Ko'chamizga qachon son tegadi?

Toshkentning markaziy ko'chalaridagi go'zal, charog'on, kaftdek tekis yo'llarni ko'rgan kishining bahri-dili ochiladi.

Afsuski, go'zal shahrimizning u yer-bu yerida hanuzgacha husnga dog' bo'lib, qishda yurgan odam tizzasigacha loyga botib ketadigan, yozda havoga ko'tarilgan changdan nafas qaytish holatini ko'rib dil-dildan ranjiysiz.

Ishonmaysizmi, unda Yunusobod tumanidagi “Baraka” uchinchi tor ko'chasiga birrov qadam ranjida qiling, o'zingiz guvoh bo'lasiz. Ishonavering, qishda kelsangiz loyga botgan, yozda kelsangiz changdan yuzini tanib bo'lmay qoladigan odamlarni, albatta, uchratasiz.

Yozuvchi Sadriddin Ayniyning tasvirlashicha, bunday loy, jin ko'chalar qadimgi Buxoroda ko'p uchrarkan. Endi u o'tgan asr, buyog'i mustamlakachilik davri bo'lgan, ammo hozir-chi?.. Mustaqil davlat bo'lganimizga qariyb 30 yil bo'lyapti. Lekin ming afsuski, uchinchi “Baraka” tor ko'chasi o'sha Ayniy bobomiz zamonidagi ko'chalardan qolishmaydi. Ko'chaning ikki tomoniga qurilgan uylarning ko'pi ikki yo uch qavatli. Haqqi rost, tor ko'chaning ikki tarafi deyarli hashamatli imoratlarga to'la. Ammo kishi havas qiladigan bu binolarning shundoq orasi hanuzgacha o'ydim-chuqur, bir zamonlar yotqizilgan shag'ali bilan qolib ketgan.

Hashamatli qasrlarda yashovchilarning ba'zilari, shunda ham o'z uylari oldiga, unda-munda bir-ikki mashina tosh to'ktirib turadi. Ammo bu toshlar ustidan yengil-og'ir avtomobillar yuraverganidan bir-ikki oyga yetmay toshning usti yana eski holatiga qaytadi. Xullas, ko'cha asfalt qilinmasa, qaysi zamonda yashayotganingni ham bilmay yuraverasan.

To'g'ri, bundan to'rt yil oldin katta “Baraka” ko'chasiga asfalt yotqizilgandi. O'shanda tor ko'cha faollari: “Bizning ko'cha asfalt qilinmaydimi?” – deb so'rashganda, mas'ul rahbarlar: “Tor ko'changiz rejaga kirmagan”, deyishdi. Axir, asosiy ko'chani asfalt qilib, uning bo'lagi bo'lgan tor ko'chalarni qarovsiz holida qoldirish yosh bolani cho'miltira turib, tog'oradan chiqib qolgan ikki qo'lini yuvuqsiz qoldirish bilan barobar emasmi?!

Xullas, bu masalada bormagan joyimiz qolmadi. Afsuski,   hech bir idoradan ijobiy javob bo'l­­­­­madi. Faqat go'dakni aldaganday odamni yupatuvchi, kelajakka umid bilan yashashga undovchi quruq va'dalargina beriladi. Mana o'shanday va'da-javoblardan biri: “Yunusobod tumani, Hasanboy mahallasi, 3-proezd, “Baraka “ko'chasi, 35-uyda yashovchi fuqaro S. Sodiqovga:

Sizning ko'chalarni asfalt qilinishi masalasi yuzasidan qilgan murojaatingiz Yunusobod tuman hokimligi tomonidan o'rganib chiqildi.

Mazkur murojaat masalasi yuzasidan Yunusobod tumani, Hasanboy mahallasi, “Baraka” 3-tor ko'chasining 3000 m2 hajmini mukammal ta'mirlash uchun 2019 yilda dastur asosida moliyalashtirish masalalari hal etilgandan so'ng pudratchi tashkilotlar tomonidan bosqichma-bosqich ta'mirlab berilishini ma'lum qilamiz.

Tuman hokimi

R. Usmanov”

Ko'rinib turibdiki, Yunusobod tumani hokimiyati ham, obodonlashtirish boshqarmasi ham ko'chani asfaltlab berishni va'da qilganlar. Ammo moliyalashtirish masalasi o'lda-jo'lda emish. Mana, 2020 yilning yarmi o'tayotibdiki, va'dalar hamon va'daligicha qolmoqda.

Biz esa noiloj: “Ko'chamizga qachon son tegarkin?” deb o'zimizga-o'zimiz savol berib yuribmiz. Bilmadik, bu ahvol yana qancha davom etarkin?..

Sanjar Sodiqov,

filologiya fanlari doktori, professor.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 × three =