Tishlangan olmaning dovrug'i

yoki Stiv Jobsning so'nggi maktubi

  • Porloq kelajakning qayg'uli odimlari
  • Oddiy garajdagi dohiyona ixtiro
  • Jomadonli uycha
  • Cho'ntakdagi mingta musiqa
  • Yuragingiz izidan yuring
  • Duyonning eng boy odami sotib ololmagan umr

Aytishlaricha, dunyoni uchta olma mutlaq o'zgartirgan ekan: Momo Havvoning olmasi, Nyutonning olmasi va Stiv Jobs­ning olmasi. Momo Havvoning va Nyutonning olmalari haqida bir necha asrki gapirib kelinadi. Bizning mulohazalarimiz bu haqda emas. Quyida “Apple” asoschisi Stiv Jobsning tishlangan olmasi haqidagi butun haqiqatlardir.

Stiv Jobs ashaddiy orzuparast edi. U har bir   maktab partasida, har bir odamning qo'lida kompyuter bo'lishini orzu qildi. Va uning orzusi amalga oshdi. Butun dunyo ilmlari qamalgan kompyuterni jomadon yanglig' qo'lda ko'tarib yurar ekanmiz, olayotgan ilmlarimiz sabab Stiv Jobsga minnatdorlik bildiramiz.

Uning tishlangan olmasi esa dunyodagi eng baxtli olmalar safida yuragimizda bo'y taratadi.

Stiven Pol Jobs axborot texnologiyalari asrida daho kashfiyotchi sifatida keng tan olingan sanoat dizayneri, “Apple” va “Pixar” asoschilaridan biri, bosh direktoridir.

Stiven Pol Jobs 1955 yil 24 fevralda tug'ilgan. Uning ota-onasi: suriyalik Abdulfattoh (Jon) Jandali va nemis muxojirlari katolik oilasidan Joan Shibble bo'lgan. Joan Vis­konsin universitetining magis­traturasida birga tahsil olgan va Jandali u yerda yordamchi o'qituvchi bo'lib ishlagan. Joanning qarindoshlari ularning munosabatlariga e'tiroz bildirganligi, vafot etgan otasi merosidan mahrum qilish tahdidi bilan qo'rqitganligi sababli, u San-Fransiskoda xususiy shifoxonada tug'ib, bolani asrab olishga topshirishga majbur bo'lgan. Stiv Jobs porloq kelajagining ilk qadamlari ana shunday qayg'uli bosh­lanadi.

Bolani Pol Jobs va arman millatiga mansub amerikalik Klara (Agopiyan) Jobs asrab oldi. Ular asrab olingan o'g'lini Stiven Pol deb atashdi. Otasi avtoulov mexanigi bo'lib, moliyaviy kompaniyada ishlagan. Otasi uni avtomashinalar orqali radiotexnika asoslari bilan ham tanishtirgan.

Stiv maktabda qunt bilan o'qishga kirishadi, u o'quv yilining oxirida imtihonlarni shu qadar muvaffaqiyatli topshirdiki, direktor uni birdaniga to'rtinchi sinfdan yettinchi sinf­­ga o'tkazishni taklif qildi.

Rid kollejida Jobs Voznyak bilan birga talabalar kengashi prezidenti, “Apple” firmasi menejeri Daniel Kottke bilan uchrashdi. Bu Jobsning hayotida muhim voqea bo'ldi. Olti oylik mashg'ulotlardan so'ng Jobs kollejni tashlab ketadi. Zerikarli majburiy dastur uni qiziqtirmagani uchun, uni o'rganishdan ma'no ko'rmaydi. 1974 yilda Jobs Atari kompaniyasiga texnik bo'lib ishga kiradi. Kompaniya video o'yinlar ishlab chiqarish bilan shug'ullanib, soatiga 5 AQSh dollari olib ish boshlaydi. Birpasdayoq dastlabki 50 nafar ishchining yagona eng kuchli ishchisiga aylanadi.

20 yoshida yaqin do'sti Stiv Voznyak unga ilk bor o'zi ixtiro qilgan shaxsiy kompyuterini ko'rsatadi. Voznyak uni kompyuter ixtiro qilib sotish ishlari bilan shug'ullanishga ko'ndiradi. Ular 1976 yil 1 aprel kuni “Apple” kompyuterini ixtiro qilishdi. Buni yaratish uchun Stiv Jobs o'zining mikroavtobusini, Voznyak esa dasturlashtirilgan kalkulyatorini sotdi va ular “Apple”ni yaratish uchun jami 1300 AQSh dollari miqdorida pul sarflashgan.   Mana shu 1300 AQSh dollari keyinchalik dunyoda eng oldingi saflarda turuvchi milliarder pullarining xamirturushi edi. Ikkita Stiv kompyuterning qulaylik va afzallik jihatlariga do'kon egasini ishontirgandan so'ng mahalliy do'kon egasi ulardan 50 ta kompyuter xarid qiladi. Kompyuterlar xaridining ommalashishida Voznyakning texnik daholigi va Jobsning afsonaviy notiqlik qobiliyati muhim rol o'ynaydi. Shunday qilib otasining garajida yasalgan tishlangan olma rusumidagi “Apple”ning dovrug'i dunyoni tutadi.

Jobs qattiqqo'l rahbarga aylanadi. Biroq u umri davomida faqat Voznyakka ovozini baland ko'tarmaydi. Tez orada “Apple” kompyuteri uchun 50 million donaga talab kelib tushadi va Stiv Jobs 25 yoshida millionerga aylanadi. Jef Raskin va Jobs 1980 yilda yangi loyiha ustida ish boshlaydilar. Raskin bu loyihani o'zi yaxshi ko'rgan olma navi bilan “Makintosh” deb nomlaydi. Stiv qattiqqo'lligi sababli ular orasida bir qancha kelishmovchiliklar boshlanadi. 1985 yilda esa uni o'zi yasagan kemadan tushishga majbur etishadi. U “Apple”ga taalluqli aksiyalarini sotib, bu yerni tark etadi. U Piksar annimatsiya studiyasida dunyoga dong'i ketgan multftilmlar   va video o'yinlarini yaratadi.

Stiv ketganidan so'ng “Apple” kompaniyasi ishlari kundan-kunga yomonlashadi. 1996 yilda uni qaytib kelishga ko'ndirishadi. U     ikkinchi marta korxonani oyoqqa qo'yadi. 2000 yilda oyiga bir millard dollar daromad topayotgan milliarder sifatida Ginnesning rekordlar kitobiga kiradi.

Jobs 2001 yilda musiqa eshitish uskunasi (pleer)ni   iPod nomi ostida ixtiro qiladi. Keyinchalik korxonaning asosiy daromadi ana shu uskuna hisobiga qo'lga kiritiladi. Ushbu kichkinagina quticha nihoyatda ixcham bo'lib, “Cho'ntagingizda mingta musiqa” shiori bilan sotuvga qo'yiladi. Ushbu ixtirolar tobora mukammallashib, 2004-2005 yillarda iPodga qo'shimcha rangli ekran ixtiro qilinadi, unda video o'yinlar o'ynash qulayliklari yaratiladi.

2007 yilda sensorli iPhone telefonlari kashf qilinadi. Albatta, bungacha 2000 yilda Errikson o'zining ilk sensorli telefonini chiqargan edi. Biroq Jobsning iPhone telefoni o'zining qulayligi, nihoyatda nozik did bilan yasalganligi, tarmoqlarga simsiz ulanish qobiliyati tufayli birpasda dunyo ahlini o'ziga rom etdi. Ayfon tugmachali telefonlar davri yakunlashini tantanali nishonlab har yili yangidan-yangi rusumlarini namoyish etadi. 2015 yilda planshet ishlab chiqariladi. Muhimi, Jobs xaridorlarni ushbu mahsulotga juda muhtoj ekanligiga ishontira bildi. Chunonchi, planshet kompyuter va telefonlar soyasida qolib ketadi, deb taxmin qilinayotgan bir paytda bunday bo'lib chiqmadi, yiliga 15 million donaga yaqin planshet sotildi.

Aslida Jobsning ishlari har biri katta yangilik emasdi. U muhimi, o'z ishini haddan ortiq sevardi, orzu va xayolparastlikdan charchamasdi, yaratilgan texnikalarni qayta mukammallashtirib, nozik did bilan bezardi. Uning sharofati bilan biz kichik jomadonchali uyimiz — kompyuterimizni qo'lda ko'tarib yurish baxtiga muvaffaq bo'ldik. Dunyoni dohiyona yangiliklar bilan lol qoldirayotgan Stiv Jobsning tishlangan olmasiga hech qachon “qurt” tushmadi. U har doim aholi orasida sevimliligicha qoldi.

Stiv Jobs ikki marta turmush qurgan. Birinchi turmushidan bitta qiz va ikkinchi turmushi Loren Pauelldan bitta o'g'il, ikki nafar qiz farzandi bor. 2004 yilda Jobsga oshqozon osti bezi o'smasi tashxisi qo'yiladi. 2009 yilda saratondan zararlangan jigari olib tashlanib, o'rniga sog'lom jigar ko'chirib o'tkaziladi.

2011 yil 5 oktyabr kuni dunyoning eng boy odami, daho ixtirochi Stiv Jobs vafot etadi. U o'zining hamma pullarini Apple kompaniyasiga qoldiradi.

Vido maktubi

Men biznes olamida muvaffaqiyat cho'qqisiga chiqdim, boshqalarning nazdida mening hayotim muvaffaqiyat timsoliga aylandi. Iqrorim shuki, ishdan tashqari, hayotimda quvonchlar juda oz. Oxir-oqibat, boylik — bu men odatlangan hayot haqiqati bo'lib qoldi. Shu lahzalarda men kasallik to'shagida yotar ekanman, butun hayotim ko'z oldimdan o'tardi. Men juda g'ururlanadigan barcha to'xtam va boylik men sari yaqinlashayotgan o'lim qarshisida o'z ahamiyatini yo'qotganini tushundim.

Qorong'ulikda turib yam-yashil hayotga qarar ekanman, uskuna ichidan men sari kelayotgan hayot   ovozini eshitaman. Shuning barobarida   o'lim yaqinlashayotganini va Xudoning nafasini his qilaman. Ayni paytda bizda pul yetarli ekan, hayotdagi boylikka daxli bo'lmagan mutlaqo boshqa masalalar haqida o'ylayman …

Hayotda juda muhim narsalar ko'p. Ehtimol, kim uchundir bu munosabat tarzi, boshqalar uchun — san'at yoki bolalik orzularidir… Foyda ketidan quvib doimiy poyga o'ynash odamni qo'g'irchoqqa aylantiradi. Va bu mening hayotimda ham sodir bo'ldi. Xudo yaqinlarimizga sevgimizni baxsh etish uchun bizni hissiyotlar bilan kiyintirdi. Umrim davomida orttirgan boyligimni o'zim bilan olib ketolmayman. Men olib ketadigan narsalar shunchaki sevgi bilan bog'liq xotiralardir. Biz bilan izma-iz yurishi, hamroh bo'lishi, kuzatishi, harakat qilish uchun qudrat beradigan haqiqiy boylik mana shular ekan.

Sevgi uzoq masofalarni bosib o'tishga, har qanday to'siqni yengishga qodir. Hayot cheksiz va chegarasizdir. O'zingiz ko'zlagan cho'qqilarni zabt eting. Yuragingiz sizni chaqirgan tomonga qarab yuring. Bularning barchasi o'zingizning qo'lingizda. Pul evaziga o'rningizga kimnidir mashina haydashga yollashingiz, siz uchun boshqa birovni pul ishlab topishga mas'ul qilishingiz mumkin, ammo pul berib kimnidir kasalliklaringiz azobini tortishga yollay olmaysiz. Moddiy buyumlarni topishingiz va sotib olishingiz mumkin. Ammo bitta narsa bor, muddati tugaganda ular sotib olinmaydi – «hayotni», uzoq umrni sotib olib bo'lmaydi.

Yoshimiz ulg'aygan sari biz aqlli bo'lamiz va 30 dollarlik va 300 dollarlik soat ham bir xil vaqtni ko'rsatishini anglab yetamiz. Biz 30 dollarlik hamyonni olamizmi yoki 300 dollar turadiganinimi ikkoviga ham bir xil miqdorda pul solinadi. 150 ming dollarlik yoki 300 000 dollarlik mashina haydasak ham – yo'l va masofa bir xil, biz bitta manzilga yetib boramiz. 300 kvadrat metr uyda yashaymizmi yoki 3000 kvadrat metr hovlida – yolg'iz yashar ekansiz, uning barisi befoyda.

Haqiqiy botiniy baxtingiz dunyoning moddiy narsalari bilan birga taroziga qo'yilmaydi. Siz birinchi yoki ekonom klassda uchasizmi, Xudo ko'rsatmasin, samolyot qulasa buning ahamiyati yo'q, siz u bilan birga halokatga uchraysiz. Va bunday pallalarda sizning yoshingiz va nimalarga erishganingiz ham muhim emas! Pardalar tushiriladigan kun hammamizning hayotimizda ro'y beradi… Sizning bori xazinangiz — oilangiz, sevgilingiz, qarindoshlaringiz va do'stlaringizga bo'lgan muhabbatingizdir. O'zingiz bilan birga boshqalarga ham g'amxo'rlik qiling!

Beshta bahslashib bo'lmaydigan hayotiy dalil bor:

  1. Farzandlaringizni boy bo'lish emas, baxtli bo'lish ilinjida tarbiyalang. Ularni baxtli bo'lishga o'rgating. Shunda, ular ulg'aygach, narsalarning narxini emas, qadr-qiymatini anglaydilar.
  2. Oziq-ovqatga tabiiy dori sifatida munosabatda bo'ling. Aks holda, ovqat o'rnini bosguvchi dorilar ham bor.
  3. Sizni sevadiganlar hech qachon tashlab ketmaydilar. Agar sizni tashlab ketish uchun yuz foiz sababi bor bo'lsa ham — u har doim bitta qat'iyatlilik sababini topadi va sizni tark etmaydi.
  4. Odam bo'lish va odamiylik o'rtasida katta farq bor.
  5. Agar siz shunchaki tez yurishni xohlasangiz, yolg'iz keting! Agar uzoqqa bormoqchi bo'lsangiz, birga odim tashlang!

Shuningdek, dunyoda eng yaxshi oltita shifokor bor: quyosh nuri, dam olish, jismoniy mashqlar, parhez, o'ziga ishonch, do'stlar. Ularni hayotning barcha bosqichlarida saqlang va sog'lom hayotdan zavq oling!

Go'zal Begim.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

14 − eight =