Afsus, asal qoldi-da…

Avtobus juda ajoyib ulov. Bu yerda turli fe'lli odamlar to'qnashadi. Bilib-bilmay bir-birini kuzatadi. O'zing istamagan holda kimningdir suhbatiga guvoh bo'lib qolasan. Bu gal ham o'rindiqdosh ayolning kutilmaganda telefoni jiringladi. Qo'ng'iroqmisan qo'ng'iroq. Xuddi ko'cha eshigi qo'ng'irog'idek jarangdor. Ayol xayol surib o'tirgan shekilli cho'chib tushdi. Shoshib menga qaradi. Keyin apil-tapil nimchasi cho'ntagini kavlab telefonini oldi, qulog'iga tutdi.

— Vaalaykum assalom. Shapag'at senmisan?! Hozir xayolimdan o'tib turganding. Tinch­misan, ering, qaynonang yaxshimi?.. Menmi, yo'lda, avtobusda edim. Ha, yaxshiman, ha hamma tinch. Ha-a. Nima? Asal deysanmi? Qancha ekan?.. Xafa bo'lmaysan-da… Yo'q, qimmatmas, yaxshi. Lekin hozir issiq suvga pul to'lab kelyapman. Uch oyligi to'planib qolgandi… Qiziqmisan, Rasuljon ikki oydan buyon uyda o'tiribdi, ish yo'q… Yo'q, undaymas, ishxonasiga xomashyo kelmabdi, shunga… Vay-y, shu paytda asal yalashga balo bormi, deydi-da… Sotish?.. Shoshma-chi, singlinga telefon qilay, — ayol shunday deb raqam terishga tushdi.

— Karomat, vaalaykum assalom. Tuzukmisilar, bolalaring bog'chaga ketdimi… Kuyov ishdadir… Ha, yaxshi. Telefon qilayotganim, xolangni qo'shnisi asal sotayotgan ekan. Asali toza, avval olgandim, zo'r!.. Yo'q, naqd pul berish kerak. Aksiga olib men pensiyamni ishlatib qo'yuvdim. Nima qilishga hayronman, shunga, senga… Nima? Nega topganimni akang­ni bolalariga sarf qilarkanma-an. O'zlari ishlab topsin! O'ylamay gapiraverasan-a, tavba.

O'xshamadi shekilli, arazlagan bo'lib telefonini o'chirdi. Endi hayriyat-ey, deb turuvdim, “o'rindiqdosh” yangi raqam terdi:

— Allo, Saodat, ha menman. Yo'q, hali uyga kirolganim yo'q. Saodat, eshit, xolangni qo'shnisida toza asal bor ekan. Bolangni sovug'i oshganidan qovug'i bo'shab qolgan devding, senga ham kerak o'zi, kindigining ostiga toza asal sursang joyini boshqa ho'l qilmaydi. Nima?.. Narxi?.. Baland­mas, ellik ming. A? Pensiyamdan?.. Shunaqami, qo'y, xafa bo'lma, hammasi tushunarli…

Ha, yana nima? Nima deysan?.. balandroq gapir, yaxshi eshitmayapman. Qaysi to'yona, o'g'lingni sunnatigami? Nega to'yonani gapiryapsan?.. Berganimdan kam chiqibdimi?.. Vay. Qancha?! Yo'g'-e, qizim, o'zim sanagandim, naqd bir million edi… Bilaman, yolg'on gapirmaysan… Ha… balki, adashgandirman… Xo'p-xo'p, to'plab qo'yaman… Bo'pti, yaxshi o'tiringlar… Kuyov deysanmi?.. Ha, o'zing bir amallab uzrimni aytib qo'y! Men xolangga asal kerakmas ekan, deyman…

Men mung'ayib qolgan ayolni chalg'itish uchun gapga tutdim.

— Qizlaringiz bilan gaplashdingizmi?

— E, o'lsin, qattanam shu singlim asalni aytdi. Yo'q narsaga shuncha yuragimni siqdim. Qizlarimning bittasiyam loaqal, mayli siz oling, pulini men beraman dema­di-ya! Qaytanga yo'q joydagi gaplarni kavlaydi. Kuyovga bergan to'yonamdan o'ttiz ming kam chiqqanmish. Axir, o'zim sanaganman!

Aslida-ku, shu kuyovdan men bir so'mlik foyda ko'rmaganman. Yetti yillik kuyov bu, haligacha bir marta ham oyi, demagan. Qizim ham g'alati. Uning gapini menga oqizmay-tomizmay yetkazadi. Nima emish, odamning onasi bitta bo'larmish. To'g'ri, lekin ko'ng­lim uchun til uchida bo'lsa ham oyi desa bo'ladi-ku! Bir joyi kamayib qolmaydi-ku. Men topganimni u dunyoga or­qalab ketarmidim, topganim shularniki-ku. Odam qarigach yaxshi gapning gadosi bo'lib qolarkan-da. Ha mayli, aytishadi-ku, bitta tog'oraga 10 ta tog'oracha sig'ar ekan, o'nta tog'oracha bitta tog'orani sig'dira olmas ekan, deb.

Nima ham dey, orqamda qolishsa bo'ldi. Uzr, sizni ham tashvishimga sherik qildim. O'zi, hamma sirimni aytadigan oltmish yillik qadrdon qiz o'rtog'im bor. Har oyda bir ko'rishib hasratlashib olamiz. Bolaligimizni eslab kulamiz, bugungi tashvishlarni aytib hasratlashamiz. Ancha yengil tortib uyga qaytaman. O'g'limni bolalari juda mehribon. Ularni ko'rsam barcha qayg'umni unutaman…

Yonimdagi ayol shundan so'ng menga qarab siniqqina jilmayib qo'ydi. Shu chog' shartta yonimdan pul chiqarib, mana opa manovi pulga asal oling, nabiralaringizga yediring, meni duo qilsangiz bo'ldi, degim keldi. Biroq menga qaraganda ko'zlarida yongan g'ururni, so'zlarida uyg'ongan mehrni ko'rib, negadir bunga jur'at qilolmadim. Ko'z oldimda akam olib bergan atlasni menga ilingan onam namoyon bo'ldi…

Albatta, bu karantindan oldingi voqea edi. Faqat shuncha gap odam liq to'la avtobusda bo'lgani ko'ngilni yanada xijil qiladigan jihatlardan biri edi…

Muhabbat Hamidova.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

19 + fifteen =