Mahorat egalari bor bo'lsin!

Uch yil avval Innovatsion rivojlanish vazirligining jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo'limi boshlig'i vazifasiga ta­yinlandim. Bu mening davlat idorasining axborot xizmatidagi birinchi tajribam edi.

Men shu paytgacha OAV va axborot xizmatlari o'rtasidagi “barrikada”ning bu tomonida ishlagandim. Ya'ni, menga OAV bir tomon, vazirliklar ikkinchi bir taraf bo'lib tuyulardi-da. Biror mavzuda maqola tayyorlash kerak bo'lsa, idoralarning matbuot ko­tiblariga murojaat qilardik, ulardan aksari hollarda “Yozma murojaat qiling, tegishli tartibda javob beriladi” deganga o'xshash o'ta rasmiy javob olishimiz tabiiy hol edi. Javob bo'lganda ham ko'p kuttirilardi. Unda ham yo'llagan savolimizga javoblar biror qonun, qaror, farmondan so'zma-so'z ko'chirilgan matndan iborat bo'lardi. Axir bu qarorni o'zimiz ham tegishli manbadan ko'chirib olishimiz mumkinligini nahotki ular bilishmasa?

Bizga mutaxassis javobi kerakligini nahot ang­lashmasa, degan tuganmas savollar bilan hafsalamiz pir bo'lib o'tiraverardik. Bu, albatta, matbuot kotiblarining uquvsiz, ishyoqmas ekanligidan emas, balki umuman olganda OAVning va davlat tashkilotlarining yopiqligidan kelib chiqqan holat edi. Axir uch-to'rt yil avval xalqimiz na biror vazirni, na biror hokimni “tanirdi”. Hatto, jurnalist bo'lib turib o'zimiz ham vazirlar, ularning o'rinbosarlari, hokimlar, agentliklar direktorlari bilan uchrashishimiz amri mahol edi. Press-konferensiya va brifing degan narsalar xorijdagina bo'ladigan ajoyib tadbirlardek tuyulardi. Press-tur kabi zamonaviy axborot almashinuv tadbirlarini esa yurtimizda, asosan, xalqaro tashkilotlar o'tkazardi…

Bugun Innovatsion rivojlanish vazirligining axborot xizmati innovatorlar, ixtirochilar, startapchilar, tadqiqotchilar, olimlarning amalga oshirayotgan ishlarini xalqqa namoyon etishga harakat qilmoqda. Ular xoh poytaxtda, xoh xorijda, xoh viloyatlarimizda bo'lsin, xalqimiz ichidan chiqqan   aql mash'allaridir. Axborot xizmatidagi fao­liyatim davomida men uchratgan salbiy holatlardan biri bu ijtimoiy tarmoqlarda ayrim kimsalarning yutuqlarimizga ishonchsizlik, ta'bir joiz bo'lsa, ichiqoralik bilan qarash holatlaridir.

Shunda, Gruziya va Armanistonda mashhur usta sartarosh yoki etikdo'zni “kasbining akademigi bu!” deb tanishtirishlari-yu o'zimizda akademikni so'rashca, “ey, qanaqa akademik, oddiy muallim” deb yerga urilishi haqidagi latifa yodimga tushadi. Stenford universitetining birinchi o'zbek olimasi desak, “u professor emas ekan”, “O'zbekistonda koronavirusga qarshi dori preparati yaratildi”, deyilsa, “hech kimda yo'q dorini bizni olimlar qaerdan ishlab chiqara qolishibdi”, “COVID-19 virusini aniqlovchi test tizimi foydalanishga tayyor” deyilsa, “bo'lishi mumkinmas”, o'pkani sun'iy shamollatish apparati ishlab chiqaradigan zavod qurilayapti degan xabarga   yana ishonchsizligu, yana shubhalar, ayrim hollarda haqoratlash-u, bemaza gaplar…

Shubhasiz, bunday betayin luqmalarni haqiqiy professional jurnalistlar aytmaydi. O'zini turfa nomda atab, ijtimoiy tarmoqlarda har xil chuchmal so'zlarni ko'paytiruvchilarning OAVlarga aloqasi yo'q deb o'ylayman.

O'z so'zi, fikri uyg'oq bo'lgan barcha hamkasblarimizga bugungi bayram muborak bo'lsin!

Nazokat Abduqunduzova,

Innovatsion rivojlanish vazirligi

Matbuot kotibi.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

14 − six =