni ham yo'q edi. Qish izg'irinidan diydirab turgan bog'aro suvqog'ozdan tiklangan omonat chodir ichida Davlat rahbari ilk marotaba bu mas­kanda Yozuvchilar uyushmasi uchun yangi imorat va adiblar xiyoboni barpo etish to'g'risida so'z boshlagani asnosida xuddi orzu va niyatning oqligini tasdiqlaganday pag'a-pag'a laylak qor yog'a boshlagan edi…

Haqiqatan ham, niyatlar oq ekan, mana, bugunga kelib, oradan hech qancha muddat o'tmay, o'sha manzilu makonda jannatmonand, firdavsmaqom Adiblar xiyoboni bunyod etildiki,  adabiyot va adab ahliga bag'ishlangan bunday ko'rkam ma'vo boshqa mamlakatlarda topilmasligi muqarrar. Bu xulosamizga xiyobonning yaxlit me'moriy majmuasiyu did va farosat   bilan bunyod etilgani, gullar va daraxtlar, yo'laklar va chiroqlarning bir-biriga uyg'un va mutanosibligigacha guvohlik berib turibdi.

Shu o'rinda muhtaram Prezidentimizning bundan uch yil avval, 2017 yilning 3 avgust kuni mamlakat ijodkor ziyolilari vakillari bilan uchrashuvdagi ma'ruzasidan muhim bir iqtibosni keltirmoq joiz: “Bizning havas qilsa arziydigan buyuk tariximiz   bor, havas qilsa arziydigan ulug' ajdodlarimiz bor, havas qilsa arziydigan beqiyos boyliklarimiz bor va men ishonaman, nasib etsa, havas qilsa arziydigan buyuk kelajagimiz, buyuk adabiyotimiz va san'atimiz ham albatta bo'ladi”.

Bu da'vatkor va tarixiy so'zlar aytilganiga hali hech qancha vaqt o'tmagan bo'lsa-da, mana bugun – tarix 2020 yil 20 may sanasi kuni olam ahli havas qilsa arziydigan binoyiday Adiblar xiyoboni ham tap-tayyor bo'lib turibdi!

Hech qanday istiholasiz ochiq aytish mumkinki, Prezident Adiblar xiyobonini o'zgacha zavqu shavq, hayrat va hayajon bilan kezib chiqdi, ko'zdan kechirdi. Davlat rahbarining izidan shoir-yozuvchilar qancha ildamlanmasin, u kishiga baqamti qadam tashlashga ulgurmay qoldi. Shoirlardan kimdir yengil mutoyiba qildi: Adabiyot zamondan orqada qolmasligi kerak!..

Ustoz Erkin Vohidovning sersukut siymosiga qarar ekan, Prezident birpas o'yga tolgandek bo'ldi. Beixtiyor bundan ikki-uch yil avval aytgan, bugun ham suhbat chog'i bir eslab o'tgan “Mening ham armonlarim bor…” degan gaplari ko'nglimizdan kechdi. Shu o'rinda ustozimizning salkam o'ttiz yil avval bitgan satrlarini esladik:

Agarchi ismim Erkin,

Erki yo'q bandi kishan bo'ldim,

Ko'zim bog'liq, dilim dog'liq,

Tilim yo'q, besuxan bo'ldim…

Chekibdur Boburu Furqat

Vatan hajrida afg'onlar,

Men ersam, vah, ne g'urbatkim,

Vatanda bevatan bo'ldim.

Ishonchim bor, Vatan, bir kun

Kelar chun nurli davroning,

Degayman shunda chin Erkin,

Chin inson qaytadan bo'ldim.

Ushbu she'rning avvali bilan oxirgi satrlari oralig'idagi masofa yigirma to'qqiz yil! Yigirma to'qqiz yildan keyin –Davlat rahbarining sidqidil e'tiboriyu bu hurmat-ehtiromning amaliy ifodasi  bo'lmish Adiblar xiyoboni timsolida ro'yobga chiqqan orzu, ushalmas armonlar muborak bo'lsin, aziz ustozlar!..

Zahiriddin Muhammad Bobur, Berdaq, Ogahiy, Muqimiy va Furqat. Bir tomonda millatparvar jadid bobolarimiz: Abdulla Qodiriy, Cho'lpon, Abdulla Avloniy, Mahmudxo'ja Behbudiy.

Ustoz Hamid Olimjon “Eng gullagan yoshlik chog'imda” debon hozir yoningizga tushib keladiganday. Yelkalari uzra qaldirg'ochlar charx urib turibdi. Zulfiya opa o'tirgan holatda “E'zozlar, hurmatlar uchun tashakkur” deb turibdilar. Garchand xiyobonda oralari uncha uzoq bo'lmasa-da, o'rtada necha-necha umrlik dardu firoq, muhabbat va sadoqat manzillari turganini yurak-yurakdan his etasiz…

Muhtasham qoraqalpoq adabiyotining azamat namoyandalari O'zbekiston Qahramonlari Ibroyim og'a, To'lepbergan bobolar – xalq-Vatan oldidagi qarzini so'z bilan to'lab bergan bobolar. Abdulla Qahhor, Oybek domla, G'afur G'ulom muallim, Said Ahmad domla, Saida Zunnunova… Domla Ozod Sharafiddinov. Va albatta, Aleksandr Faynberg, Muhammad Yusuf…

Hozircha ushbu majlisda Maqsud Shayxzoda muallim ishtirok etmayaptilar. Bir zamonlar “Xiyobon” kitobini yozib, ta'na-malomatlardan biyobonga aylangan Shayx domlaning muborak siymolari o'rnatilish arafasida…

Va ushbu anjumandagi barcha sohibkalom va sohibqalamlarga donishmandona qarab turgan ustoz Abdulla Oripov…

Qiyin zamonlarda, og'ir davrlarda ijod qilgan, xalq va millat dardini kuylagan aziz va qadrli ustozlar, muallimlar. Ular so'zga, adabiyotga xiyonat qilmadilar. So'zni yerga urmadilar. So'zni, she'rni Vatandek, Vatanni yuksak so'z va she'r singari qadrladilar.  Adabiyotni Vatan deb, Vatanni Adabiyot deb bildilar. Shu sadoqat va matonatlari bois halollik va poklik bilan millatning ulug' adiblari maqomiga erishdilar.

Har qismatga har kimning davroni sabab bo'lgay,

She'r un cheksa shoirning armoni sabab bo'lgay,

Men faxr etsam, umrimning har oni sabab bo'lgay,

Topgan toj-taxtim mening jonajonim she'riyat,

Eng oliy baxtim mening onajonim she'riyat.

Adiblar xiyoboni. Adabiyot bog'i. Abadiyat bog'i.

— Men  sizlarga mavzu berdim, —dedi Prezident, — endi buni nazariy, amaliy jihatdan to'liq yuzaga chiqarish — Sizdan…

Mavzu jiddiy, vazifa jiddiy, mas'uliyat benihoyat jiddiy.

Adiblar xiyoboni birgina adiblarning emas, butun xalqniki, millatniki, millat kelajagi bo'lgan yoshlarniki. Adabiyot, kitobxonlik o'rnini internetga boy berib qo'ymaslik kerak. Adabiyot va kitob o'zining azaliy o'rni va maqomini qayta zabt etmog'i uchun ham bu ishga oliy o'quv yurtlari keng jalb etilishi lozim. Shuning uchun ham har bir haykal – majmua bittadan oliy o'quv yurtiga biriktirildi. Adabiyot, barcha oliy o'quv yurtlari – institutlar, universitetlar orqali mushoiralar tanlovlar vositasida tinimsiz o'qitilishi, tinimsiz targ'ib qilinishi shart va zarur deyildiki, bu ishlar, bu harakatlar viloyatlar miqyosida ham keng amalga oshirilishi kerak…

Adiblar xiyoboni. Adabiyot bog'i. Abadiyat bog'i.

Bu shunchaki bog' emas, shunchaki yozuvchilar xiyoboni emas. Xiyobonga jon kiritish kerak, yodgorliklar jonli tilda so'zlashi, gapirishi, ta'lim va tarbiya, did va farosatga, bilim va ma'rifatga xizmat qilishi kerak.

Bundagi Toshkent tarixi muzeyi, bu yerdan chiqib borib ko'rganimiz, barcha ijodkorlarni  tom ma'noda hayrat va hayajonlarga solgan eng zamonaviy “Bolalar milliy tibbiyot markazi”dagi hayratomuz manzaralar – yangi O'zbekis­tonimizning yorqin va porloq sahifalari yanglig' tarix zarvaraqlariga naqsh etib qoldirmoq qalam ahli zimmasidagi burch va mas'uliyatdir. Sababi, davru zamon o'z Yo'lboshchisi timsolida bu muhtasham inshootlarni Vatan va xalq manfaati yo'lida ko'z o'ngimizda bunyod etdi. Hech nimarsa osmondan o'zi tushmaydi. Hech bir narsa o'z-o'zidan bino bo'lmaydi. Buning ma'naviy-ma'rifiy ahamiyati beqiyosligini anglagan holda, so'zimizni Davlatimiz rahbari Adiblar xiyobonida nomini bir necha marta yuksak ehtirom bilan tilga olgan Muhammad Rizo Ogahiy bobomizning bugungi kunlarni bashorat qilib bitgan satrlari bilan yakunlamoqni lozim topdik:

Har kim o'qusa, duo bila yod etgay,

Ruhimni bu yod etmak ila shod etgay.

To Tangri aning bu karami borasida

Joyini ikki jahonda obod etgay.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

three × 3 =