Omonat va matonat
Mamlakatimizda Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan G'alabaning 75 yilligiga bag'ishlangan tadbirlar, ilmiy-amaliy va ijodiy izlanishlar davom etmoqda.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ta'kidlaganidek, barchamiz, avvalo, o'z jonini ona yurt uchun qurbon qilgan vatandoshlarimizning ruhi poklari oldida bosh egib, ta'zim qilamiz. Urush va mehnat fronti qatnashchilarini — azmu shijoatli, dovyurak ota-bobolarimiz, sabr-matonatli onalarimiz, momolarimizning nomlarini hurmat bilan tilga olamiz.
Elchi Abdusalomov ham ana shunday yuksak ehtiromga loyiq insonlardan. Hayot bo'lganida 100 yoshni qarshilar edi. Urush yillarida jang maydonlarida va undan keyingi davrda mehnat jabhasida ko'rsatgan jasorati ibratga munosibdir.
Nomus
Ming to'qqiz yuz qirq birinchi yilning yozida Sirdaryo viloyatidagi Xovos tumanining Sovat qishlog'iga kelgan birinchi “qora xat” Abdusalom boboning qaddini bukdi. To'ng'ichi – Yo'lchining ko'ksini dunyoga balo-qazodek yopirilgan fashistlarning o'qi tilkalab o'tgan edi.
Sabr-bardoshli dehqonning bir qora tunda quyuq sochlari oqarib, oppoq yuzlari ko'mirdek qorayib ketdi. Lekin na o'zi, na xotini uvvos tortdi. Sasini chiqarmay, ichidan kuydi.
Yo'li chimildiqdan avval oxirat sari tushgan Yo'lchidan na gumona, na nishona qoldi.
Ota-onasiga ham taskin, ham suyanchiq bo'lib turgan Elchiga navbat kelgan edi. Yarim dunyoni o'z zabtiga olgan urush va ajal sharpasi har qadamda, har soniyada sezilib turardi.
Er-xotin tun-kun shukr qilardiki, “qora xat” oralagan oiladan ikkinchi farzand harbiyga olinmayotir. So'ng bu umid ham urushning qurboniga aylandi.
Oila tahlika bilan kutgan o'sha xazonrezgi faslning sovuq oqshomi mo''jaz hovlidagi pastqamgina paxsa uyga sassizgina kirib keldi:
— Men endi boray, ota! — dedi ikkinchi o'g'il. — Oq fotiha bering!
Ona izillab Elchining bilagiga yopishgan joyida eri unga yalt etib qarab qo'ydi. Iqbolxon aya tamizli ayol edi. Uni o'chdi. To hanuz bu oilada tutum shunday – ayol er izmini o'zi uchun qonun yoki zug'um emas, sharaf deb biladi. Uning zaifaligi emas, donoligi, ulug'ligi shunda. Ro'zg'oridagi qut-baraka, farzandlarining solihligi, oilasining el-yurtdagi yuksak nufuzi shundan.
Ota boshini egdi. Ichini ezib yotgan g'am battarroq o'rtadi. Yutindi. “Qult” etgan tovush baralla eshitildi. Ota go'yo tomog'iga tiqilgan toshni yutdi.
Keyinchalik, oradan qariyb oltmish yil o'tgach, 2000 yili, yoshi saksondan oshib, farzandlari bilan rozi-rizolikda Yartaganga omonatini topshirish fursati yetganida, Elchi Abdusalomov bu manzarani bot-bot eslar, ko'z oldiga keltirar ekan, “otam, rahmatli, juda bardoshli odam edi”, deydi va xorg'in ko'zlari, yuzlari yorishib ketadi.
Farzand dog'i ezib tashlagan Abdusalom bobo kamsuqum va kamgap bo'lsa-da, ichimdagini top emasdi.
— Shoshilmasang bo'lardi, bolam, — dedi.
O'g'il keng peshonasini siladi:
— Odamlarning ko'ziga qaray olmayapman, ota. Mendan boshqa hamma ketib bo'ldi…
— Seni olmaydi-ku? Akang shahid ketgan…
— Oladi. O'zim ariza beraman…
— Mayli… Baraka top, o'g'lim!
Ota qadoq qo'llarini duoga ochdi, xira tortgan ko'zlaridan oqayotgan yosh yuzlarini beayov kuydirayotgan ona qo'shildi:
— Yo Xudovandoi karim! Bolamizni O'zing panohingda asra!
Ikki kundan so'ng bag'riga bosib xayrlashar ekan, ota:
— Dadil bo'l, o'g'lim! — dedi ovozi titrab. — Qo'rqishga o'rganma. O'rgansang, ko'p qiynalasan. Esingda tut: Gitlerning emas, Xudoning aytgani bo'ladi!
Balki bu gaplar bugun kimlargadir muallifning to'qimasi bo'lib tuyilar: “Ja-a, opqochadi-da, bu, jurnalistlar! Bandasi jahannamga ham o'zi iltimos qilib kirishi mumkinmi?”.
Mumkin!
O'sha bandaning ori, nomusi bo'lsa, kirishi mumkin!
Qishlog'ida qurol ko'tarishga qurbi yetgan erkakning hammasi frontga ketib, eri, otasi, o'g'li, aka-ukasi jangohlarda qon kechib yurgan chol-kampir, xotin-xalaj, bola-baqraning orasida o'sha osiy banda — yigit yolg'iz o'zi serrayib qolgan bo'lsa. Ularning alamli, g'amnok nigohlariga, ta'nalariga dosh berishi o'limdan qattiq azobga aylansa, Vatani va xalqining taqdiri xavf ostida qolsa, jahannam o'tiga kiradi!
Hech kimni, hech qachon urushga ketgulik qilmasin!
O'n to'qqiz yoshli Elchiboy onasi qavib bergan choponini askarlik shneliga almashtirdi. Kattarqo'rg'onning biqinidagi harbiy mashq maydonida umrida birinchi marta qo'liga miltiq oldi.
So'ng poezd uni minglab tengqurlari kabi Ovrupa tomonlarga olib ketdi. Yo'l-yo'lakay ulangan vagonlardan eshalon cho'zilib, ulardan joy olgan navqiron yigitlarning safi kengayib boraverdi.
Bunday eshalonlar Ikkinchi jahon urushi davrida o'zbekning, to'rt yarim millionlik O'zbekiston aholisining bag'ridan sug'urib olib ketgan farzandlari — qariyb ikki million. Shuncha odam urushga safarbar etilgan.
Moskvaga yigirma chaqirim qolganida eshalonni ikki samolyot o'qqa tutdi. Izidan “qora quzg'unlar” galasi bomba yog'dirdi.
Qiyomat qo'pdi.
Boyagina bir-biri bilan chaq-chaqlashib kelayotgan qancha yigit vagonlardan sakrab, oq dasturxonga ag'darilgan sedanadek sochilib ketdi. “Oh” deyishga ulgurmay, tutday to'kildi.
“Dadil bo'l, o'g'lim!”.
Abdusalom boboning ikkinchi o'g'li, kechagi dehqon yigit, endigi oddiy askar, Elchiboy Abdusalomov birinchi marta ajal bilan shu zaylda baqamti keldi. Urushning dahshatini, bosqinchilarning vahshiyligini, inson umrining omonatligini, hayotning shirinligini, tinchlikning qadrini shu ko'yda angladi.
Biroq ortiqcha vahimaga tushmadi: “Gitlerning emas, Xudoning aytgani bo'ladi!”.
Yovga qarshi janglarini Moskva ostonasidan boshlab, Berlingacha davom ettirdi.
Nazarkarda
Men bugun 1-Ukraina fronti tarkibidagi 307-o'qchi deviziyasi, 109-o'qchi polkining katta serjanti Elchiboy Abdusalomovning qariyb to'rt yilga cho'zilgan qirg'inbarotda necha dushmanni yer tishlatib, ne bir jasoratlarga noyil bo'lgani, qanday jangovar va davlat mukofotlariga loyiq ko'rilganini birma-bir sanamoqchi, uni ko'klarga ko'tarib, maqtamoqchi emasman.
Sodiq va sobiq jangchi maqtovga zor emas.
Vatan va xalq e'tirofi — muqaddas!
Mahobatu mulozamatlarga tobi yo'q Elchiboy Abdusalomov bayramlarda, o'zi aytmoqchi, “poshshoyi libosini” kiyganida, kostyumiga taqilgan orden-medallarning og'irligidan “beli bukchayib qolardi”.
Nevaralari ko'p so'rashardi: “Mana bu ordenni qaerda, qachon olgansiz, buva? Bunisini-chi?..”
U aksari sobiq jangchilar singari urushda ko'rgan-kechirganlari haqida gapirishni hushlamas edi. Na uyda, na rasmiy, norasmiy uchrashuvlarga chorlanganida. Tan yarasining bitishi oson, qalb yarasining yuzini hech qachon qo'tir bosmaydi. Jangchidan urush haqida so'ragandan ko'ra, qo'liga ketmon, oyog'ining ostiga yetti tanob yer bergan avlo. Sovuqqa oldirgan ikki oyog'i zirqirab, bomba-yu snaryadlarning tanasida qolib ketgan va rentgenga solinganida kumushdek yaltirab ko'rinadigan po'lat parchalari ninadek sanchilayotganiga qaramay, bir pasda o'ynab-kulib ketmonlab tashlaydi o'sha yerni.
“Barakalla! — deydi keyin ajin bosgan peshonasidagi terni artar ekan. — Barakalla, bo'tam! Maza qildim!”
Bunday faraxli damlarni Elchiboy Abdusalomovning farzandlari, nevaralari, hamqishloqlari ko'p ko'rgan.
Shunday bo'lsa-da, ayrim voqealarni humchoynakdagi qaynoq choyni xo'play-xo'play aytib bergan. Aytar ekan, har gal qora terga tushib ketgan:
“Yusuf aka degan ko'p yaxshi odam bo'lgich edi. Kelbati, rahmatli, Yo'lchi akamga tortib ketardi. Asli o'zi Iosif. Iosif Levin. Ota-onasi ruhoniy o'tgan. Men “Yusuf aka” derdim. Novchagina bo'lgani bilan, o'zi arg'amchiday ingichka, mendan bir-ikki ko'ylakni ko'proq to'zitgan yigit edi. Xudo bilimdan bergan, toza ko'ngildan siylagan. Lekin qizlarday tortinchoq. Sal narsaga kalovlanib, gapini yo'qotib qo'yardi. Ikkalamiz bir-birimizga botishib, aka-uka tutingan edik. Ay, odamning yaxshisi edi-da, bechora! Qancha yaxshi yigitlar juvonmarg ketdi-ya!.. Sanab-sanog'iga yetolmaysan. Tirik yurganida qancha yaxshi ishlar qilardi-ya, bechoralar!..”
Prussiya poytaxti Kyonigsberg (hozirgi Kaliningrad) shahrini ozod qilish uchun boshlangan va roppa-rosa 103 kunga cho'zilgan janglar davom etmoqda edi. “Sherman” deb olamga dag'dag'a solgan Gitler, kuni bitayotganini sezib, quyon terisini izlashga tushgan. Fashistlar qocha-qocha bekingan joy — quyuq o'rmon orasidan chiqib, tepalik sari bot-bot hujumga o'tadi. O'rtada — sayxonlik.
Bu gal guvillagan tovush keldi. Bu oddiy qurol emas, vermaxtning ishongan qo'rg'oni edi. Gitler zirxli tanklarini ishga solsa, har qanday jangda qo'li baland kelishiga ishonardi. Na o'q oladi, na snaryad.
Elchi Abdusalomov bir fazilati bilan quroldoshlarining nazariga tushgan edi: har qanday sharoitda, har qanday xavf taxdid solganida, o'zini yo'qotib qo'ymaydi. Buni ko'plar jo''mardlikka yo'ysa, birovlar sovuqqonligida deb bilar, boshqalar zehnining o'tkirligidan ko'rardi.
Sochlariga oq oralagan maktab o'qituvchisidan to endi o'n sakkizga kirgan yigitgacha jang qilayotgan o'n bir kishilik bo'linmada tahlika boshlansa, hamma shu nozikkina o'zbekning og'ziga qaraydi. Nazarkarda.
Boshliqlar Iosifni bo'linma sardorligiga tayinlamoqchi bo'lganida, yahudiy yigit darhol rad qildi: “Qo'limdan kelmaydi! Elchi bo'lsin. Men xat-hujjatida qarashib turaman”.
…Ikki “Tigr” (“Arslon”) qalin qorni qumdek to'zg'itib, mast tuyadek dahshat solib kelaverdi. Bu qurol, ulay-bulay qo'shinga emas, vermaxtning eng sara, eng ishongan harbiy qismlariga, eng muhim janglar davom etayotgan joylarga yetkazib berilardi.
“Granata!”, deb pichirladi sardor.
“Granatani tayyorlang!”, degan ko'rsatma istehkom uzra og'izdan-og'izga ko'chdi.
Tanklar ortida bir gala piyoda ko'rindi — niqoblangan — oq xalatda. Ilg'ash qiyin.
“Yigirmata ekan, yaramaslar! — dedi kimdir. — Har tankning orqasida o'ntadan!”.
Na pulemyotidan, na to'pidan o't ochmasdan varanglab kelayotgan ikki tank tuyqusdan ikki tomonga burildi.
“Yusuf aka, siz — o'ngga o'ting! — deb buyruq berdi endi Elchiboy. — Men — chapga! Qolganlar — o'rtada!”.
Elchi o'zi yaqinlashib qolgan fashist piyodalarini mo'ljalga oldi. Ikki dushman quladi. Chapdagi tank okopning o'rtasiga, o't ochilgan tomonga keskin burildi.
“Juftlab bog'langan granatani ushlagan qo'llarim terlab ketgani hozirgiday esimda, — deb hikoya qilgan edi keyinchalik Elchi bobo. — G'azab kelganida joning ham ko'zingga ko'rinmay ketadi. Dushman beso'naqay tankini to'g'ri ustimga haydadi”.
Bunday paytda tank okopni o'yib-o'pirib, jangchining ustida gir aylanadi va uni loyga qorib tashlaydi. Tirik qolish gumon. Elchi Abdusalomov eng so'nggi soniyada o'zini o'ngga qarab otdi. Ikki dumalab, joyidan uzoqlashdi. O'ttiz metrlik okopda ikki bahaybat tank bir-biriga baqamti yurolmaydi.
Bo'linma sardorining umidi shundan edi.
Atrofiga loy sachratib joyida aylanayotgan ajal mashinasining po'lat zanjiri uning etigiga tegib o'tgandek bo'ldi. Qo'sh granata tankning eng zaif joyi — tagiga borib tushdi.
“Bir payt qarasam, Yusuf aka tepamda turibdi, — deb xotirlar edi Elchi bobo. — Ko'zlarida dahshat qotib qolgan. Dag'-dag' titraydi, bechora…
Faqat ikkimiz tirik qolgan edik… Bir-birimizni suyab, o'rnimizdan turdik. Ag'darilgan ikki tank ikki joyda tutab yotardi. Men pulemyotimni izlashga tushdim. Yusuf aka baqirib yubordi: “Qo'y o'sha, ordonangni!”. Qo'ymadim. Loy orasidan topib, yelkamga oldim. Uch yildan beri kunimga yarab kelayotgan qurolimni qanday tashlab ketaman!..”
Dushman maqsadiga yetolmadi.
Omon qolgan ikki Vatan himoyachisi “Qizil bayroq” ordeniga munosib ko'rildi.
Bahorga borib, Kyonigsberg fashistlardan ozod qilindi. 1945 yilning 9 aprelida yuz mingga yaqin harbiy — nemis gornizoni taslim bo'ldi. Gitler shahar himoyasini ishonib topshirgan general Otto fon Lyashni “bu hoyinligi uchun” sirtdan otishga hukm qildi.
Berlingacha “bir chopsang yetadigan” yo'l qolgan, taslim bo'lish navbati endi fyurerning o'ziga kelgan edi.
Jangchilar qisqa muddatli sokinlik chog'larida birpas tin olgisi keladi. Urushni unutishga urinib, keyingi hayoti haqida o'ylay boshlaydi. Rejalar tuzadi. Oilasini, ona yurtini sog'inch bilan eslaydi.
Elchiboy bilan Yusufboy ham shunday shirin xayollarga berilgan, bo'zarib turgan kun peshindan og'ib, ayoz qisib kelmoqda edi.
“Odessaga boramanu pedtexnikumga o'qishga kiraman, — dedi tosh ko'cha bo'yidagi xarrakka cho'kkan Iosif. — Maktabda bolalarga dars beraman. Umrimning oxirigacha qo'limga qurol tugul, osh pichoq ham ushlamayman. Ushlamayman, vassalom! Uylanaman. Bir etak bolamiz bo'ladi… Sen-chi, Sen nima qilasan, Elchi?”
Uning qarshisidagi beton to'siqda, safar xaltasining ustida omonatgina o'tirgan uka orzumand akasidan bunday savolni ilgari ham ko'p eshitgan. Har gal har xil javob beradi: men hosilotlikka o'qiyman, do'xtir bo'laman, dehqonchilik qilaman…
Elchi Abdusalomov ham bilim olishni istardi. Ammo bir monelik bor — farzandlik yuki. O'qiyman deb shaharga ketsa, keksa ota-onasi yana yolg'iz qoladi. Shuncha yil o'tar yurib, ularni yo'liga zoru ilhaq qilgani yetmaydimi?..
Nimadir gumburlab ketadi…
Uka bir haftadan so'ng harbiy shifoxonada o'ziga keladi. Chippa bitgan qulog'i eshitmaydi. Tanasining sog' joyi yo'q. Dokalab tashlangan. Yana kontuziya.
Akasini so'raydi.
“Iosif halok bo'ldi, — deb qog'ozga yozib ko'rsatadi hamshira. — Snaryad tagida…”
Nekbin
Elchiboy qirq beshinchi yili qirg'inbarotdan eson-omon qaytganida uy-ichining qanchalik boshi osmonga yetgan bo'lsa, safar xaltasidan non chiqarganini ko'rib, shunchalar sevingan. Yurtni ocharchilik zabtiga olgan.
Elchi Abdusalomovning chekiga yana og'ir yuk tushdi. Kolxoz raisiga o'rinbosar etib tayinlandi. Qo'li maktab daftari-yu ketmon, qurol-yarog'dan boshqa narsa ko'rmagan yigirma to'rt yoshli yigit elga bosh bo'ldi.
Qishloq ahlining suprasi — un, qo'rasi — qo'y-qo'zi, qozoni yog' ko'rmaganiga necha yillar bo'lgan. Yontoqning tikan aralash sarg'imtil shakari-yu xom chigitning kunjarasini yeb, shishib o'layotganlar frontda daydi o'qqa uchganlardan kam emas. Mo''jaz qishloqda kunda-kunora janoza. Hovli-joy to'kilib bo'lgan. Ulovdan, texnikani qo'yavering, na ot, na arava qolgan.
Ketmon ko'taradigan korranda izlasang, izillagan xotin-xalaj, chol-kampir va qorni nonga to'ymagan rangpar o'smirdan boshqa odam topolmaysan. Big'illagan beva-bechoraga qanday dalaga chiq, deysan?
Kishvaridan yovni haydagan jangchilarning holi yana tang keldi: g'olib davlatini zabt etgan judolikka, vayronagarchilikka, ochlikka qarshi kurashish, ezilgan odamlarning o'ksik ko'nglini ko'tarish fashistlarga qarshi jangga kirishdan oson emasdi.
Najot — mehnatda. Dalada.
Kolxozchilar uy betini ko'rmay, shox-shabba, xas-xashak, yontoqdan tikka qilingan omonat kapalarda yashab, oylab ishladi. Erta ko'klamdan qora kuzgacha hosil dardida ter to'ksa, qishda kanal qazib, ariq tortdi.
Elchiboyga qarasangiz, hosilot (agronom) ham o'zi, hisobchi-yu tabelchi ham o'zi, xirmon qorovuli-yu aravakash ham o'zi. Ish buyursang, yo'q deydigan odati yo'q. Doim zayli bir: vazmin va adolatli.
Shuning uchun 1949 yili Mirzacho'lni o'zlashtirish boshlanib, Boyovut tumanida ochilgan yangi kolxozga Elchiboy rais etib tayinlanganida birov ajablanmadi.
Yangi xo'jalikda yer mo'l, tashvishi undan ham ko'p edi: na bir qo'nqaygan imorat, na bir uy, na biror texnika va tayinli korrandasi bor. Atrof — otliq oralasa, boshi ko'rinmaydigan yantoqzoru yulg'un bosgan biyday dala. Oldi — izillagan qish.
Elchiboy hamqishloqlari bilan birga yana ketmonu belga, zambilu cho'kichga yopishdi. Kunduzlari ariq olib, tunlari yerto'la kovladilar. Shu zaylda, avval o'n, keyin yigirma chog'li ro'zg'or “uyli bo'ldi”. Yerto'lalardan biri yosh oilali raisning ham uyi, ham idorasiga aylandi.
“Kulmang, — deb miriqib hikoya qilardi keyinchalik kolxozini Sirdaryo viloyatining eng dongdor xo'jaligiga aylantirgan O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan qishloq xo'jaligi xodimi Elchi Abdusalomov. — Qiyini qishda bo'lardi. Qoru yomg'ir shitob yoqqanida yerto'laning shox-shabba ustiga sholcha yopilgan “eshigi” ertalabgacha muzlab qolardi. Qattiqroq turtsang, sinadi. Yerto'lasidan bir amallab ertaroq chiqqan odam boshqalarning “eshigi”ni qordan tozalab, ochishga ko'maklashardi. Qarasangiz, hammaning og'zi-boshi qorayib, kiyimini qurimu is bosgan. Shunday bo'lsa-da, odamlarning ruhi baland. “Ikkiora bir ishton, qaytib chiqamiz qishdan”, deb hazil-huzul ham qilib qo'yishardi”.
Yosh rais, xushro'y, xushgo'y va nekbin odam emasmi, hammaning tilini topib, boshini qovushtirdi. Odamlarning qilday ishini, fazilatini fildan oshirib alqadi. Xato qilsa — kechirdi, o'zidan o'tsa — munkir kelmadi. Vaqti bilan ish haqiniyam bas deguncha berdi.
Tez orada ko'tarma ariqdan oqqan suv egatlarda jildirab, paxtazori shonalab, g'allazori shovullab qoldi. Chorvasining tagidan shamol esib, parrandasining qanoti osti polaponlarga to'ldi.
Kecha omoch bilan tirnalgan bo'z yerlarda traktorlar gurullay boshladi. Yerto'lalarning o'rnida avvaliga bir xona, bir daxlizli “oq uylar” qad rostladi. Uylarni ko'rib, odamlarning o'mgani ko'tarildi. Rais toshkentlik me'mor Umar Mahsum bilan oshna tutinib, birga-birga o'ru qirni aylandi. Zamonaviy qishloqning tarxini chizdirdi.
Qishin-yozin yuzni achchiq tili bilan muttasil “yalab turadigan” Bekobod shamolining yo'liga moslangan ko'chalar, ko'chalarda ko'p xonali zamonaviy uylar, uylarning o'rtasida asfalt yo'llar paydo bo'ldi. Cho'lquvarlar qo'nalg'asi — Sovatobod shaharpitishli go'shaga aylandi. O'zining maktabi, bog'chasi, madaniyat saroyi, sport maydonchasi bor.
Ayni o'zgarishlarning hammasi bir kunda, bir zarb bilan bo'lgani yo'q, albatta. Bu ishlarning boshida turgan odam — Elchi Abdusalomov nufuzli oliy ta'lim muassasalarida boshqaruv san'atidan tahsil olmagan. O'rta maktabning bor-yo'g'i sakkiz sinfini, so'ng qishloq xo'jaligi xodimlarining qisqa muddatli kursini tugatgan, xolos.
U tanti, serg'ayrat, qutli-barakali, yaxshi odam edi. Yaxshiligi uchun saksondan bepisand o'tdi. Omonat dunyo ne'matlarini deb boqiy dunyosini unutmadi. Elchiboy hoji ota taqvoda qoyim, imonda mustahkam bo'ldi. Balki shuning uchun Parvardigor uni Ikkinchi jahon qirg'inbarotlarida o'z panohida asragandir! Balki shuning uchun o'zining, avlodlarining ishlariga, ro'zg'origa kushoyish bergan, berayotgandir!
Bunday umr hammaga nasib etavermaydi. Hammaga matonatni, omadni, davlatni, shuhratni beravermaydi. Berganda ham, hamma eplab ketavermaydi.
Elchi Abdusalomov Tangri taoloning sinov uchun bergan omonatiga — umriga, e'tiqodiga xiyonat qilmagan matonatli inson, Vatani va xalqini sevgan sadoqatli farzand edi.
Qulman Ochil