Oila — muqaddas hayot o'chog'i

Xalqimiz qadimqadimdan oilani muqaddas biladi. Albatta, oilaning mustahkamligi jamiyatda tinchlik va hamjihatlik barqarorligini ta'minlaydi. Ayniqsa, bugungi sinovli kunlarda har bir oilada ma'naviy muhit sog'lom bo'lishi alohida ahamiyatga ega.

Xabaringiz bor, yurtimizda Respublika Mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash vazirligi tashkil etilib, tizimga Res­publika Xotin-qizlar qo'mitasi, Oila ilmiy-amaliy markazi singari tashkilotlar birlashtirildi. Yaqinda ushbu yangi vazirlikda onlayn tarzida o'tkazilgan selektor yig'ilishi bo'ldi. Unda joriy yilning o'tgan davrida 9465 ta oila ajrashishi qayd etilgani, ajrashish yoqasiga kelib qolgan oilalar soni esa 10740 tani, noqonuniy nikoh asosida yashayotganlar 8313 tani tashkil etayotgani aytib o'tildi. Nizoli oilalar 12931 tani tashkil etib, eng yuqori ko'rsatkich Xorazm, Farg'ona, Samarqand viloyatlariga to'g'ri kelishi, oilaviy nizolar va muammolarning vujudga kelishiga turli sabablar mavjud bo'lib, ulardan biri — xotin-qizlar o'rtasidagi ishsizlik muammosi ham aytildi.

Shu o'rinda, joylarda ajrashish yoqasiga kelib qolgan oilalarni yarashtirish, mustahkamlash borasida Buxoro viloyatining Olot, Kogon, Vobkent tumanlaridagi ahvol atroflicha o'rganib chiqildi.

Shuni ta'kidlash kerakki, oilaviy ajrimdan, eng avvalo, ayol, voyaga yetmagan go'daklar aziyat chekmoqda. Tahlillarga ko'ra, turmushi buzilgan ayollarning 50 foizidan ortig'i o'rtahol yoki kam ta'minlangan, yashash sharoiti og'ir oilalar farzandlaridir. Eng yomoni, ajrashgan ayol farzandlarini boqish, uy-joy qilish ilinjida xorijiy davlatlarga ishlagani ketmoqda. Bu odam savdosi, ayollar ishtirokidagi jinoyatlar ortishiga olib kelsa, farzandlar tarbiyasiga, oilalardagi ma'naviy muhit barqarorligiga salbiy ta'sir ko'rsatadi.

Zero, oila farovonligi — millat farovonligi asosidir. Milliy an'analarimizga nazar tashlasak, halollik, rostgo'ylik, or-nomus, sharmu hayo, mehru oqibat, mehnatsevarlik kabi insoniy fazilatlar, eng avvalo, oilada qaror topadi va avloddan-avlodga o'tib boradi.

Albatta, an'analarimiz negiziga qurilgan oilalarda sog'lom ma'naviy muhit mavjud. Ana shunday oila bag'rida kamol topayotgan farzandlar el-yurtning munosib o'g'il-qizlari, Vatanimizning haqiqiy barkamol fuqarolari bo'lib voyaga yetish­lariga shubha yo'q.

Oila — jamiyatning asosiy negizi. Sog'lom oila muhitini yaratish, ona va bola salomatligini muhofaza qilish, sog'lom avlodni shakllantirish zamirida sog'lom kelajakni yaratish asosi bor. Eng muhimi, oila hayotning davomiyligini, ya'ni avlodlarni hayotga uchirma qiladigan, barhayotlikni ta'minlaydigan, muqaddas urf-odatlarimizni o'z bag'rida asraydigan, shu bilan birga, kelajak avlod qanday inson bo'lib yetishishiga bevosita ta'sir ko'rsatadigan tarbiya o'chog'i ekanligini har doim yodda tutmog'imiz kerak.

Abira Huseynova,

Oliy Majlis Senati a'zosi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

6 + 20 =