Tabu

Hikoya

Choriboy qaldirg'och uyasidan nigohini olib, o'rnidan turdi-da, o'g'liga yuzlandi:

— Dashtti ishi shu, o'g'lim — dedi u toliqqan, og'riyotgan tizzalarini uqalab. — Jazirama bo'masa, bu shabadaning huzurini bandasi qaerdan his qilsin. Xudo bandalariga nima kerakligini o'zi biladi. U — buyuk donishmand.

Choriboyning o'g'li katta shoir bo'lmoqchi edi. Ota xurjunga bir to'rva chakki, patir non, tandir go'sht solib, yelkaga tashladi-da, o'g'lini olib, taniqli shoirlar eshigini taqillatib bordi.

— Mani tariximni yozasan, o'g'lim, yaxshi zamonlar keladi hali, — dedi ota bir kun ko'zlariga yosh olib. — Bobong Sibirga surgun qilindi, bolalarini boyning o'g'li deb qamadi…

— Bu ishni…

— Jim! — dedi Choriboy rangi quv uchib. — Hamma gapni gap deb gapiraverasanmi? — U yoq-bu yoqqa qarab olib gapida davom etdi ota. — Qudalar bor-a.

— Qudalar? – tevarak-atrofga alangladi Shokir.

— Qoidasi shunday, o'g'lim. Sizga nechchi marta aytaman, otini tutmang deb, — deya ota jahl bilan boshidan do'ppisini olib yerga qo'ydi-da, chordona qurib o'tirgan ko'yi, keti bilan o'g'li tomonga biroz surildi, so'ng do'ppisini yana olib boshiga kiydi.

— O'sha qudalaringizni ustida o'rtoq Sta…

— E-e, ota deng, tamom. Hali bolasiz. Undan keyin sizni bular bilan nima ishingiz bor. Undan ko'ra she'r yozing, kitobingizni chiqaring.

— Kitob bo'madi, — dedi o'g'il boshini quyi solib. — Qaytarib qo'limga tutqazishdi. She'rlarim mavhummish, tushkunmish.

— Qo'ying, o'g'lim, jahlimni chiqarmang mani. Qo'shni qishloqdagi Jabbor buvani o'g'li bilan tanishtirib qo'ydim, shu-shu yoniga qaytib bormadingiz, — Choriboy ikki ko'rsatkich barmog'ini og'ziga tiqib, ikki tomonga jirib tortdi-da, jahl bilan gapini davom ettirdi: — Manqa, dedingiz, jirriq dedingiz. Manqa bo'lsayam yuribdi-ku qo'sha-qo'sha ordenlardi taqib. Sizni kim taniydi, kim biladi? Odam degan qo'tir echkidek bo'lishi kerak. Birini tog'a, birini aka deb ketavermaysizmi? Voh, o'g'lim bo'lsangizam, manga o'xshamagansiz-da…

Ota ichini kemirayotgan barcha gaplarini mavridi kelganidan bo'lsa kerak, birdan to'kib solayotgandi. O'g'il o'z qarashini otasiga anglatmoqchi bo'ldi:

— Ota, men bularni shon-shuhrat uchun emas, o'zim uchun, o'zimni ang­lash…

— E, yig'ishtiring safsatangizni! Bo'ladigan gapni gapiringda, o'g'lim! — Choriboy o'g'lining gapini yarmidan bo'ldi-da, tandirxona tomonga qarab qichqirdi. — O'v, Jo'ra! Choying qaynamasga ketdimi, obke tezroq!

Birpasda tandirxona tomondan yuzlari qizarib, bo'yinlaridan chakillab ter tomchilayotgan, ustiga eski, yamoq to'n ilib olgan xotini zipillab keldi-da, qo'lidagi tagi tutundan qoraygan temir choynakni dasturxonga do'q etib qo'ygach, boshiga o'ragan gulobi ro'molining bir uchi bilan yuz-bo'ynini artdi. So'ng norozi ohangda javrandi:

— Hanifa, nonim pushtlab ketdi. Shuni Shokirga aytsangizam obkeladi-ku, yosh narsa!

— San ayt, Jo'ra, o'g'lingga tushuntirolmayapman. Xudorahmati otam otsiz, derdi, beshbo'g'in derdi. – Choriboy “uf” tortdi-da, ikki qo'lini tizzasiga tirab qaddini ko'tardi. — Bu la'nati otsiz tug'ilgunchayam onasining ichak-chavoqlarini yeb bitirib, keyin qornini yorib chiqarkan…

— Ha-a, chayonmi? — dedi xotin tandirxona tomon xavotir aralash qarab olarkan.

— Tur-e! Man nima deymanu…

Ayol “E-e!” deb qo'lini siltadi-da, tandirxona tomon yana zipillab jo'nadi. Peshayvonda kuygan paxtalikning achchiq hidi qoldi.

Choriboy yana yostiqqa yonboshladi-da, qanotlarini yig'ib joylashib olgan qaldirg'och iniga tikildi. Ona qaldirg'ochning faqat boshi ko'rinib turardi. Quyosh qizarib, botay deb qolgan. Dasturxonda turgan ovqatga qo'l ham urilmagan. Piyolada sovub qolgan choy za'faron tusga kirgan, xuddi shafaq o'z nurlari bilan piyolani to'ldirganu, Choriboy piyolaga suzilgan shafaqdan bir-bir ho'plab so'ng joyiga qo'ygandek.

Kutilmaganda qaldirg'och bezovtalanib, in atrofida parvona bo'la boshladi. Choriboy esa ko'zlarini qaldirg'och iniga tikkancha uzoq xayolga cho'mib, og'ir xo'rsinib qo'ydi. Shu payt Shokir baqirib yubordi:

— Ota, ilon!

Choriboy sapchib o'rnidan turdi.

— Qani?! – dedi atrofga olazarak qarab.

— Ana, ana! Shiftda! — dedi Shokir bolorlar orasida o'ralashayotgan bilakdek keladigan oppoq ilonni ko'rsatib.

— Arg'amchi desang-chi! — kuldi Choriboy. So'ng mahzun tortdi-yu, ustunga suyanib o'tirgan ko'yi davom etdi:

— Shu zamonda pulning o'zi yo'g'u shiftda boylik o'ralashib yurganini qara.

Ilon g'oyib bo'ldi. Uyasini tark etgan qaldirg'och esa Choriboyning boshi ustidan g'ujurlab aylanardi.

Tabu — ibtidoiy davrlarda odamlar qo'rquv   uyg'otadigan sehrli va zararli yovuz kuchlar — jin, arvohlar, ofatli kasallik va yirtqich hayvonlardan saqlanish uchun ularning nomini tilga olmaslik kerak, deb hisoblashgan.

Habib Abdunazar

Habib Abdunazar — (Abdiyev) 1968 yil Muzrabot tumanida tug'ilgan. ToshDU(hozirgi O'zMU)ning jurnalistika fakultetini tamomlagan (1993). «Manzara» (1995), «Anjir guli» (1999), «Gullarni qo'msagan og'och» (2007) kabi she'riy to'plamlari nashr etilgan. O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

nine − one =