Ko'zimga puflaysan bir hovuch tongni

* * *

Bu ranglar ortida osmon bor,

Zamin bor — xoslarga oiddir.

Tomon yo'q, aylana — olmazor,

Urf emas hech qanday qoida.

Bu ranglar ortida dengiz bor,

Sohil yo'q.

To'lqinlar tushlarday

Ko'zingga urilar, urilar

Tuyg'ular — baliqchi qushlardir.

Bir yo'l bor — nafasdan nafis yo'l,

Ayrilmas, bo'linmas turlarga.

Yursang — gul, yig'lasang, kulsang — gul,

Balandroq yashaysan hurlardan.

Bu ranglar ortida tog'lar bor,

Qo'rquv yo'q, hadik yo'q, o'lim yo'q.

Afsona uch boshli ajdaho,

Odamlar afsona — zulm yo'q.

Bu ranglar ortida hislar bor …

U ranglar ortidan sarg'arib

Yashayman xoshiya ichida

Oq-qora suratlar singari.

Bu ranglar ortida qushlar bor,

Tug'ilar, kuylar-u sovrilar.

Bu tog'lar ortida tushlar bor –

Ko'zimda tunaydi qumrilar.

Bu ranglar ortida ranglar bor,

Ko'ngil bor shu ranglarni yengsam.

Bu ranglardan o'tsam — olmazor,

Bu ranglardan u yog'i Sensan!

        * * *

Yumalab yumalab xiralashdi moh.

Safsargul bandiga singib ketdi tun.

Chumchuqlar ko'zida uyg'ondi saboh.

Kun yo'lga otlandi

Quyosh — tilla tugun.

(Men — Kunman)

Havoni tirnadi turna ovozi.

Daraxtlar anhorga tashladi qarmoq.

Ayol yuragining chigilin yozib,

Tushlarini suvga qildi oqizoq.

(Tush — bu men!)

Teraklar chayqaldi — tasavvur to'zdi,

Elkamda yelkanday o'sdi bol-u par.

Qarshimda uch yo'l bor,

biri biridan ozg'in:

Borsa xatar.

(Men qushga do'ndim)

……………

Tugun g'oyib bo'ldi,

Tush esa ijobat.

Engdim ertaklarning sehrli kuchin.

Men ko'kka oshiqman,

Men ko'kka oshiqdim —

Jonim, qovurg'angning ostiga uchdim.

(Axir sen Erksan!)

        * * *

Ko'chalar gul isi bilan to'lgandir,

Ko'chalar qutulgan iztiroblardan.

Ko'chalarda…

shovqin o'lgandir,

Ranglar ulg'ayadi sokin bog'larda.

Hadik yo'q.

Nigohlar etmaydi ta'qib.

Odamlar oyogi tingan yo'lakda

Goh botartib, goho betartib,

Yomg'ir o'ynar shaffof ko'ylakda.

Shamol — o'smir, shamol — betizgin,

Istasa soatlab, kunlab, haftalab,

Yo'llarda cho'zilib yotishi mumkin,

Halaqit bermaydi endi avtolar.

Gul o'sar, nur o'sar istaganicha:

Havoda kezadi turfa tovushlar.

Eshitib o'tirar munavvar kecha

Suvlarning o'mbaloq oshishin.

Nedir bo'lmaganday,

Nedir bo'lganday:

Bizlar yashayapmiz berkinib…

Ko'chalar gul isi bilan to'lgandir,

Unutgan odamlar mavjudligini.

        * * *

Ko'zimga puflaysan bir hovuch tongni,

Uyg'onib ketadi noparmon tushlar.

Deraza pardasi silkinar xushhol —

Sayrashni boshlaydi chizilgan qushlar.

(Qara, dudoqlarim yashil…)

Shoshilib varaqlar o'zini taqvim,

Xonaga yoyilar tanish lahzalar.

Alhazar…

taqvimda bugun yo'q!

va ortga qaytaman

(go'zal manzara).

(Qara, titroqlarim yashil…)

Ko'zimga kiradi tushlar aylanib…

Xirgoyi qilasan men sevgan kuyni.

Uyquga ketaman,

biroq sezmaysan…

Stolda to'zg'iydi nastarin bo'yi.

(Qara, gunohlarim yashil…)

         * * *

Pardani tushirma

Kattaroq ochib qo'y derazalarni

Osmon oqib kirsin xonaga

Ta'bimni tirnaydi devorning rangi

Osmon esa moviy

Tuyg'udek turlanib bulutlar kirsin

Qushlar xalqumida ohanglar…

Derazani lang och

Yo'l ochib-yo'l ochib dengizlar kelsin

To'lqinlar bosh ursin tizzalarimga

Baliqlarni sezsin barmoqlarim

Devorlarni unut

Taqvimlarni yirt

Yillar

Oylar

Haftalar

Qizil kunlarga tupur

Aralashtirib yubor kunlarni

Vaqt tumandek singib ketsin yo'qlikka

(Vaqt — o'limga tomon yo'l)

Ildizin qo'porib gullar kelsinlar

Olam ilg'amagan bo'ylarni his et

Quyoshga izn ber

Oyga izn ber

Ko'nglimni yoritmas sun'iy chiroqlar

Xonani hayratlar bilan to'ldir

Men bilan to'ldir

Qattiqroq yop derazalarni

Pardalarni tushir sevgilim.

Bashorat Otajonova

Bashorat Otajonova — Buvayda tumanida tug'ilgan. O'zbekiston davlat Jahon tillari universitetining xalqaro jurnalistika fakultetida tahsil olgan. Ayni paytda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat O'zbek tili va adabiyoti universiteti magistranti. «Birinchi kitobim» ruknida «Kumush yog'dular» nomli kitobi chop etilgan. O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 × five =