“Bu yerda pul ham, tanish-bilishchilik ham o'tmaydi”

deydi Xitoyning Yanjou universiteti talabasi Nigora Mamaraimova

Bugun O'zbekistonlik yoshlar dunyoning hamma yerida bor. Ular o'z iqtidorini namoyon qilib, jahondagi eng nufuzli oliy ta'lim dargohlarida o'qishmoqda, mashhur kompaniya va tashkilotlarda mehnat qilishmoqda.

Biz aynan xorijiy yurtlarda ishlayotgan, o'qiyotgan va uzoq yurtlarda o'qib, ishlab yurtimiz nomini dunyoga tanitishda o'z hissasini qo'shayotgan vatandosh­larimiz bilan suhbatlar tashkillashtirishni niyat qildik. Quyida ana shunday hamyurtlarimizdan biri bilan bo'lgan suhbatni e'tiboringizga havola qildik.

Nigora, avvalo o'zingiz haqda qisqacha gapirib bersangiz.

— 2001 yilda Jizzax shahrida tug'ilganman, Jizzax Ichki ishlar akademik litseyini tugatganman. Chet elda o'qish niyatim yoshligimdan bor edi. Xitoyning ta'lim tizimi va imkoniyatlari, shart-sharoitlari ma'qul bo'lgani uchun, qiziqqan soham bo'yicha bu davlatga o'qishga keldim. Ota-onam oddiy kishilar. Oilamizdagilar hamisha meni qo'llab-quvvatlashadi. O'qishni tamomlab, kelajakda yurtimizda turizm sohasini yanada rivojlantirmoqchiman, sayyohlarga faqat turistik shaharlarimizni emas, balki butun respublikamizdagi qadamjolar haqida ma'lumot bermoqchiman.

 

— Xitoy ta'lim tizimining qaysi tomonlari sizni o'ziga tortdi? O'zbekistondan qanday farqi va qulayliklari bor?

— Birinchi o'rinda korrupsiya yo'qligini aytishim mumkin. Yurtimizda ta'limning rivojlanishiga soya solib, tizimni ayovsiz yemirayotgan poraxo'rlikka qarshi yaxshi ishlar olib borilyapti. Baribir yuz yillar davomida chuqur tomir otgan bu illatdan bir necha yilda qutulib bo'lmaydi.

Xitoyda poraxo'rlik u yoqda tursin, hatto imtihonlarda bir-biridan ko'chirish, kimdir kimgadir yordam berish kabi holatlarga ham ko'zim tushmagan. Biz ijobiy ma'noda nihoyatda erkinmiz. Formada bo'lish, galstuk taqish yoki yigitlar uchun soch-soqol qo'yish yoki qo'ymaslik muammosi… bunday narsalarga umuman e'tibor berilmaydi va talabaning vaqti qadrlanadi. Hatto konspekt ham muhim ahamiyatga ega emas.

 

— O'qituvchilarning dars o'tish salohiyati, bilim darajasi haqida nima deya olasiz?

— Xitoyda amaliyot o'tayotgan, universitetni endi bitirgan har qanday tajribasiz kadrlar ham dars o'tib ketavermaydi. Bizning universitet dunyo top reytingi bo'yicha yuqori o'rinda turgani uchun eng oddiy ustozimiz ham doktoranturani bitirgan, fan doktori va professorlik darajasiga ega. Asosiysi — dars o'tish texnikasi va tajriba! Bu yerda yosh emas, bilim muhim rol o'ynaydi va tanish-bilishchilik, pul, kimlarningdir qo'ng'irog'i, hatto yaqinlaring­ning yuqori mansabda ishlashining ham mutlaqo ahamiyati yo'q.

 

— Xitoy tajribasini ko'rib, shu qozon ichida qaynayotgan yoshlarimizdansiz. Chin yurti ta'limidagi qaysi jihatlarni O'zbekistonda ham joriy etilishini istardingiz?

— To'g'risini aytsam, rostdan ham Xitoydagi ta'lim tizimining ba'zi tomonlarini o'zimizga ko'chirish tarafdoriman! Birinchi navbatda, shaklga emas, asosiy e'tibor mohiyatga qaratilishi, talabalar puli bor-yo'qligi yoki ota-onasining obro'-e'tibori, mansabiga qarab emas, faqatgina bilimi bilan baholanishini istardim.

 

— O'n to'qqiz yoshli o'zbek qizi uchun xorijda o'qish, ota-onasidan olisda hayot kechirish qiyin kechmayaptimi?

— Universitetda ontrakt narxi judayam qimmat. Xayriyatki, men yuz foiz byudjetda o'qiyman va kontraktga tushmaslik uchun jon-jahdim bilan o'qib-izlanaman. Qolaversa, o'zim tanlagan, yaxshi ko'rgan soham bo'lgani uchun birov majburlamasa ham o'qiyveraman. Darslar to'lig'icha ingliz tilida olib boriladi. So'nggi 8-9 yil ichida bu til bilan muntazam shug'ullanib kelaman. Shu bois o'qish zarracha qiyinchilik tug'dirmayapti. Sog'inchdan boshqa muammo yo'q…

 

— Dunyo bo'yicha vahima qo'zg'agan pandemiya davrida nega O'zbekistonga qaytmadingiz, yaqinlaringiz xavotir olishmadimi?

— Ha, Xitoyda koronavirus bilan og'rigan ilk bemor aniqlanganidayoq, ota-onam uyga qayt, deya koyishdi, nasihat, maslahatlar berishdi. Men esa uydagilarni va yurtdoshlarimizni o'ylab ortga qaytmadim. Yo'lda koronavirus yuqtirib, uni yurtimizga olib kirishdan qo'rqdim. Chet elda o'qishni maqsad qildimmi, qanaqadir virus yoki ikir-chikir masalalar meni bu yo'ldan qaytara olmasligi kerak.

 

— Pandemiya davrida o'qishlar qay tartibda kechmoqda?

— Karantin vaqtida zarracha ham qiynalmadik. Oldindan universitetimizda onlayn ta'lim yo'lga qo'yilgan. Xitoy internet tezligi eng yuqori davlatlardan biridir. 5G, 6Gni ham bemalol ishlatish mumkin va “Wi-Fi”lashtirilgan hududlar ham ko'p. Ayni paytda bizga onlayn tarzda 6ta fan o'qitilyapti. Haftaning har dushanba kuni bir necha fanlardan kitob, mashg'ulot hamda bir haftalik topshiriqlar beriladi. Talabalar yakshanbagacha uy ishlarini bajarib, We-Chat ijtimoiy tarmog'idagi maxsus ochilgan guruhlarga yuklaydi.

Ayni kunlarda Xitoyda ahvol qanday, tartibqoidalar, chet elliklarga bo'lgan munosabat haqida ham gapirsangiz?

— Mamlakat karantindan to'liq chiqib bo'ldi. Shunday bo'lsa-da, nazorat kuchli va tartib-qoidalarga to'liq amal qilinyapti. Muhojirlar, chet ellik ishchilar va bizga o'xshagan talabalar hayoti sug'urta qilingan. Mabodo, men bilan bog'liq nimadir kor-hol ro'y bersa, sog'lig'imni tiklash uchun davlatdan ma'lum miqdorda mab­lag' olish huquqiga egaman. Odatda chet ellik fuqarolar ko'chaga chiqishiga yo'l qo'yilmayapti va faqat zarur ehtiyoj yuzasidan — bank, oziq-ovqat, dori-darmon uchun ruxsatnoma bilan yurishingiz mumkin.

Zaruriy holatlar yuzaga kelganida ham universitet hududidan bir kunda faqat 10 nafar talaba ko'chaga chiqishi uchun ruxsat beriladi. Mana shunday kuchli nazorat va ko'rilgan tadbirlar natijasi o'laroq, binomiz hududidan bironta ham koronavirus yuqqan bemor aniqlanmadi.

 

— Xabaringiz bor, yurtimizda ham so'nggi 2-3 yil ichida nodav­lat ta'lim muassasalari, o'quv markazlarining faoliyati ancha kengaydi. Xitoylik yoshlar ham bizdagidek “repetitor”ga boradimi, umuman nodavlat o'quv markazlarining fao­liyati bilan tanishmisiz?

— O'zbekistondaligimda 14-15 yoshimdanoq ingliz tili fanidan abiturient tayyorlar edim, o'quvchilarim o'zimdan 4-5 yosh katta bo'lgan. Xitoyda ham faoliyatimni davom ettirish uchun ish qidirish asnosida ko'pgina o'quv markazlaridagi muhit bilan tanishdim. Afsuski, bu yerda talabaning ishlashi mumkin emasligi bois, universitet rahbariyati ruxsat bermadi.

Kechirasizu, bizdagi o'quv markazlarining birontasi qo'shimcha ta'lim bermaydi. Maktab dasturini qayta tezlashtirib o'qitish esa qo'shimcha ta'limga kirmaydi. Xitoy o'g'il-qizlari odatda faqat chet tilini o'rganish, she'riyat, jurnalistika yoki rassomchilik kabi alohida iqtidor talab etadigan yo'nalishlarda qobiliyatini rivojlantirish uchun ko'pchiligi o'quv markazlariga murojaat qiladi. Bu yerda maktab dasturi shunchalik sifatli yo'lga qo'yilganidan, qo'shimcha darsga hojat yo'q. Yana o'zim guvohi bo'lgan holatlardan biri, Xitoy yoshlari chet tili bilan hayotda qoqilib, boshi devorga urilganda emas, balki 4-5 yoshidan shug'ullanadi. Eng yoshi katta o'quvchilar nari borsa 14 yosh bo'ladi.

 

— Demak, Xitoyda repetitorga bormasdan ham, maktabdan olgan bilim bilan talaba bo'lish mumkin ekan-da?

— Xitoyda o'g'il-qizlarning miyasiga xuddi robotga ma'lum dastur yuklagan misol o'qish faqat o'zi uchun foydali ekani singdiriladi. Ular imtihonni o'qituvchi bo'lmasa ham bir-biridan ko'chirmasdan, yordam so'ramasdan yozib bera oladi. Unga: “Nega ko'chirmayapsan, o'qituvching chiqib ketdi-ku?”, desangiz, “Nimaga ko'chirishim kerak, bu o'zim uchun, ko'chirgandan nima naf?”, — deya uzil-kesil javob berishadi.

Bu fikrlarim bilan O'zbekistonda ta'lim tizimi umuman sifatsiz demoqchi emasman, bizda ham yaxshi tomonlari ko'p.

 

— Xitoyda davomat masalasiga qanday qaraladi?

— Jiddiy! Davomat kuchli nazoratga olingan. Barcha o'quv xonalari kameralashtirilgan va talabalar yuz foiz darsga qatnashayotgani, o'qituvchi darsini o'tayotgani muntazam kuzatib boriladi. Bu borada muammo bo'lmaydi. Qolaversa, xorijga o'qish uchun keldikmi, vaqtimizni behuda o'tkazishga yoki dars qoldirishga haqqimiz yo'q, deb o'ylayman.

 

— Bu yerda sizga ma'qul bo'lmagan jihatlar ham bo'ldimi yoki…

— Yo'q, albatta, menga yoqmagan tomonlar ham bor. Xitoyda juda ko'p millat vakillari yashaydi va xitoyliklarning hayot tarzi masalasi meni ko'p o'ylantiradi. Ya'ni bu yerda ota-ona­ga mehr-muhabbat, farzand tarbiyasi, oilaga sadoqat kabi qad­riyatlar deyarli yo'qolib ketgan. Bu muqaddas tushunchalar ularning ko'pchiligiga begona.

 

— Shuncha qiynalib o'qiyotga­­ning­iz­­ga yarasha yurtimizga qayt­gach, faqat eng zo'r daromadli sohalarda ishlasangiz kerak?

— Mendan ko'pchilik O'zbekistonni sog'indingmi, deya so'raydi. Ha, sog'indim! Hamma-hammasini sog'indim, uyi­mizni, ota-onam, qarindosh-urug'­larim, o'rtoqlarimni… Lekin ochig'i, kelajakda faqatgina yuksak mansab, mo'may daromad va yaxshi maosh uchun ishlashni o'ylab yurganim yo'q. Yuqori malakali kasb egasi bo'lib, Vatanimga, yurtimga foydam tegishini ko'proq o'ylayman…

Abdulaziz Ahmedov suhbatlashdi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

12 + seventeen =