Sog'inch yo'lga chiqadi senday…

* * *

Soniya —

devorga mixlangan azob,

Tunlar —

tilsiz qolgan ahd paymonimmi?!

Behol yuragimni suyab, yelkalab —

Sug'urib olyapman vaqtning jonini…

 

Qo'rquvdan ranglari oqarar tongning,

Ko'ngil qonab tursa,

Qismat bursa lab.

Keyin-chi…

Nazdingda ishqim halolmi?

Umrim o'tib ketsa sendan yo'l tilab…

 

Qop-qora manglaydan bir dam jilolmay

Qara,

Tushlarimda turibman karaxt.

Tinmay alahsirab yo'l yurib chiqar

Tiriklay oyog'i ko'milgan daraxt…

         * * *

Zim ziyo ko'ylakda kuylab chiqar tun,

Daraxtlar ruhini uyg'otar dodi.

Tonggacha xonamda izg'iydi beun,

Hadya qilinmagan gullarning yodi.

 

Isming huv falakda yuribdi uchib,

Kamonsiz otilgan o'qday benishon.

Abr naysonlandi hajringni ichib,

Ko'ngilning tolesi besharaf, beshon.

 

Sutning yuzidagi adashgan xasday

Umrimni umringdan tashlaydi suzib.

Ammo, million yilki kimni chaqirsang,

Ismim lablaringdan chiqadi sizib.

                  * * *

Kunlar osiladi bo'ynimga,

Dardlar —

Turfa rangda kiyaman.

Yashab yuribmanu ichingda,

Ko'zlarim ko'zingdan tiyaman.

 

Qarshingda bosh egsam malolmi?

Nahotki,

shu taxlit turaman ancha?

Ko'rib beraqolgin qarzdaftaringdan

Hali to'lanmagan qarzlarim qancha?

 

Ayt,

qaysi kunimni qaytaray?

Azobim azobing ko'nglin chog'larmi?

So'nggi soniyangni ishlatib qo'ysam —

Tushun,

Umrim emas, qarzim tugaydi…

         * * *

Daraxtlar bargini to'kadi shoshib,

Mezonni urho-ur haydayapti qish.

Qushlarni olisga kuzatyapman-u

Xudoyim, boshimda qilt etmas tashvish.

 

Xazonli bog'larda tentiyman uzoq,

Yolvoraman — qalbni qoqadi nido.

Ko'nglimni anglashga kuchim yetmaydi —

O'zimni o'zimga tushuntir Xudo!

 

Qanday ko'rgilik bu —

titraydi aksim?

Ko'zingga qaramay termilaman jim.

Nihoyat yoningda turibman mana

Bo'ron qo'zg'aladi, sog'inganim kim?!

        

         * * *

Qaydan kelar bu zang qadam tovushi

Nega tun zim ziyo,

Nega osmon jim?

Tilin yutib qo'yib qaraydi dunyo

Oyni ko'targancha chopayotgan kim?

 

Baxtiyor —

Xalloslab,

Yugurib,

Shoshib —

Samoning ko'ksiga botgan poshnasi.

Bo'ynida yulduzlar shoda va shoda,

Ta'qib etayotir ishq darichasi.

 

Shamg'alat qilgancha zulmat ko'zini,

Adashib yuribdi oy

Va so'qir his.

Bilmadim, bilmadim daydir tegramda —

Ismi Sadoqat deb atalmagan qiz…

 

O'zini ishq qurgan dorlarga osar —

Gunohsiz,

uzilgan joni titraydi.

O, ko'zlari ochiq tuproqda yotar

Bevaqt bo'g'izlangan hislar to'zoni…

         * * *

Tonggacha tosh bo'ldim.

Ona…

Tosh…

Orzular — sochlari oppoq g'am.

Qahraton o'stirgan gul kabi,

Bedilman — unutgan diydam nam.

 

Men tosh bo'ldim.

Ona.

So'zsiz — tosh…

So'rog'i ko'ksiga qadalgan.

Armoni tuproqqa yonboshlab

Tushlari tog'larga qamalgan.

 

Axir men tosh bo'ldim.

Ona.

Tosh…

O, bardoshim qanday tovushda?

Sog'inch yo'lga chiqadi. Senday —

Tovonlari yirtiq kovushda.

 

Muyassar Ibrohimova

Muyassar Ibrohimova   — 1994 yili Oltinsoy tumanida tug'ilgan. O'zMUning jurnalistika fakultetini tamomlagan. She'rlari Respublika vaqtli nashrlarida chop etilgan. Yoshlar o'rtasidagi Adabiyot anjumanlari ishtirokchisi.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twelve + twelve =