Gazetaning tongi otaveradi

Hududiy nashrlar, xususan, tuman gazetalari ko'pincha o'zini hamma narsadan chetda qolgandek, gullab-yashnagan hayot poytaxtda-yu ular qoloq bir muhitning chohiga tushib qolgandek his qilishadi o'zini. Markaziy nashrdagilar esa aksincha, ularni qaynab yotgan hayotning ichida yurganligiga, hammayog'i to'la yozishga mavzu ekanligiga havas qilsa, ajab emas. Bugungi tuman gazetalarining ahvoli har birimizni o'ylantiradi. Negaki, ayni paytda poytaxt nashrlarida ishlab millat rivojiga hissa qo'shayotgan yoshlar borki, hammasi aslida tuman gazetalari maktablaridan yetishib chiqqan. Biroq bugun tuman gazetalarida ahvol qanday?

O'qishni bitirayotgan yoshlarning ko'pchiligi markazda qolishga harakat qilmoqda, bu tuman va qishloqlarda malakali kadrlar tanqisligini keltirib chiqarmayaptimi? Biz ana shu savollar doirasida Navoiy viloyati, Qiziltepa tuman hokimligi nashri bo'lmish — “Qiziltepa tongi” gazetasi doirasidagi   mulohazalarni sizlarga havola etyapmiz.

“Qiziltepa tongi” gazetasi o'tgan davr mobaynida ijtimoiy hayotdagi muammolarni ro'y-rost yoritishga, muxlislar ishonchini oqlashga harakat qildi.

Gazeta o'z o'tmishida har qanday kunlarni boshdan kechirdi. Sobiq Sho'ro davrida g'o'za zararkunandalariga qarshi kurash maqsadida dalalarga eng o'tkir zaharli dorilar sepilar edi. Ayniqsa, g'o'za bargini sun'iy to'kish maqsadida “Butefos” degan zaharli kimyoviy dori sepilganda dehqonlar nafas ololmay qolardi.

Buning ustiga, Navoiy shahridagi sanoat korxonalari sabab tuman ahli juda ham aziyat chekardi. O'sha paytlarda Navoiy elektrokimyo zavodining Qiziltepa tuman hududidagi havzasi chiqindisi 8 million tonnaga yetgan. Ana shu jarayonlarni o'rganib “Zaharfurushlarga jazo bormi?”, “Ajal havzasi va uning oldini olish uchun da'vat” maqolalari ushbu gazeta sahifalarida chop etildi. O'sha vaqtlarda yozgan har bir so'zimiz uchun javob berganmiz.

Bu 32 yillik muharrirlik faoliyatim davridagi yagona voqea emasdi.

Jamiyatdagi muammolar qarshisida hech vaqt garangsib qolmadik, yozishdan to'xtamadik. “Aroqxo'rlik fojiasi”, “O'gay bola. U nega ko'paymoqda?”, “O'quvchi nega repititorga bor­yapti?”, “Iste'molchi huquqini kim himoya qiladi?” — kabi mavzulardagi materiallarimiz tumanda yaxshigina muhokama qilingan.

Aslida gazeta o'qimishliligini faqat tanqidiy chiqishlar belgilamaydi. Uning materiallari, avvalo, odamlar tushunadigan tilda ravon yozilishi, mavzu o'qimishli bo'lishi alohida o'rin tutadi.

Bizda, (maqtanish bo'lsa ham) uch yuzga yaqin jamoatchi muxbirlar bor. Ular tumandagi maktab­lar o'quvchilari, oliy o'quv yurtlari talabalari va professor o'qituvchilar hamda faxriy otaxon, onaxonlar. Tahririyatga har kuni 15-20 tagacha xat keladi. Xatlarda ko'tarilgan mavzular gazeta sahifalariga olib chiqiladi.

Har yili turli yo'nalishda tanlovlar e'lon qilamiz. Eng qizig'i, 1979 yildan buyon tahririyatimizga jurnalist-mutaxassis kadr sifatida ikki nafargina kishi ular — bugungi kunda taniqli shoir Aziz Said va iste'dodli jurnalist Klara Bozorovalar ishga kelgan. Keyingi yillarda malakali, iqtidorli kadrlar taqchilligi yaqqol sezilmoqda.

O'tgan yillarda Homid Azimov, Mansur Aslonov, Husan Saidov, Jamoliddin Ahtamov, Istam Hasanov, Ilhom Islomov, Samad Daminov kabi iqtidorli jamoatchi muxbirlar gazeta tahririyatida ishlab, uning mavqeini oshirishga xizmat qildi. Hozirgi paytda mehnat qilayotgan Ozoda Maqsudova, Bahodir Egamov va Nasiba To'layeva kabi xodimlarimiz jamoatchi muxbirlarimizdan edi. O'zim ham o'quvchilik yillarimdan shu gazetaning muxlisi bo'lganman. O'zimning ham mutaxassisligim oliy ma'lumotli fizika-matematika o'qituvchisi, iqtisodchi, ammo jurnalistika kasbi-korim bo'lib qoldi.

Ilmiy-ijodiy hamkorlik tufayli “Qiziltepa tongi” kutubxonasi seriyasidagi tuman tarixiga oid “Qiziltepa qadi­miyatidan lavhalar”, “Qiziltepa tarixi” (I-II-III-IV nashri), “Xojagon tariqati va Xoja Hasan Andoqiy” kabi ilmiy, adabiy-badiiy kitoblar kutubxonamiz javonini to'ldirdi.

Gazetani obunachilarga yetkazish, yetkazganda ham nashr bo'lgan kunining o'zida egalarining qo'lida bo'lishini ta'minlash bugungi kunning dolzarb va og'riqli muammosi bo'lib qoldi. Yashirishning hojati yo'q, aksariyat nashrlarni obunachilar asosan kechikib oladi, ba'zan umuman ololmay qoladigan holatlar ham bor. Ushbu muammoni yechishda biz dunyo tajribasidan foydalanayapmiz. Gazetamiz haftasiga bir marta — har jumada nashr etiladi. Qariyb yigirma yildirki, gazetaga mushtariylarni to'g'ridan-to'g'ri shartnoma tuzib obuna qilamiz va o'z avtoulovimizda obunachilarga yetkazib beramiz.

“A3” formatda, 6 sahifali, 1-6-betlari rangli chiqayotgan gazetamizning 2020 yildagi yillik obuna bahosi 94000 so'm bo'lsa, adadi 7600 nusxani tashkil etmoqda.

Ayni paytda manaman degan markaziy nashrlarda ham obunachilar sonini oshirish, gazetani gazetxonga o'z vaqtida yetkazib berish kabi muammolar dolzarb bo'lib turibdi. Biroq gazeta va gazeta xodimlarining “Odamlar gazeta o'qimay qo'ydi” deb qo'l qovushtirib o'tirishga haqqi yo'q. Gazeta rost so'zni yozar ekan, qarsakbozlikdan yuz o'girar, vijdon izidan qadam tashlar ekan uning tongi, albatta qizarib otadi.

Rahim Maqsudov,

“Qiziltepa tongi” gazetasi bosh muharriri,

Xalqaro “Oltin qalam” milliy mukofoti sohibi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four × two =