Millat bo'laylik, xalq bo'laylik!

Tabiat – insoniyat ustozi. U bashariyatni ko'p ezguliklar sari boshlaydi, tarbiya beradi. Olamni yashartiradi. Lekin kimki uni pisand qilmay qo'ysa, e'tiborsizlikka yuz bursa, hurmatini baland tutmasa, jazolari ham bor. Bu jazolar qattiq sinovga aylanadi. Biz uni boshqacha qilib: “Xudoning jazosi, sinovi” deymiz. Ota-bobolarimiz barini mustahkam sabr-toqat, xayru ehsonlar bilan yengib o'tganlar.

Hozir yurtimizda, nafaqat yurtimizda, balki jahonda koronavirus degan bir tilsiz balo kezib yuribdi. Ko'p odamlar umriga zomin bo'lmoqda, ellarni notinch qilmoqda. Tarixda XVI asrda Yevropada, Venetsiyada vabo kasali tarqalgan edi, hatto mashhur rassom Titsian 1576 yilda sakson olti yoshida shu kasallikdan vafot etgandi. O'zimizda ham Toshkentda 1892 yilda yoyilgan vabo balosi xalqimizning boshiga kulfatlar solgan… Qanday balo-ofatlar yog'ilmasin, koinotning toji bo'lgan Inson uni yengib o'tishga o'zida sabr-toqat, bardosh   topa oladi, yashirinib yotgan mardlik   va jasorat o'zini namoyon etadi. Shularni o'ylaganda xalqimiz tarixidagi sabr-toqatu jasorat, xayru ehson namunalari yodimizga keladi.

Sohibqiron Amir Temur o'zining mashhur besh yillik safariga otlanadi. Yo'l Samarqanddan chiqib Buxoroning Qorako'li orqali o'tadi.   Qorako'lda Jo'yi Zar degan anhorga yetganda kutilmaganda Amir Temur o'zini noxush sezadi, behuzur bo'ladi. Qo'l-­oyog'idan darmon ketib, qattiq holsizlanadi. Xos tabiblar yelib-yugurib qoladilar, Samarqanddan malikalar va farzandlarni chorlaydilar. Hatto ertaroq yo'lga otlanib Termizga yetib borgan valiahd shahzoda Muhammad Sultonga ham odam yuborib: “Qo'shinni qoldirib, o'zlari shitob yetib kelsunlar!” degan xabarni yetkazadilar. Hammaning dunyosi qorong'i,   ko'ngillar yig'laydi… Sohibqiron bardoshli, sabr-toqat sohibi edi, dard qanchalar azob bermasin, “oh” degan sas chiqarmasdi, chunki agar u bir “oh” desa, ming-minglab “oh”lar falakni to'ldirishini bilardi. Uni har xil xayollar chulg'ab oladi, kunim yaqin shekilli, degan o'y ko'nglidan ketmaydi… Amir Temur Saroymulkxonimga tayinlaydi: “Payg'ambarimiz sallalohu alayhi vasallam kasallaringizni sadaqa bilan, ehson bilan davolangizlar, deb buyurganlar hadislarida. Barchangiz el oralab sadaqa qilingiz, ehsonlar qilingiz!” deydi. Malikalar, farzandlar, vazirlar, saroy a'yonlari, beklar, amirlar, sarkardalar, askarlar – hamma-hamma atrof qishloqlarga tarqalib, xayru sadaqa, ehsonlar etagini tutadilar. Va… Allohning inoyati bilan mo''jiza yuz berib, Sohibqiron oyoqqa turib ketadi. Mana,   sab­­ru toqatu, xayru ehsonning kuchi!

Koronavirusga bag'ishlangan birinchi yig'inda bu balo-ofatning oldini olish uchun 10 trillion so'm pul ajratilishi e'lon qilindi. Mana bugun, shukrlar bo'lsinki, ana shunday sa'y-harakatlar natijasida yurtimizda bu kasallik keng yoyilib ketishiga yo'l qo'­yilmadi. Jahonning boshqa mamlakatlari bilan qiyos qilinganda bizda ahvol, ko'z tegmasin,   yaxshi…

Amir Temur 1362 yildagi janglardan birida o'ng tizzasiga va o'ng qo'liga o'q tegadi. Oyoq ozgina bukilmaydigan bo'lib qoladi, qo'lda ham shu ahvol kuzatiladi. Yoshlikda bilinmagan bu dard ellik yoshdan o'tgandan keyin to umrining oxirigacha yomg'irli kunlarda tez-tez o'zini sezdirib turgan, oyoq ham, qo'l ham yoqimsiz simillab og'riydigan bo'lib qolgan. Sabr-toqat qilgan Sohibqiron buni hech kimga bildirmagan ekan. Faqat Bibixonim bundan ogoh ekan. Boshqalarni deb, yurtni deb, o'z dardini ichga yutish Amir Temur bobomizning yuksak insoniy fazilatlaridan edi.

1390 yil qishida Dashti Qipchoqqa otlangan Sohibqiron Toshkentda qirq kun betob bo'lib yotib qoladi. Isitma tushmaydi. Nihoyat ayrim muolajalardan so'ng dard yengillasha boshlagach,   Zangiota avliyo mozorini ziyorat etadi, o'z odatiga ko'ra, yetim-­esir, beva-bechoralarga o'n ming kepakiy oltin xayru sadaqa ulashadi. Mana, xayru ehsonning kuchi!

Mamlakatga har qanday tashvish tushganda ham, o'zining sog'lig'i bo'ladimi, yoki farzandlar fojiasimi, Sohibqiron hech qachon o'zini yo'qotib qo'ymas, ertangi kunga ishonch bilan yashardi. U sabr-toqatli, bardoshli, jasur va mard, doim avomunnos xalq bilan birga edi. Bir misol. Dashti Qipchoq safarida qoq cho'lning o'rtasida, oziq-ovqat zaxiralari kamaygan, un oz qolgan, un maxsus ruxsatnoma(ukalko) bilan ishlatiladi, xamir ovqatlar qilinmaydi. Ayniqsa, suvsizlik, tashnalik tilsiz yovdan battar   azob beradi. Askarlar yomg'irning unda-bunda chuqurlarda yig'ilgan bir qultum-yarim qultum balchiq suvlarini qidirib topib, holi qudrat chanqovni bostiradilar. Bosh bakovul shohchodirga kirib Sohibqiron va pirlari Mir Sayyid Baraka bilan suhbatlashib o'tirganlarida: “Amir Sohibqiron, qanday taom pishirtiray, yaqinda kasaldan turdilar, sizga quvvat bo'larli taom kerak…” — deb so'raydi. Amir Temur deydi: “Askarlarim qanday taom yesa, o'sha taomdan olib kelingiz!” Askarlar taomi esa, oshbalmog' degan ko'katni qaynatib pishirilgan yovg'on sho'rva edi… Buni eshitgan askarlar Sohibqironning insofu adolati, kichikfe'lliklariga tan berib, dillarida faxru iftixor hissini tuydilar.

Shu kunlarda mamlakatimizda   balo-ofat­­ni tag-tomiridan yo'qotish, sog'-salomat dorilomon kunlarga yetib olish, xalqimizning kam ta'minlangan oilalarini qo'llab-quvvatlash, tadbirkorlar og'irini yengil qilish, oziq-ovqat zaxiralarini tayyorlash va boshqa ezgu maqsadlar bo'yicha katta savob ishlar, xayru ehsonlar amalga oshirilmoqda. Omadni qarangki, yorug' yoz ham, mana, madadga kelib qoldi,   saxiy ona yerimiz o'zining noz-ne'matlari bilan dasturxonimizni bezay boshladi. Bu ham tabiatning bizlarga ko'rsatgan xayru ehsoni!

Xalqimiz sabr-toqatli, zukko, donishmand xalq. Afsuski, so'nggi paytlarda ayrim odamlarimizning, endi balo ortda qoldi, deganday xotirjamlikka berilib, tartibga rioya qilishni bo'shashtiribroq yuborayotganlari ayon bo'lmoqda. Yo'q, bu to'g'ri emas! Karantin degan narsa — ko'pga kelgan to'y, deganday gap. U — o'ziga xos qonun, qattiq intizom, uning tartibini buzmaslik kerak, aksincha, qat'iy rioya qilish, qo'llab-quvvatlash lozim. “Men bir kichkina odam   bo'lsam, — deydi bir tanishim telefonda. — Men nima ham yordam bera olishim mumkin?” “Agar siz, — dedim unga, – butun oilangiz bilan jimgina uyda o'tirsangiz, eng katta yordam bergan bo'lasiz!” Biror yumush bilan yoki ishga borish uchun ko'chaga chiqilganda, bozorga, dorixona yoxud do'konga hayotiy ehtiyojlar bois borganda esa qat'iy gigienik talablarga, karantin qoidalariga rioya etish shart! Ozgina qi­yinchiliklarga dod-voy qilish, vahima ko'tarib, fisqu fasodlar tarqatish, odamlar tinchini buzish – bular bizning   xalqqa sira yarashmaydi. Uyat bo'ladi.   Bizda “uyat” so'zining to'qqiz xili mavjud ekani bejiz emas. Hozir balo-qazolarga qarshi kurashda birlashib, safma-saf bo'lib qadam tashlashimiz kerak. Ota-bobolardan ulgi olib, katta umidlar bilan yashashimiz lozim. Yashaganda ham, birlashib, hamsaf, bir musht bo'lib yashash, bir xalq bo'lib yashash, xavfga qarshi kurashish kerak! Endi vaqt keldi. Millat bo'laylik, Xalq bo'laylik! Ana shunday pallalarda Sohibqiron Amir Temur bobomizning tog'larday metin sabr-toqatini, bardoshini, jasoratini, qat'iyatini, mardligini, ehsonparvarligini chin ko'ngildan bir eslab qo'yaylik.

Sharq – ibtido, u biz aytgan Sharq bo'lsa,

Farq o'shadir, u biz aytgan farq bo'lsa.

Ustoz, haq gap, xalq – xoliqning himmati,

Xalq — buyuk kuch, agarda u Xalq bo'lsa…

Muhammad Ali,

O'zbekiston xalq yozuvchisi,

davlat mukofoti laureati

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

8 + 4 =