“Qora kun”lar iztirobi

Muhammadjon   Mahmudov el-yurt xizmatidan charchamaydigan odam. Hali ham davlat yumushida, kunduzni kechaga, kechani kunduzga ulab mehnat qilmoqda. Ammo hayotning sinovi ko'p ekan-da, bundan ancha yillar oldin,   prokuratura xodimlari (hozirda u xodimlar sobiq)ning inson taqdiriga mutlaqo befarqligi oqibatida, boshidan kechirgan ko'rgiliklarini eslar ekan, beixtiyor: “Peshonamda shu ham bor ekan-da, tuhmat balosini ham ko'rdim”, deydi ma'yus tortib.

— Bizga yuborgan hujjatlaringizni o'qib ko'rib, boshingizdan o'tkazgan “qora kun”lardan birmuncha xabardor bo'ldik. Ko'nglimizda siz bilan suhbatlashish ishtiyoqi tug'ildi.

Bugungi erishgan yutuqlaringizni eshitib, o'sha vaqtlardagi yo'qotishlarning o'rni to'lganidan biz ham xursand bo'ldik. Sizdagi bardosh, sabr-toqatdan ibrat olsa arzigulik, ammo bunday qismat hech kimning boshiga tushmasin, degimiz keladi. Ushbu yorug' kunlar muborak bo'lsin, dedik va suhbatdoshimizga ayrim savollar bilan yuzlandik.

— Hozir ko'proq nimalarni his qilayapsiz? Ortda qolgan vo­qealar sizni bezovta qilmayaptimi?

— Rostini aytsam, yetti uxlab tushimga kirmagan “qora kun”lar ta'mini totganman, ba'zida esimga tushib, tinchimni buzadi. 1969 yilda maktabni tugatib, Toshkent qishloq xo'jaligi texnikumida o'qidim. 1975-1976 yillarda “O'zdavrloyiha” institutinig Namangan filialida injiner bo'lib ishladim. Keyin Yangiqo'rg'on tumanida xo'jalikda yer tuzuvchi muhandis, 1978-1997 yillarda Yangiqo'rg'on tumani hokimiyati yer tuzish, ya'ni kadastr bo'limi boshlig'i vazifasida ishlaganman. Shu bilan birgalikda, Toshkent irrigatsiya institutining Yer tuzish fakultetini sirtdan tugatganman.

Bularni aytishimning boisi, o'tgan davrda davlat, jamoat ishlarida faolligim sabab 1999-2004 yillarda 2-chaqiriq Xalq deputatlari Yangiqo'rg'on tuman Kengashi deputati etib saylandim. O'zbekis­ton Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda ishtirok etganim uchun “Mustaqillik” ko'krak nishoni, “O'zbekiston Respublikasi Mustaqilligiga 20 yil”, “O'zbekiston Konstitutsiyasiga 25 yil” esdalik nishonlari bilan taqdirlandim.

— Muhammadjon aka, o'zingizga ma'lum, hayot bir tekis emas. O'tgan yillarda aksar insonlar nohaqlikdan jabr chekishgani rost. Bugun ko'pchilik nohaq jazoga tortilganlar oqlandi, yana mutaxassisligi bo'yicha idora, tashkilot va korxonalarda ishlayapti. Adolat bor ekan, haqiqat qaror topa boshladi. Siz armon bilan esga oladigan, inson taqdirini o'yinchoq bilganlar aybi bilan sudning qora kursisida turgan paytlaringiz, aytingchi, hech o'ylaganmisiz, bu sizning xato­ingizmidi, yoki bu sud chiqargan nohaq qarordanmidi?

— “Inson hayoti tekis kechmaydi”, dedingiz. Hayotda shunday kutilmagan, sir-sinoatli holatlar bo'larkanki, vaqt tarozusi qaysi tomonga og'ayotganini o'zingiz ham anglamay qolar ekansiz.

Men davlat xizmatida, rahbarlik vazifalarida ishlaganimda tadbirkorlik ham qilganman. Inson ona yurtida o'zini emin-erkin his qilib, yorug' yuz bilan, vijdonan ishlab, obro'-e'tiborda umrguzaronlik qilsa nimasi yomon axir. Lekin “bu boyib ketayapti”, degan, ko'rolmaydiganlar ham orada chiqib qolar ekan-da.

Men kutmagan joyda, odamni nafasini bo'g'uvchi, taqdirini sindiruvchi holatlar sodir bo'ldiki, asti qo'yaverasiz. O'tgan asrning oxirgi o'n yilligi yakunlanib borardi. Ma'muriy zo'ravonlik, ma'muriy reketga duchor bo'lib, ojiz qoldim. Huquqni himoya qilish organlari tomonidan inson taqdirining chil-parchin qilinishi, haqsizlik, himoyasizlik, sudlarning mustaqil emasligi, ularning faqat qoralovchi, jazolovchi va yugurdak organga aylangani kechagi hayotimda yomon iz qoldirdi. Lekin, Yaratganga shukr, yorug' kunlar ham bor ekan-ku! Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev mamlakat miqyosida shaffoflik, oshkoralikni ta'min etdi. Ko'p­lar qatori mening ham bag'rimga erkinlik, ozodlik shamoli indi.

Hozir menga alam qiladigani, o'shanda pensiyaga chiqishimga 5 oygina qolgan edi. Kutilmaganda, 2012 yil 28 yanvarda, meni Namangan viloyat prokuraturasiga chaqirishdi. Ular O'zR JK-ning 168-moddasi 2-qismi “a,b,v” bandlari, 28-211-moddasi 3-qismining “v” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblashdi. Boshimdan kapalagim uchdi. Agar shu jinoyatlarni qilgan bo'lsam mayli derdim. Hatto bu “jinoiy ish”dan xabarim ham yo'q edi-da.

Aksiga olib, sud ham meni tinglamadi, ayb­lovni so'zma-so'z ko'chirib, menga 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinladi. Umumiy tartibdagi koloniyada jazoni o'tadim. Ich-ichimdan o'tgan azob-uqubatlarni o'zim bilaman. Ayniqsa, ter to'kib, mehnat orti topgan obro'yim, endi bolalarimning keyingi taqdiri nima bo'ladi, degan savollar yurak-bag'rimni kemirardi.

— Muhammadjon aka, voqea qanday bo'lgan o'zi? Mumkin bo'lsa, batafsilroq gapirib bersangiz?

— 2010 yilning kuz oyi edi. Ishxonamga bashang kiyingan, papka ko'targan ayol kirib keldi. O'rnimdan turib kutib oldim. U o'zini Namangan viloyat prokuraturasi xodimi Fotima G'aniyevaman, deb tanishtirdi. Ko'rinishi, o'zini tutishi, gap-so'zlari u organ xodimi ekaniga menda shubha tug'dirmadi. Shu yoshgacha bu tarzda aldanmagandim-da, axir. Ishondim, hujjatini so'ramadim. Bu mening xatoim, albatta. Suhbat chog'ida u viloyat prokuraturasi xodimlari va boshqa organ xodimlari bilan telefonda erkin so'zlashdi…

Men pensiya yoshiga yetganimni, oilam bilan Haj­ga borish niyatim borligini bir tanishimga telefonda aytgandim. Lekin bu ayol qanday qilib xabar topdi, bunisini bilolmay qoldim. Haligacha aqlim yetmaydi, anglolmadim. Balki o'sha tanishim…

U ayol dabdurustdan: “Men ko'pchilikni muborak Haj safariga jo'natganman. Sizlarga ham yordam berishim mumkin”, dedi. Keyin: “Hajga borishga tayorgarlik bormi o'zi”, deb so'radi. Men: “Ha”, dedim. “Haj xarajatlari to'loviga hozirdan 6000 $ bersangiz nomlaringdan to'lov qildirib qo'yaman, sog'liklaring yarasa bo'ldi”, deb ishontirdi. Men: “Rasmiy yo'l bilanmi?” — deb so'radim. “Yashash joyidan ariza olib beringlar, qolgani mening vazifam, hamma to'lovlarga shu pul yetadi”, dedi. Xursand bo'lib 10 kun davomida Haj safariga so'ralgan pulni viloyat prokuraturasi oldida, uning “Matiz” mashinasi salonida qo'liga berdim…

— O'sha voqea jarayonida hech shubha paydo bo'lmadimi? Yo…

— Ey, men qanday ilmoqqa tushganimni hali ang­lamagan edim-da. 2011 yil Haj mavsumida ro'yxatda nomimiz chiqmadi. Bu ayol ortidan ko'p yugurdim. “Keyingi yilga qoldilaring”, deb aytdi. Shundan so'ng menda shubha paydo bo'ldi. Surishtirsam, prokuraturada bu ayol umuman ishlamas ekan. Uni sirtdan taniydiganlar turli ishlarni bitkazaman, deb ko'pchilikni chuv tushirganini aytishdi.

Bu ayolning manzilini topdim. Men undan pulni darhol qaytarishni talab qildim. U o'zining Yangiqo'rg'on tumani, 6-kichik mavzedagi 9-uy, 7-xonadonini sotib, pulni berishni va'da qildi. Yana ishondim. Bilaman, mening eng qo'pol xatoim shu ediki, qo'ni-qo'shnilar orasida: “Mahmudov Hajga to'plagan pulini bir ayolga oldirib qo'yibdi”, degan gap tarqab ketmasin, deb vaqtida bu ayolning ustidan organga ariza bermadim. Bu o'zimga pand berdi…

Pulimni astoydil talab qila boshlaganimda bu ayolning yana bir qilig'i chiqib qoldi: bir necha bor sudlangan tanishlari M.Abdullayev, X.Mamadaliyeva, yollangan shofyori X.Usmanovlar ustimdan tuhmat uyushtirishdi. E.Yusupovni guvoh deb aytishib, “Shantaj” qilishdi. Go'yo bu ayol xizmat xonamda 1 500 000 so'mni salafanga o'rab, yer olish evaziga, menga berganmish. Men umuman ko'rmagan E.Yusupovning jinoiy sherigiga aylandim. Eng qizig'i, tergovchi xonamga ishtirokimsiz, go'yo pul berganlar bilan birga, eshikni buzib kirib, shu xonada soxta “guvoh”larni suratga olibdi. Buning ustiga, Fotima G'aniyeva: “Men uning shar'iy nikohidagi xotiniman”, deb haqoratli, haqiqatga mutlaqo zid ko'rsatma beribdi.

Hulkar Nizamboyeva ismli ayol guvohlikka o'tdi. Bu ham yetmaganday, o'lganning ustiga tepgan qilib, Fotima mendan olgan pullarni qaytarmaslik maqsadida, sudda o'zi minib yurgan “Matiz” rusumli avtomashinasini 6500 AQSh dollariga sotib, pulini menga berganman, deb turib olsa bo'ladimi. Evaziga esa men 2 nafar fuqaroga 0,06 gektar yer olib berishim kerak emish.

Bu ham hali holva ekan, JIB Kosonsoy tuman sudi raisi M.Qirg'izov sud jarayonida, 60 yoshga kirganim, otasi tengi ekanim, keksa yoshimga qaramay, ovozini ko'tarib, qo'pollik bilan meni muttahamdan olib, tuhmatchiga chiqardi. Vaholanki, u meni ham tinglashi, savol-javoblarda haqiqatni aniqlashi, bir yoqlama yondashmasligi kerak edi. Advokatimni ham tinglashmadi. Xullas, men tuya emasligimni isbotlashim kerak bo'ldi.

Ammo prokuratura va “odil sud” oldida buni isbotlay olmadim. Tuhmatchilarning qo'li baland keldi. 5 asr avval bobomiz Alisher Navoiy hazratlari bilib aytgan ekanlar:

“Odam borki odamlarning naqshidir,

Odam borki hayvon andin yaxshidir…”

Keyinchalik E.Yusupov gunohga botishdan qo'rqdi shekilli, sudda: “Men Mahmudovni tanimayman, pul bermaganman, hech nima so'ramagan”, deb ko'rsatma berdi. Ammo tergovchining tuzgan hujjatlari “haqiqat” deb qaraldi. O'shanda ilk bor: “Tergovchi hamisha haq bo'lsa, sudning nima keragi bor unda?” degan xayolga bordim.

Ammo bu yorug' olamda bir qonuniyat bor, bu ham bo'lsa, sabab va oqibat qonuni. Menga adolatsizlik qilgan prokuratura tergovchisi o'z vazifasidan chetlatildi, Fotima G'aniyeva esa firibgarligi, insonlarni qaqshatgani sababli ikki marta sudlanib, ikki marta jazoga tortildi. Menga tuhmat qilgan Ma'ruf Abdullayev ham sudlandi.

Ne qilayki, ko'rguliklar tufayli amnistiyaga tushdim, aybim bo'lmasada, boshimdan ne kunlarni kechirmadim. Ammo bugun yana o'z sohamga, ishga qaytdim. Tuman Kengashi deputatligiga saylandim, hozirda viloyat hokimining qishloq xo'jalik ishlari bo'­yicha vakili bo'lib ishlayapman.

Vatan tushunchasi inson qalbiga ona suti bilan kiradi. Ota-bobolar o'giti bilan singadi. Men hamisha O'zbekiston farzandi ekanimdan faxrlanib kelganman. Haqiqat bir kun bo'lmasa bir kun qaror topishiga ishonib, kurashib yashadim.

Shu bilan birgalikda, doimiy e'tiborga molik favqulodda muhim masala borki, buni ochiq aytish kerak. Bu ham bo'lsa, har bir fuqaroning davlatdan roziligi. Prezidentimizning xalqni, odamlarni rozi qilaylik degan so'zlari zamirida har bir inson taqdiri, kelajagiga doir xayrli, ezgu ishlar mujassam ekanligini unutmasligimiz kerak ekan.

Albatta, biz bu bilan maqola qahramonini butunlay aybsiz demoqchi emasmiz. Beayb parvardigor. Hamma ham xato qiladi. Aytmoqchimizki, qahramonimiz avvalo Hajga navbat olishga pul uzatganining o'zi xato edi. Ammo shuni ham aytish kerakki, o'sha vaqtlar hatto Hajga borish uchun ham kimlarnidir oraga suqish kerak edi. Hamma joyda tanish-bilishchilik, adolatsizlik avjida edi.

Garchi ana shunday dolg'ali zamonda Muhammadjon aka Hajga boraman, deb yillab yig'gan pulini kimgadir yordam so'rab berganini oqlab bo'lmaydi. Lekin, bu ham bir ilinj deb ne kunlarni boshidan o'tkazganiga o'zingiz guvoh bo'ldingiz. Muhimi, bu inson boshidan kechirgan voqealar katta saboq. Undan xulosa chiqarish esa har kimning o'ziga bog'liq.

Suhbatdosh:

Hamid Sulaymon.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eight + 11 =