Zulfing kabi to'lg'onar oqshom

Ko'ngil

Ko'ngil qoldi…

Qaylarda qoldi?

Ayting, qachon yo'qotdim uni?

Topib bering, axir kim oldi?

Ko'rgan bormi, g'arib kulbamni?

Qadahlarim to'lar paydar-pay,

Ichib bo'lmas, sharobi taxir.

Siz hayotga chorlaysiz tinmay,

Borolmayman, ko'nglim yo'q axir!

* * *

Shom quyilar…

Yodingdek qaro,

Yulduzlari ko'zingdek mahzun.

Kulgularing shamollar aro,

Yana dilga boshlaydi huzun.

Zulfing kabi to'lg'onar oqshom,

Nafasingdir – yellar beomon.

Tun – qo'limda og'u to'la jom,

Sen tunlarga aylanding qachon?

Har tun tongni kutarman dilxun,

Endi visol umidi so'ndi.

Ketishingdan qo'rqardim u kun,

Kelishingdan qo'rqaman endi.

 

Xayol

Ballada

Yurak misol uvishar oqshom,

Ko'l yuzida titrar yulduzlar.

Qop-qora tun – ko'ngildagi g'am,

U haqida nimadir so'zlar.

Asta ortga boshlaysan yo'lni,

Peshvoz chiqar qadrdon tollar.

Qachonlardir ko'milgan dilni,

Tiriltirar masih xayollar.

Jilmayadi bepoyon kecha,

Sirli-sirli shovullaydi soy.

Shunda asta bulutlar ichra,

Chiqib kelar sen yo'qotgan oy.

– Nega ketding, qara, dilda dard,

Og'ularga to'ldi har onim.

– Men ko'ngilga ketdim to abad,

Visolsiz ishq mangudir, jonim.

– Sensiz o'tgan kunlarim og'rir,

Xayolingni ko'maman she'rga.

Elkamdagi tog'larim og'ir,

Botib borar oyog'im yerga…

– Umrim o'tdi visolni kutib,

Ko'ngil uyi hamon bo'm-bo'shdir.

Kelolmadi bizgacha yetib,

Baxt – qanoti kesilgan qushdir.

Quyuqlashar bulutlar asta,

Vujudingga kiradi titroq.

Oy yuzini to'sib bir pasda,

Gumburlaydi momoqaldiroq.

Cho'chib tushar kecha da'fatan,

Uzoqlashib ketar samovat.

Sen aftoda ortga qaytasan,

Kutib turar tong – achchiq hayot!

 

Yo'lovchi

Ketib borar horg'in yo'lovchi,

Yolg'izoyoq so'qmoqlar aro.

Rutubatli samovatlar va

Shom qo'yilib kelar tobora.

Olislarda boyqushlar sayrar,

Chorlagandek bo'ladi kimdir.

Yo'l chetiga tashlab jandasin,

Cho'ziladi horg'in musofir.

Samolarga ketar xayollar,

Tushib kelar yulduzlar bari.

Sukunatni buzadi goho,

Tunning og'ir xo'rsiniqlari.

 

Alisher Nazar

Alisher Nazar — 1976 yili Chiroqchi tumanida tug'ilgan. 1998 yili Xalqaro Gumanitar akademiyasini tamomlagan. «Bizga atalgan tonglar» she'riy majmuasi (1999) va «Xolislik ehtiyoji» pub­litsistik to'plami (2012) chop etilgan.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four + 17 =