O'zbek brendi dunyo kezadi

Endigina 30 yoshni qarshilagan Farruxbek Shodiboyev bolaligidan juda tirishqoq, o'ziga talabchan bo'lib ulg'aydi. 2009 yilda Toshkent Moliya institutini bitirgach, davlatimiz tomonidan tadbirkorlarga yaratib berilayotgan qulayliklardan ruhlanib, tadbirkorlik faoliyatini boshladi.

2018 yilda 1 milliard 600 million so'm kredit olib, «Tojmahal Hakansavdo» MChJ tasarrufida «Tajtekstil» ishlab chiqarish korxonasini ochdi.

Korxona Andijon viloyatining Baliqchi tumanidagi «Mumtoz» MFY hududida joylashgan bo'lib, 2019 yilning iyun oyida ilk faoliyatini boshlab, tuman aholisining 150 nafardan ortig'ini ish bilan ta'minladi.

4000 ga yaqin kishi istiqomat qiladigan hududda ushbu   korxonaning tashkil etilishi ham xalqimiz turmush tarzini yaxshilash yo'lida olib borilayotgan samarali islohotlarning biri desak, mubolag'a bo'lmaydi.

— Tadbirkorlik qonimizda bor. Dadam Patiddin Shodiboyev ham uzoq yillar davomida viloyatimizdagi tekstil korxonalarida rahbarlik lavozimlarida faoliyat olib borganlar, — deya so'z boshladi biz bilan suhbatda F. Shodiboyev.

— Oilada to'rt o'g'ilmiz. Hammamiz tadbirkormiz. Faoliyatimizni kengaytirish maqsadida Andijon viloyati hokimligiga murojaat qildik.

Andijon viloyati hokimining investitsiyalar, innova­siyalar, xususiylashtirilgan korxonalarga ko'maklashish, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari hamda turizmni rivojlantirish masalalari bo'­yicha o'rinbosari Baxtiyor Hamroyev ko'­maklarida Baliqchi tumani, «Mumtoz» MFY hududida joylashgan kollejning yotoqxona binosi korxona uchun ajratib berildi.

Binoni ta'mirlash ishlari va tikuv dastgohlari keltirish uchun MChJning aylanmasi hisobidan 3 milliard so'mdan ortiqroq mablag' sarf qilindi.

Xitoy texnologiyalari asosida ish boshladik. Faoliyatimizning asosiy turi erkaklar va ayollarning mavsumiy sport kiyimlari ishlab chiqarishdan iborat.

Biz xomashyoni, asosan, viloyatimizdagi «Dinar tekstil» korxonasidan sotib olamiz. Korxona rahbari Hadyatillo Tillaboyev ham bizga ustozdek bo'lib qolgan. Dadam va u kishining maslahatlari va ko'maklari bilan ana shunday natijaga erishdik.

Korxona binosi   uch qavatdan iborat bo'lib, 1-qavati matolarni bichish xonasi va idora xodimlari uchun mo'ljallangan. 2-qavatida tikish, kiyim-kechaklarni dazmollash va qadoqlash ishlari amalga oshiriladi. 3-qavatida esa oshxona tashkil etilgan bo'lib, ishchilar tushligi ham o'z navbatida korxona hisobidan amalga oshiriladi.

Hozirgi koronavirus pandemiyasi tarqalishining oldini olish maqsadida bir muddat korxona fao­liyati to'xtatilgan edi. Karantin qoidalari yumshatilgach, yana faoliyati davom ettirildi.

Ayni damda korxonada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar Rossiya, Moldova, Ukraina, Tojikiston, Qozog'iston, Qirg'iziston Respublikalariga eksport qilinyapti.

Korxonada turkiyalik mutaxassis Erdag Engin o'z hissasini qo'shayotganidan xursand. Tikuvchi qizlarga qo'lidan kelganicha ko'rsatmalar berib, ularga ish o'rgatyapti.

Har bir ishga mehr bilan, bor imkoniyatlarni ishga solib harakat qilinsa, natija beradi, samara beradi. Buni «Tojmahal Hakansavdo» MChJ faoliyatidan ham bilsa bo'ladi.

Ma'rufa Soliyeva.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twenty − fourteen =